O‘zbekistonning Rostov-Don shahridagi (Rossiya) Bosh konsulxonasiga 2019-yilning 5-avgust kuni Krasnodar o‘lkasining Temryuk tumanida yo‘l-transport hodisasi natijasida 6 nafar O‘zbekiston fuqarosi jabrlangani to‘g‘risida rasmiy xabar kelib tushdi, deb xabar beradi TIV matbuot xizmati.

Foto: Freepik

YTH oqibatida ikki kishi vafot etgan, ulardan birining shaxsi aniqlanmoqda. Jarohatlangan O‘zbekiston fuqarolari kasalxonaga joylashtirildi.

Bosh konsulxona tomonidan mazkur vaziyat nazoratga olinib, konsullik-huquqiy va tashkiliy masalalarini hal qilishda yordam ko‘rsatish uchun huquqni muhofaza qilish organlari va tibbiyot muassasalari bilan doimiy aloqa o‘rnatilgan.

“Konsullik-huquqiy departament marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik izhor etadi hamda Rossiyaning Shimoliy Kavkaz federal okrugi (Dog‘iston Respublikasi, Ingushiya Respublikasi, Kabarda-Balkariya Respublikasi, Qorachoy Cherkasiya Respublikasi, Stavropol o‘lkasi, Checheniston Respublikasi, Shimoliy Osetiya Respublikasi) va Janubiy federal okrugi (Adigeya Respublikasi, Astraxan viloyati, Qalmoq Respublikasi, Krasnodar o‘lkasi, Volgograd viloyati, Rostov viloyati) hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga ular zarurat tug‘ilgan holatlarda Rostov-Don shahridagi mamlakatimiz Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tadi: +7-863-285-50-57”, — deyiladi xabarda.