“Daryo” kolumnisti an’anaviy ruknda o‘tgan haftada muhokama qilingan asosiy ijtimoiy masalalarga to‘xtalib o‘tadi.

O‘zingnikidan uzr, begonaga qonun

G‘aroyib mamlakatda yashaymiz. Hokimiyat vakillari uchun barchasi mumkin: butun tuman aholisini haromidan olib haromiga solish, itdan tarqagan, maraz deb atash, o‘n daqiqada yuzta uyat so‘z bilan odamlarni so‘kish, odam yashayotgan uyini buzib yuborish, mulkiga buldozer solish, xalq vakili jurnalistning kamerasini sindirib o‘zini quvish... Ammo internet foydalanuvchisiga hatto virtual dunyoda haddan oshsangiz jazolanishingizni qayta-qayta eslatishadi. Hokimto‘raning amri bilan o‘nlab fuqaroning uyi buzilgan bo‘lsa, ja borsa uzr so‘rab qutuladi, ammo sho‘ring qurg‘ur internet yuzeri “vey…” devorsa, 10 ta minimalka jarimaga tortiladi.

Foto: Google Photos

Alg‘ov-dalg‘ov zamonlarga qolib ketdik, Qoravoy.

  • Shuning uchun tilingni hamisha tiyib yur. Haddidan oshgan mulozimni internetda “haromi” dema. Ular iflos ham emas. O‘zing javobgarlikka tortilmasliging uchun “bu itni javobgarlikka tortish kerak” deya ko‘rma;
  • Jurnalistni oldiga solib quvganlar g‘azabingni qo‘zg‘asa, “jurnalistni itdek qopyapti, militsiya molga o‘xshab qarab turibdi” dema. Bu haqorat sifatida malakalanishi mumkin;
  • Ular aslo cho‘chqadan tarqagan emas, esingda tut. Xuddi o‘zimiz kabi havodan nafas oluvchi jonzotlar;
  • “Padaringga la’nat, senlar yurtimizni botqoqqa tiqding”, “hammangni yoqish kerak” deb izoh yozsang-u, ertaga uyi to‘satdan yonib ketsa, kimdan shubhalanadi? Sendan albatta. Chunki uning nomiga tahdidli izoh qoldirgansan. Qamalasan;
  • “Qulvachchalar amal tegib quturib ketdi”, “padariga la’nat” deb tilingni og‘ritma. Tanangni og‘ritib qo‘yishlari ehtimoldan xoli emas;
  • Ota-onasini eshakka, filga uchrashtirishni xayolingga keltirma. Esingda tut, ularga mumkini senga mumkin emas.

Davlat boshqaruvida “o‘zingnikidan uzr, begonaga qonun” tamoyili mavjud va bu tamoyil bizning jamiyatda hech bir to‘siqsiz ishlab kelyapti. Qonun sen va men uchun.

Tolibi ilm siyosatni o‘rganmoqchi

Tolibi ilm Piri komildan so‘radi:

- Ustoz, nima uchun qonunbuzar mansabdorlarni Prezident va Bosh vazir qayta-qayta ogohlantirsa-da, ular yomon amallarni qilaveradi?

Piri komil Makiavellining kitobidan boshini ko‘tarib javob berdi:

- Bo‘tam, men yoshligimda juda sho‘x edim. Kimnidir burnini qonatib yo boshini yorib kelmagan kunim yo‘q edi. Ularning ota-onalari uyimizga kelib dadamga shikoyat qilsa, dadam “buning adabini beraman, qani kamarimni olib kelinglar-chi, uyga kir zumrasha” derdilar. Ammo shikoyatchi ketgandan keyin “boshqa bunday qilma, o‘g‘lim” derdilar-u, sira urmasdilar.

Tolibi ilm yana Piri komildan so‘radi:

- Ustoz, ilmingiz ziyoda bo‘lsin. Aytingchi, deputatlar eng asosiy hokimiyat bo‘laturib na hokimlarga, na vazirlarga gap o‘tkaza olmasligini qanday tushunaylik?

Piri komil javob berdi:

- Yana yoshlikka qaytamiz. Bo‘talog‘im, bolaligimda yaylovda o‘rtoqlarim bilan qo‘y-mol boqardik. Ba’zan futbolga chalg‘ib ketsak, 5–6 yashar ukalarimizga “molga qarab tur” deb topshiriq berib alahsib qolardik. Mollarimiz yaylovdan tomorqaga o‘tib payhon qilardi. Egasi bizni tergasa, biz ukamizni tergardik. Aslida 5–6 yashar ukalarimiz kuchi ozligidan mol-qo‘yni eplay olmasligini, arqonidan tutsa, sudrab ketishini bilardik. Shunday bo‘lsa-da qarab turadi, deb o‘ylardik.

Sarvar usta

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.