O‘zA Andijonda yana bir shifokorga tajovuz qilingani haqida maqola chop etdi. Quyida maqola to‘lig‘icha havola etildi.

Foto: O‘zA

Joriy yilning 21-avgust kuni Andijon viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida davolanayotgan bemor Ahmedova Inobatxonning o‘g‘li tomonidan mazkur tibbiyot muassasasining ortopediya va jarohatlar oqibatlari bo‘limi xodimlariga nisbatan tajovuz amalga oshirildi.

Bemor I.Ahmedova 2010-yilda umurtqa pog‘onasining bel qismi osteoxondrozi, 4, 5-bel umurtqalararo disk churrasi xastaligi tufayli Andijon Davlat tibbiyot instituti klinikasida operativ davolangan. 2017-yilda bemordagi umurtqa pog‘onasi bel qismi osteoxondrozi, 4, 5-umurtqalararo disk churrasini olish operatsiyadan keyingi holati 1, 2-bel umurtqalari segmenti nostabilligi, pastki paraparez asorati tashxisi bilan Andijon viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida qayta operatsiya amaliyoti o‘tkazilgan. Operatsiya jarayonida churrani bartaraf qilish va umurtqa pog‘onasi bel qismiga transpedikulyar moslamani o‘rnatish amaliyot bajarilgan. Shundan so‘ng, bemor I.Ahmedova Andijon viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi ortopediya va jarohatlar oqibatlari bo‘limi shifokori Bobur Shavkatov qabuliga salomatligi bilan bog‘liq tibbiy maslahatlarga qatnab kelgan.

2019-yilning iyul oyida bemor I.Ahmedova shifokor B.Shavkatov tomonidan qayta ko‘rikdan o‘tkazilgan. Bemorga statsionar davolanish tavsiya etilgan. Shunda bemor va qarindoshlari Toshkent shahridagi tibbiyot markazlaridan biriga tibbiy maslahat olishga borib kelish istagida ekanliklarini bildirganlar.

19-avgust kuni bemor I.Ahmedovaning o‘g‘li Fayzullo markazga kelib, Bobur Shavkatovga uchrashgan. U onasini Toshkentdagi “AKFA Medline” xususiy klinikasi mutaxassislari ko‘rigiga olib borganini, u yerda Fuzuliddin ismli shifokor tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilganini aytgan. Bemorning o‘g‘li Fayzulloning so‘zlariga ko‘ra, Fuzuliddin ismli shifokor go‘yoki avvalgi operatsiyalar noto‘g‘ri qilinganini, hozirda qayta operatsiya qilish lozimligini, ushbu operatsiyalarni respublikamiz mutaxassislari amalga oshira olmasligi, shuning uchun Germaniya Federativ Respublikasidan mutaxassis chaqirgan holda operatsiya qilish kerakligini uqtirgan.

Bemor Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy markaziga ko‘rikka borgan. U yerda mutaxassislar tomonidan ko‘rikdan o‘tgan. Tashxisga ko‘ra, bemorni hozirgi bezovta qilayotgan holatga sabab bel qismidagi operatsiyalar emas, balki umurtqa pog‘onasining ko‘krak qismidagi sariq bog‘lamning gipertrofiyalangan qismi orqali orqa miyani ezilishi natijasida ro‘y berayotgani sabab qilib keltirilgan. Ular tomonidan umurtqa pog‘onasining ko‘krak qismida operatsiya qilish lozimligi aytilgan.

Ushbu suhbat davomida Bobur Shavkatov hozirda bemorga hech qanday operatsiya shart emasligini aytgan. Bemorga konservativ, ya’ni medikamentoz va fizioterapevtik muolaja o‘tkazish lozimligini tushuntirgan. Bemorning o‘g‘li bunga rozi bo‘lib, davolanish uchun kelishlarini aytib ketgan.

2019-yilning 21-avgust kuni bemor imtiyozli yo‘llanma bilan o‘g‘li Fayzullo hamrohligida tibbiyot muassasasiga kelib, shifokor B.Shavkatovga uchrashgan. Bemor muassasaning neyroxirurgiya bo‘limiga imtiyozli yo‘llanma asosida yotqizilgan. Bemor Ahmedova Inobatxon neyroxirurgiya bo‘limiga joylashgach, neyroxirurgiya bo‘limi shifokori Otalikov Abduraim bemor va uning o‘g‘li Fayzullo bilan suhbatlashgan. Suhbat davomida bemorga hozirda mazkur muassasada medikamentoz va fizioterapevtik muolajalar o‘tkazilishini, Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya markaziga esa 2019-yilning 4-choragida imtiyozli yo‘llanma asosida yuborilishini tushuntirgan.

Shundan so‘ng, Bobur Shavkatov operatsiyani tugallab chiqayotganda Fayzullo u bilan suhbatlashmoqchi ekanini aytgan. Shifokor Fayzulloni o‘z xonasiga taklif qilib, olib kirgan. Shunda Fayzullo Bobur Shavkatovga rentgenogrammani qayta ko‘rib berishini iltimos qilgan. B.Shavkatov rentgenogrammani yorug‘ga qarab ko‘rayotgan vaqtda Fayzullo uning orqasidan kelib, bo‘ynidan bo‘g‘a boshlagan. Bobur Shavkatov qarshilik qilib, tajovuz qilayotgan shaxsning qo‘lidan ozod bo‘lishga harakat qilgan, ammo Fayzullo yanada qattiq bo‘g‘a boshlagan.

Shunda Bobur Shavkatov hushini yo‘qotadi, hushiga kelgan vaqtda qo‘llari orqaga qilib bog‘langan holda, stol ostida yotgan bo‘lgan. Bobur Shavkatov Fayzullodan uni stulga o‘tqazib qo‘yishni so‘ragan. Fayzullo shifokorni stolga o‘tqazib, undan zudlik bilan “AKFA Medline”ga qo‘ng‘iroq qilib, kerakli mutaxassisni chaqirtirib, onasini shu yerda operatsiya qildirib berishini talab qiladi. Bobur Shavkatov undan qo‘llarini bog‘lamdan chiqarishini so‘ragan. Shu payt Fayzullo sumkasini ichidan suyuqlikka to‘la yelim idish chiqargan, so‘ng yelim idishdagi suyuqlikni xonaga va Bobur Shavkatovning ustiga sepgan. Bobur Shavkatov ushbu suyuqlik benzin ekanini bilib, baqira boshlagan.

Buni eshitgan yo‘lakdagi bemorlar va tibbiyot xodimlari xonaga kirmoqchi bo‘lishganida, xona eshigi ichkaridan qulflangan bo‘lgan. Xodimlar eshikni sindirishgan. Shunda eshik ortidagi xodimlarga ham benzin socha boshlagan. Natijada hamshira Madina Erkinovaning ko‘ziga benzin sochilishi natijasida jarohatlangan. Eshik buzib kirilganda Fayzulloning qo‘lida yondirgich bo‘lgan. Xodimlar yondirgichni olib qo‘yish niyatida uning qo‘liga yopishgan vaqtda yana bir xodim Abduvohid Mo‘minovni urib, unga tan jarohati yetkazgan. Xodimlar o‘t o‘chirish uskunasi moslamasini ishlatib, Fayzullo va B.Shavkatovni ustiga sepganlar. Shundan foydalanib, Fayzulloni ko‘pchilik bo‘lib, xonadan olib chiqilgan. Uning qo‘l-oyoqlaridan ushlab turilgach, ichki ishlar va milliy gvardiya xodimlari uni olib ketishgan.

Tajovuz oqibatida jabrlangan Bobur Shavkatov, Abduvohid Mo‘minov, Madina Erkinova, Izzatoy Mamajonovalar shifoxonaga yotqizildi. Ularga infuzion, detoksikatsion, degidratatsion va simptomatik terapiya o‘tkazildi. Tibbiy ko‘riklar natijasida hozirda bu xodimlarning ham umumiy holati nisbatan qoniqarli, deb aniqlangan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan ayni paytda vazirlikning munosabati tayyorlanmoqda. Tez orada e’lon qilinadi.