TIV Turkiyaga ketayotgan o‘zbekistonliklar pasportlarining amal qilish muddatini tekshirishlari lozimligi haqida ogohlantirdi.

Foto: Onlinetours

Vazirlik matbuot xizmatida ta’kidlanishicha, 2018-yilning oktabr oyidan boshlab Turkiya hukumati O‘zbekiston fuqarolariga Turkiya hududida 90 kun davomida vizasiz yurishga ruxsat berish to‘g‘risida qaror qabul qilgan. Bunda ularning pasportlari amal qilish muddati 90 kundan kam bo‘lmasligi kerak. Aks holda, ularning davlat hududida bo‘lish rejasi 90 kundan kam bo‘lsa ham fuqarolar Turkiya hududiga kiritilmaydi.

Shuningdek, bu mamlakatda 90 kundan ortiq yurgan va mavjud qoidani buzgan fuqarolar Turkiyadan ketish chog‘ida aeroportda belgilangan miqdorda jarima to‘lashga majburdir. Jarimalar miqdorini aniqlash va uni to‘lash faqatgina fuqarolarning ketishi oldidan ro‘yxatdan o‘tib, qo‘llariga uchish talonlarini olgandan so‘ng amalga oshiriladi.