LIGO va Virgo rasadxonalarida ish olib borayotgan fiziklarning xabar berishicha, gravitatsiya to‘lqinlarining yangi manbasi aniqlangan. Unda neytron yulduzning o‘ziga qo‘shni bo‘lgan qora tuynukka qulashi natijasidan gravitatsion mavjlanish sodir bo‘lgani aytilmoqda. Bu – olimlar tomonidan kuzatilgan gravitatsiya to‘lqinlarining yangi bir ehtimoliy manbasi bo‘lib, bungacha gravitatsion to‘lqinlar ikkita qora tuynuklarning o‘zaro to‘qnashuvi va birlashib ketishidan yoki ikkita neytron yulduzning to‘qnashuvidan hosil bo‘lgani aniqlangan edi. Endilikda esa astrofiziklar birinchi marta qo‘shaloq tizim – neytron yulduz va qora tuynukning to‘qnashuvi hosil qilgan fazo-vaqt mavjlanishi qayd qilgan.

Foto: Google Photos

Aytish joizki, 2019-yil aprel oyida olimlar neytron yulduzning qora tuynukka qulashidan hosil bo‘lgani taxmin qilingan kuchsiz signalni qayd qilgan edi; biroq buni qat’iy dalillashning iloji bo‘lmayotgandi. Ma’lum qilinishicha, olingan yangi natijalar yetarlicha ishonchli bo‘lib, endi neytron yulduz va qora tuynuk to‘qnashuvidan yuzaga kelgan mavjlanishga shubha qilmasa ham bo‘ladi.

Kuzatuvlarda ishtirok etgan olimlar qayd etilgan gravitatsiya to‘lqini bizdan 900 million yorug‘lik yili masofada joylashgan neytron yulduzning o‘ziga yaqin bo‘lgan qora tuynukka borib qulashidan hosil bo‘lgan va jarayonni ular osmonning 23 kvadrat gradus bilan chegaralangan qismidan qayd etgan. Bu juda katta miqyos bo‘lib, taqqoslash uchun aytadigan bo‘lsak, masalan Oy Yerdagi kuzatuvchiga nisbatan osmonning faqat 0,2 kvadrat gradus qismini egallaydi. Agar astronomlar mazkur 23 kvadrat gradus osmon qismidan shu hodisaga aloqador chaqnashlarni va yoki nurlanishlarni qayd etsa, bu kashfiyot haq ekanini yanada tasdiqlaydigan faktga aylanadi.

Olimlar shu va shu kabi qo‘shaloq tizimlar to‘qnashuvidan hosil bo‘lgan gravitatsion mavjlanishlarni kuzatish orqali Xabbl doimiysining aniq qiymatini belgilash hamda Koinotning kengayish tezlanishini, shuningdek, mavhum energiya (qora energiya) tabiatini yanada chuqurroq o‘rganishni maqsad qilgan.

Muzaffar Qosimov