Fransuz matematigi Anri Puankare tomonidan o‘rtaga tashlangan va shu sababli “Puankare gipotezasi” deb nomlangan masala yuzasidan jahonning eng o‘tkir matematiklari bir necha o‘n yillar davomida qattiq ter to‘kkan. Biroq deyarli yuz yillik urinishlar bilan ham uni isbotlashning uddasidan hech kim chiqa olmagan. Vazifani 2002–2003-yillarda rus matematigi Grigoriy Yakovlevich Perelman uddaladi. Ushbu masala Kley matematika instituti tomonidan e’lon qilingan “Ming yillik masalalari” ro‘yxatiga ham kiritilgan bo‘lib, uning yechimi uchun 1 million AQSh dollari miqdorida mukofot belgilangan edi.

Foto: How

Biroq Perelman mukofotdan bosh tortgan. Bu borada berilgan kamdan-kam izohlardan biriga ko‘ra, olim mukofotni hamkasbi Richard Gamiltonga berish kerakligini aytgan bo‘lsa, yana bir safar u “ilm pulga chaqilmaydi” degan emish. Nima bo‘lganda ham, Grigoriy Perelmanning ushbu tushunarsiz qilig‘ining asl sababi o‘zigagina ayon.

Masala yechilgach va olim million dollardan bosh tortgani ayon bo‘lgach, u haqda shovshuv bilan yozmagan OAV qolmadi hisob. O‘ziga yopirilgan ulkan mashhurlik va odamlarning yoppasiga bezor qilib yuborishi Perelmanni keskin ijtimoiy chekinish qilishga majbur etdi. U uzlatga ketib, vaqtini nuqul uyda, hech qayoqqa chiqmasdan va hech kim bilan gaplashmasdan o‘tkazadigan bo‘ldi. Daho matematik 2005-yildan buyon hech qayerda ishlamaydi va rasman ishsiz maqomida qayd etilgan. U onasi bilan birga Sankt-Peterburgdagi ovloqqina kulbasida g‘aribona kun kechiradi.

Foto: How

O‘shandan buyon Perelman qanday yashayotgani va nima bilan mashg‘ul ekani borasida rasmiy axborot topishning imkoni yo‘q. U o‘zini bezovta qilmasliklari uchun  hatto eshik qo‘ng‘irog‘ini ham olib tashlagan. Uzunquloq gaplarga qaraganda, olimning ustozi Sergey Rukshin unga ayrim qiyin masalalarni yechib berishni buyurtma qilib turarkan va hozircha hech kim poylay olmagan yo‘l bilan aloqa qilib turar emish. Bir muddat muqaddam esa hatto Perelman Shvetsiyaga ko‘chib ketgani haqida ham gap-so‘zlar paydo bo‘lgandi. Lekin ma’lum bo‘lishicha, Grigoriy Yakovlevich haqiqatan ham Shvetsiyaga borib kelgan, biroq yoqqa butunlay ko‘chib ketmagan. Shunchaki qarindoshlaridan xabar olgani borgan.

Perelmanni butunlay tarki dunyo qilgan deyish ham noo‘rin. Uni favqulodda kam bo‘lsa-da, shahar ko‘chalarida uchratib qolish mumkin. Shunda ham u qandaydir bir favqulodda ehtiyoj yuzasidan tashqariga chiqqan bo‘ladi. Masalan, oziq-ovqatga xarajat qilgani yoki chiqindi to‘kkani chiqqan bo‘ladi. U tashqi ko‘rinishiga umuman e’tibor qaratmaydi. Boz ustiga, uning suratlari unchalik ham mashhur emas. Shu sababli ham Perelmanni ko‘chada deyarli hech kim tanimaydi. Xuddi uysiz, ko‘chada qolgan kishilardek juldur kiyimi va soch-soqoli o‘sgan betartib qiyofasi aslida bu odam jahon tan olgan olim ekanligiga katta shubha uyg‘otadi. Yaxshi taniydiganlarning ta’kidlashicha, Grigoriy Perelman aslida juda yaxshi tarbiya ko‘rgan xushmuomala inson. Lekin u odamlar bilan muloqot qilmaslikni ma’qul ko‘radi.

Albatta, Perelman shubhasiz daho kishi. Daholarning esa o‘ziga xos injiqliklari bo‘ladi va ular o‘zi istagandek yashashga intiladi. Jamiyat esa buni to‘g‘ri tushunishi va hurmat bilan yondashishi kerak.

Manba: How