Oqdaryo tumanidagi “Oqdaryo”, “Pichoqchi”, “Olchintepa” va “Z.M.Bobur” mahalla fuqarolar yig‘ini hududlari bo‘yicha harbiy hisobga olish mutaxassisi vazifasida ishlab kelgan Husniyor Tilavov o‘zgalarga Mudofaa ishlari bo‘limi xizmatchisi sifatida rezervchilar va harbiy xizmatga majburlarni xizmatga chaqirilish muddatini keyinga qoldiruvchi shaxs sifatida namoyon qilib kelgan.

Foto: Google Images

Husniyor Tilavov 2019-yilning 15-mart kuni oldindan tanish bo‘lgan fuqaro A.N.ning ishonchiga kirib, unga tuman Mudofaa ishlari bo‘limi safarbarlik chaqiruv rezervi bo‘linmasining harbiy xizmatchi xodimlari bilan yaqin aloqada ekanligini bildirgan.

Husniyor Tilavov A.N.ni safarbarlik chaqiruvidagi xizmatga chaqirilish muddatini keyingi yilga qoldirishga ishontirgan. Buning uchun Oqdaryo tumani Mudofaa ishlari bo‘limining mansabdor shaxslariga 100 AQSh dollari miqdorida pullarni pora tariqasida berishligini aytib, uni pora berishga qiziqtirgan. 27-mart kuni Husniyor Tilavov shaxsiy boylik orttirish, aldash va ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan A.N.ni safarbarlik chaqiruvidagi xizmatga chaqirilish muddatini keyingi yilga qoldirish evaziga 100 AQSh dollari miqdoridagi pullarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan vaqtda, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qo‘lga olingan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Oqdaryo tumani sudining Majburiy ijro byurosi Oqdaryo tumani bo‘limida bo‘lib o‘tgan sayyor sud majlisida Husniyor Tilavov o‘z aybiga to‘liq iqrorlik bildirib bayon qilgan ko‘rgazmasidan tashqari, uning aybi sud majlisida so‘roq qilingan guvohlarning ko‘rsatmalari bilan ham to‘liq isbotlandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Oqdaryo tumani sudi raisi Ilyos Doniyorovning “Daryo”ga ma’lum qilishicha, sudlanuvchi Husniyor Tilavov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 25, 168-moddasining (Firibgarlik) 1-qismi va 28, 211-moddasining (Pora berish) 1-qismi bilan aybli deb topilib, har oyda ish haqining 15 foizi miqdorida davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 3 yil 6 oyga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.