GKChP (“Gosudarstvenniy komitet po chrezvichaynomu polojeniyu”, o‘zbekchasi – FVDQ yoki “Favqulodda vaziyat bo‘yicha davlat qo‘mitasi”) – bundan roppa-rosa 28 yil avval, bor-yo‘g‘i uch kun davlat to‘ntarishi ortidan SSSRda hukmron bo‘lgan qo‘mita nomi. Qisqa muddat yashagan bu tuzilma SSSR hamda uning tarkibiga kiruvchi davlatlar, umuman dunyo tarixida muhim rol o‘ynadi. Bu haqda “Daryo” kolumnisti G‘ayrat Yo‘ldosh hikoya qiladi.

Foto: “TASS”

1991-yil 19-avgust. Sovet Ittifoqining barcha burchaklarida televideniye va radio orqali xabar berildi: “Prezident Mixail Gorbachyov sog‘lig‘i yomonlashgani uchun mamlakatni ortiq boshqara olmaydi. U boshlagan islohotlarning aksariyati boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. Shu sababli mamlakat boshqaruvini sakkiz kishidan iborat Favqulodda vaziyat davlat qo‘mitasi o‘z qo‘liga oladi. Olti oy davomida mamlakatga yangi rahbar saylanadi”. Bu xabarni eshitgan odamlar biroz xavotirga tushdi. “Gorbachyovga nima bo‘lgan ekan-a?!” degan o‘y ko‘pchilikning xayolidan o‘tdi. Mamlakat ahli hali Stalin vafot etganda “sog‘lig‘i yomonlashdi” deb ma’lumot tarqatib o‘zaro taxt talashishganini, Xrushchyov Brejnev tomonidan “sog‘lig‘i yomonlashgani tufayli ishdan bo‘shash haqida ariza yozdi” degan bahona bilan taxtdan ketkazilganini unutgani yo‘q edi. Qolaversa, bunday “ssenariy” ittifoqdosh respublikalarning har birida necha martalab qo‘llangandi. Odamlarning xavotirlari bejiz emasligi uch kun ichida oydinlashdi. Favqulodda vaziyat davlat qo‘mitasiga ham mamlakatni olti oy boshqarish nasib etmadi. Hammasi uch kunda tugadi.

* * *

1985-yil 11-mart sanasida SSSR “taxti”ga o‘tirib, Sovet Ittifoqi kommunistik partiyasining birinchi kotibi lavozimini olgan Mixail Sergeyevich Gorbachyov sal o‘tmay mamlakatda “qayta qurish” nomi ostida yangi islohotlar boshlanganini ma’lum qildi. Oldiniga islohotlar oldinga siljishi biroz sustroq bo‘ldi. Axir Stalin vafotidan keyin 30 yildan oshiq vaqt bir xil tartibda ishlab kelgan amaldorlarni o‘zgartirish juda qiyin edi. Ammo 1986-yildan boshlab mamlakatdagi aksariyat tartiblar o‘zgardi. Birinchi navbatda, Gorbachyov KPSSning 1986-yilning fevral oyida bo‘lib o‘tgan XXVII syezdida Afg‘onistondagi behuda urushni to‘xtatish va qo‘shinlarni bosqichma-bosqich bu mamlakatdan olib chiqish haqida gapirdi. Oktabr oyida ilk olti polk Afg‘onistondan olib chiqildi. Shuningdek, Gorbachyov mamlakatda kommunistik partiya gegemonligiga chek qo‘yadigan qaror qabul qildi va boshqa partiyalar tuzishga ham ruxsat berildi. Shuningdek, diniy sohada ham katta o‘zgarishlar bo‘ldi va mamlakatda 1991-yilgacha turli konfessiyalarga tegishli ibodatxonalar qayta ochildi, yangilari qurildi. So‘z erkinligi masalasida juda katta oldinga siljishlar kuzatildi.

Eng muhimi, mahalliy xalqlarda milliy o‘zlikni anglash, shu jumladan, mustaqillikka intilish harakatlari boshlandi. 1987–1988-yillardan boshlab Boltiqbo‘yi davlatlari 1940-yilda SSSR ularni zo‘rlik bilan bosib olgani, shu tufayli endi ular SSSR tarkibidan chiqib, mustaqil bo‘lishi haqida turli chiqishlar qila boshladi.

1990-yilga kelib bir paytlar ikkinchi qutb sifatida dunyoni titratgan SSSRning tarqab ketish ehtimoli ancha oydinlashdi. Bu paytga kelib Boltiqbo‘yi davlatlari SSSR boshqaruvi ostidan chiqqanini bir tomonlama e’lon qilib, o‘zini boshqarish yo‘liga o‘tgan edi. Shuningdek, 1990-yilga kelib bir paytlar sotsialistik tizimning muhim bo‘laklari sifatida SSSRning qanoti ostida unga suyanchiq bo‘lgan Sharqiy Yevropa davlatlari – Polsha, Bolgariya, Vengriya, Ruminiya, Yugoslaviya, Chexoslovakiya, Albaniya kabi mamlakatlar sotsialistik boshqaruv usulidan voz kechib, G‘arbiy Yevropa tomon yuz burdi. Ularda mamlakatni boshqarib turgan rahbarlarning ayrimlari bu ishlarga o‘zi boshchilik qilgan bo‘lsa, ayrim qarshilik qilganlari xalq tomonidan ag‘darib tashlandi.

Foto: “TASS”

Buning ortidan sotsialistik tuzumlarning harbiy bo‘linmalarini birlashtirgan va bir paytlar NATOga qarshi kuch o‘laroq tashkil etilgan Varshava shartnomasi tashkiloti (VShT, ruscha OVD) ham 1991-yil 1-iyul sanasida tarqab ketdi. Bungacha esa Sharqiy Yevropadagi sobiq sotsialistik mamlakatlarda SSSR harbiy bazalarini faoliyat yuritishiga qarshi ko‘plab namoyishlar ham bo‘lib o‘tdi va buning natijasida SSSR Sharqiy Yevropadagi bir qator mamlakatlardagi harbiy bazalarini yopib, ularda faoliyat yuritgan qo‘shinlarini SSSRga qaytargan edi.

SSSRning Yevropa markazidagi muhim tayanch nuqtasi – Germaniya demokratik respublikasi 1990-yil 3-oktabrda yilda Germaniya federativ respublikasiga qo‘shildi va Germaniya birlashdi. SSSR esa Yevropa markazidagi muhim tayanch nuqtasidan ayrildi. SSSR aholisi bu voqealarni sinchkovlik kuzatardi; shuning ortidan SSSRda yashovchi turli millatlar, ittifoqdosh respublikalarda mustaqillik uchun harakatlar kuchayib boraverdi. Shu yo‘lda 1990-yilda ittifoqdosh respublikalarning aksariyati mustaqillik deklaratsiyalarini qabul qildi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Mustaqillik deklaratsiyasini 1990-yil 20-iyunda qabul qilgan.

Mustaqillik deklaratsiyasining birin-ketin qabul qilinishi ittifoqdosh respublikalarning mustaqillik yo‘lida qo‘ygan ilk muhim qadamlari edi.

1991-yilga o‘tib esa mustaqillik uchun harakatlar biroz jonlandi.

O‘sha paytda SSSR rahbari sifatida ishlab kelayotgan Gorbachyov 1988–1989-yillarda ham, 1990–1991-yillarda ham mamlakatning turli hududlarida ro‘y berayotgan voqea-hodisalarga birmuncha xotirjam qaradi. Ayniqsa 1990–1991-yillarda SSSRning turli hududlarida mustaqillik uchun qilinayotgan harakatlarga ham ancha bosiq munosabatda bo‘ldi.

Ammo Moskvada o‘tirgan SSSRning bir necha yuqori martabali shaxslariga ro‘y berayotgan hodisalar ma’qul kelmadi va ular Gorbachyovni munosabat bildirishda ko‘ngilchanlik qilayotganlikda aybladi.

1991-yil 17-mart kuni SSSRda umumxalq referendumi o‘tkazildi. Unda qatnashgan aholining 77,85 foizi SSSRni saqlab qolishni yoqlab ovoz berdi. Gorbachyov SSSRni tarqatish va uning o‘rniga Mustaqil davlatlar konfederatsiyasini tuzish rejasini e’lon qildi. Rejaga ko‘ra, 20-avgust kuni ittifoqdosh respublikalar rahbarlari Mustaqil davlatlar konfederatsiyasi bitimini imzolashlari kerak edi. Bu reja SSSRni saqlab qolish tarafdorlari bo‘lgan ko‘pgina rahbarlarga yoqmadi.

Foto: “TASS”

1991-yilning 4-avgust kuni Gorbachyov dam olish uchun Qrimdagi hukumatga tegishli Foros dam olish rezindensiyasiga jo‘nab ketdi. 16-avgust kuni Gorbachyov Forosdan turib 20-avgust kuni ta’tildan qaytishi va ittifoqdosh respublikalar bilan Mustaqil davlatlar konfederatsiyasi shartnomasini imzolashini ma’lum qildi.

1991-yil 18-avgustdan 19-avgustga o‘tar kechasi SSSR prezidenti Gorbachyovning mamlakatda olib borayotgan ichki va tashqi siyosatidan norozi bo‘lgan bir guruh rahbarlar uning SSSRni tarqatib yuborib, o‘rniga konfederatsiya tuzishiga qarshi chiqib, SSSRda davlat to‘ntarishi uyushtirdi hamda Gorbachyovni Forosdagi dala hovlisida dam olayotgan joyida nazoratga olib, unga rejasini bekor qilish talabini qo‘ydi.

Ammo Gorbachyov bu talabga ko‘nmadi. Shundan so‘ng ular Gorbachyovni dala hovlidan chiqa olmaydigan qilib nazoratga oldi. Ular Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha davlat qo‘mitasi tuzilganini va mamlakatni vaqtincha shu qo‘mita boshqarishi haqida televideniye va radio orqali e’lon qildi.

Ular davlat to‘ntarishini sodir etishidan asosiy maqsad SSSRni saqlab qolish edi. Ular Gorbachyov 1991-yil 20-avgust kuni SSSRni tarqatib yuborsa, egallab turgan mansablaridan ayrilishi aniqligini yaxshi bilar edi. Shu uchun ham ular bu rejaga mutlaqo qarshi edi.

Ular mamlakat boshqaruvini qo‘lga olar ekan, davlat to‘ntarishi uyushtirilgani haqida umuman gap bo‘lmadi. Faqat Gorbachyov oxirgi paytlar SSSRni boshqarish layoqatini yo‘qotgani, shu tufayli mamlakat taqdiri jar yoqasiga kelib qolgani, Gorbachyov oxirgi kunlarda sog‘ligi yomonlashgani tufayli iste’fo bergani va davolanayotgani, shu sababli mamlakatni yangi rahbar tayinlanguncha qo‘mita boshqarib turishi haqida uzundan-uzoq murojaatnomani o‘qib berdi.

Favqulodda vaziyatlar davlat qo‘mitasi tarkibida SSSR vitse-prezidenti Gennadiy Yanayev, bosh vaziri Valentin Pavlov, ichki ishlar vaziri Boris Pugo, mudofaa vaziri Dmitriy Yazov, davlat xavfsizlik qo‘mitasi (KGB) rahbari Vladimir Kryuchkov, mudofaa vazirining 1-o‘rinbosari Oleg Baklanov, dehqonlar ittifoqi raisi Vasiliy Starodubsev, qurilish, transport, aloqa va davlat korxonalari va obyektlari assotsiatsiyasi prezidenti Aleksandr Tizyakovlar bor edi.

Kadr: YouTube

Shuningdek, ularni mudofaa vaziri o‘rinbosari, quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondoni Valentin Varennikov, prezident apparati rahbari Valeriy Boldin, KPSS MQ kotibi, siyosiy byuro a’zosi Oleg Shenin, SSSR prezidentini qo‘riqlash xizmati boshlig‘i Vyacheslav Generalov, KGB DXQ qo‘riqlash xizmati boshlig‘i Yuriy Plexanov, Oliy Kengash raisi Anatoliy Lukyanov va yana bir qator yuqori martabali amaldorlar qo‘llab-quvvatladi.

Favqulodda vaziyatlar davlat qo‘mitasini DXQning “Alfa” guruhi, mudofaa vazirligining Dzerjinskiy, harbiy desant qo‘shinlarining Tula diviziyasi, Taman motoo‘qchi diviziyasi va Kantemir diviziyalari faol qo‘llab-quvvatladi.

Shuningdek, davlat teleradiokompaniyasi ham FVDQ ixtiyoriga o‘tdi.

Qo‘mita rahbari SSSR vitse-prezidenti Gennadiy Yanayev bo‘ldi.

1991-yil 19-avgustda “Gorbachyovning sog‘ligi yomonlashgani tufayli mamlakat konstitutsiyasining 127,7-moddasigiga ko‘ra Favqulodda vaziyatlar davlat qo‘mitasi mamlakat boshqaruvini o‘z qo‘liga olganini” e’lon qilgan FVDQ mamlakatning ayrim hududlarida favqulodda vaziyat joriy etilganini e’lon qildi.

FVDQ mamlakatda kommunistik partiyadan boshqa partiyalar faoliyatini taqiqladi. Mitinglar uyushtirish, namoyish o‘tkazib ko‘chalarga chiqishlarga ham chek qo‘ydi.

Yana bir qarorga ko‘ra esa “Trud”, “Rabochaya tribuna”, “Izvestiya”, “Pravda”, “Krasnaya zvezda”, “Sovetskaya Rossiya”, “Moskovskaya pravda”, “Leninskoye znamya”, “Selskaya jizn” gazeta va jurnallaridan boshqa har qanday gazeta-jurnallarni chop etish taqiqlandi.

Bu payt Gorbachyov Forosda tashqi dunyodan uzilgan holda nazorat qilindi.

1991-yil 19-avgustda armiya bo‘linmalari va harbiy texnika Moskva shahridagi barcha shohko‘chalarni nazoratga oldi. Ayniqsa Kremlga keladigan yo‘llar qattiq nazorat qilindi.

Moskva shahriga 4 mingdan ortiq harbiy xizmatchi, 362 tank 427  zirhli transportyor va BMP olib kirilgan edi.

Leningrad, Tallin, Tbilisi, Riga shaharlari atrofiga qo‘shimcha harbiylar jalb qilindi.

Foto: “TASS”

Turli shaharlarda harbiy bo‘linma va texnikalarning kiritilishi Moskva va yana bir qancha shaharlarda ommaviy namoyishlar boshlanib ketishiga sabab bo‘ldi. Odamlar SSSRning yirik shaharlari – Leningrad, Kiyev, Minsk va boshqalarda FVDQga qarshi namoyishlarga chiqdi.

FVDQ Gorbachyovni Qrimdagi dala hovliga qamab qo‘yib, mamlakat boshqaruviga egalik qilishni boshlashi o‘sha paytda aksariyat sog‘lom fikrli kishilarga yoqmadi. FVDQ a’zolari bayonotlarida “Gorbachyovning sog‘ligi yomonlashgani uchun” deygani bilan ko‘pchilik davlat to‘ntarishi bo‘lganini bilib bo‘lgan edi.

O‘sha holatda FVDQga qarshi eng asosiy kuch sifatida o‘rtaga RSFSR rahbari Boris Yelsin hamda uning boshchiligidagi RSFSR rahbariyati chiqdi. Yelsin ketma-ket ikkita farmon e’lon qildi. Ularda FVDQning mamlakatga vaqtinchalik rahbarlik qilayotgani noqonuniy ekani, ular xalqni aldayotgani, aslida esa SSSRda davlat to‘ntarishini amalga oshirgani, RSFSR rahbari FVDQning hech qanday qaror va buyruqlariga bo‘ysunmasligini, mamlakatning haqiqiy rahbari Gorbachyovni o‘z qonuniy o‘rniga qaytarish haqida yozilgan edi.

Foto: “TASS”

Shundan so‘ng RSFSR Oliy Kengashi joylashgan bino (keyinchalik u “Oq uy”deb ataldi) FVDQga qarshi kurash markazi bo‘ldi va davlat to‘ntarishiga qarshi bo‘lgan minglab moskvaliklar namoyish o‘tkazish uchun shu bino oldiga to‘plandi.

Bino atrofiga Taman diviziyasining askarlari kelib joylashdi.

Boris Yelsin Taman diviziyasiga qarashli tanklardan birining ro‘parasiga chiqib o‘zining “Rossiya fuqarolariga murojaat”ini o‘qib berdi. U murojaatida FVDQ mamlakat konstitutsiyasini qo‘pol ravishda buzib, mamlakatda davlat to‘ntarishi uyushtirganini, har bir fuqaro FVDQning noqonuniy ishiga o‘z munosabatini bildirishi lozimligi haqida gapirdi.

Murojaat ostiga RSFSR prezidenti Boris Yelsin, Vazirlar Kengashi raisi Ivan Silayev, Oliy Kengash raisi Ruslan Xasbulatovlar imzo chekkan edi.

19-avgust kuni kechki payt FVDQ a’zolari matbuot anjumani o‘tkazdi. Unda SSSR bosh vaziri Valentin Pavlov ham qatnashdi.

OAV xodimlari bergan turli-tuman savollar oldida FVDQ boshlig‘i Yanayev ancha asabiylashdi. Buni hatto matbuot anjumanini televizordan ko‘rgan tomoshabinlar ham sezdi.

20-avgust kuni Moskvada FVDQga charshi katta namoyish boshlanib ketdi. FVDQ Moskvada komendantlik soatini joriy etdi.

Oq uy atrofida binoni FVDQ buyruqlariga bo‘ysunib harakatlanayotgan harbiylardan himoya qilish uchun qurol ko‘targan ko‘ngillilar paydo bo‘ldi.

Foto: “TASS”

Uch kun ichida ma’lum bo‘ldiki, FVDQning davlat to‘ntarishini fuqarolar mutlaqo qo‘llab-quvvatlamadi. Moskvada joylashgan harbiylar Yelsin boshchiligidagi demokratik kuchlar tarafiga o‘tganini e’lon qildi. 21-avgust kuni Moskvadan harbiy qo‘shinlar va texnikani olib chiqish boshlandi.

O‘sha kuni soat 11:30 da RSFSR Oliy Kengashining navbatdan tashqari favqulodda sessiyasi ish boshladi. Sessiyada deputatlar RSFSR bosh vaziri Ivan Silayev va vitse-prezident Aleksandr Rutskoyga Qrimga borib, Gorbachyovni ozod qilib Moskvaga olib kelish topshirig‘ini qo‘ydi.

22-avgust kuni Tu-134 samolyotida Rossiya hukumati rahbarlari Gorbachyovni oilasi bilan birga eson-omon Moskvaga olib keldi.

Foto: “TASS”

FVDQ barcha a’zolari qo‘lga olindi. Ularga RSFSR Jinoyat kodeksining 64-moddasiga ko‘ra vatanga xiyonat aybi qo‘yildi. Qama-qamalar boshlanganda davlat to‘ntarishi qatnashchilaridan biri bo‘lmish SSSR ichki ishlar vaziri Boris Pugo o‘z joniga qasd qildi.

Qamoqqa olinganlar orasida SSSR Oliy Soveti raisi Lukyanov ham bor edi.

Tergov boshlanib ketdi. Oradan biroz o‘tib, FVDQ uyushtirganlar turli muddatlarga qamoq jazosi olishdi.

1994-yil 23-fevralda Rossiya Davlat Dumasi tomonidan e’lon qilingan amnistiyaga ko‘ra FVDQ a’zolarining hammasi afv etildi, qamoqda saqlanayotganlari qamoqdan ozod qilindi.

* * *

SSSR aholisi uch kun tahlikada yashadi. Ayniqsa harbiylar tomonidan o‘rab olingan Moskva shahrida vaziyat ancha og‘ir edi. Alaloqibat tinch aholi vakillaridan uch kishining halok bo‘lganini aytmaganda, hammasi yaxshilik bilan tugadi.

Eng muhimi, FVDQ a’zolarining davlat to‘ntarishiga urinishi SSSRning tezroq tarqab ketishiga sabab bo‘ldi. Bu hodisadan keyin ittifoqdosh respublikalar avval rejalashtirilgan Mustaqil davlatlar ittifoqi bitimini ham imzolashni xohlamadi va mustaqilligini e’lon qildi.

Boltiqbo‘yi respublikalari birinchi mustaqilligini e’lon qilgan bo‘lsa, Qozog‘iston eng oxirida – 1991-yil 16-dekabrda mustaqilligini e’lon qildi.

Foto: “TASS”

25–26-dekabr kunlari SSSR Oliy Soveti Respublika Kengashi ittifoq tugatilgani haqida deklaratsiya qabul qildi. Gorbachyov SSSR prezidenti lavozimidan ketganini e’lon qildi va shu tariqa 70 yil mobaynida dunyoning ikkinchi qutbi sifatida yashab kelgan katta qudratli davlat parchalanib ketdi.

Shu narsani ta’kidlash lozimki, FVDQ davlat to‘ntarishini sodir etmaganida ham bu davlat baribir parchalanar edi. Sababi, ittifoqdosh respublikalarda milliylikka qaytish, mustaqil bo‘lishga urinish o‘zining yuksak cho‘qqisiga chiqqan va SSSR rahbari sifatida Gorbachyov bu ishlarga ancha xotirjam qarayotgan edi.

1989–1990-yillardan boshlab SSSRning turli hududlarida millatchilik avj ola boshladi. Buning oqibatida Ozarbayjonga tegishli Tog‘li Qorabog‘da etnik armanilar Boku boshqaruviga qarshi isyon ko‘tarib, o‘rtada qurolli mojaro boshlanib ketdi. Gruziyada esa muxtoriyat huquqiga ega bo‘lgan Abxaziya va Janubiy Osetiya isyon ko‘tarib, mustaqil bo‘lishni xohladi.

Qirg‘iziston janubida qirg‘izlar etnik o‘zbeklarga tajovuz qilib, qonli mojaro keltirib chiqardi. Bundan oldinroq Farg‘onda o‘zbeklar mesxeti turklarga qarshi tajovuzlar uyushtirgan edi. Moldovada asosan ruslar va gagauzlar yashaydigan Pridnestrovye o‘lkasida Kishinyov boshqaruviga qarshi isyon boshlandi. Shu tariqa, 1990-yildayoq tom ma’noda boshboshdoqliklar yuzaga kelib, bunday holatda SSSRning davlat sifatida uzoq yashamasligi oydinlashib bo‘lgan edi. FVDQning davlat to‘ntarishiga urinishi SSSRni saqlab qolish uchun amalga oshirilgan harakat edi. Bu ish muvaffaqiyatsizlikka uchragach, SSSR parchalandi va shu tariqa davlat nomi ham, o‘zi ham tarix qa’rida qolib ketdi. Jahon xaritasida esa o‘n beshta yangi mustaqil davlat paydo bo‘ldi.

Foto: “TASS”

Tarixchilar va tahlilchilar SSSRday katta va ko‘p millatli davlat urushsiz, qon to‘kilmay yo‘q bo‘lishini shu davlatda yashayotgan xalqlar uchun ham, tarix uchun ham muvaffaqiyatli hodisa deb baholaydi.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.