Nyu-Yorkda o‘zbekistonlik politsiyachi Sadoqat Maqsudova qimmatbaho kiyimlarning pulini to‘lamasdan do‘kondan chiqib ketayotganida qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda BBC.

Foto:  BBC

Qayd etilishicha, 24 yoshli politsiya xizmatchisi Sadoqat Maqsudova 15-avgust kuni Staten Island savdo majmuasidan 300 dollarlik kiyim-kechakning pulini bermasdan chiqib ketayotganida ushlangan.

Xabarda Maqsudova mayda o‘g‘irlikda ayblanib, xizmatidan vaqtincha chetlatilgani yozilgan. Sadoqat Maqsudovaning o‘zi esa o‘g‘irlik qilganini rad qilmoqda.

“Men bunga izoh berolmayman. Bu Nyu-York politsiya departamenti ichidagi narsa. Biz hali sudlashamiz. Lekin men ishdan haydalganim yo‘q, ishlayapman”, — degan u.

Eslatib o‘tamiz, asli buxorolik bo‘lgan Sadoqat Maqsudova Nyu-Yorkka oilasi bilan 2009-yilda ko‘chib kelgan. U bir yarim yillik kadetlik kursidan so‘ng yaqinda Nyu-York politsiya akademiyasiga kirdi va olti oylik kursni bitirib, politsiya xizmatiga ishga qabul qilindi. U xizmatni o‘zbeklar ko‘p istiqomat qiladigan Bruklin tumanida o‘tamoqda.