Joriy yilning 14-avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Navoiy viloyati Xatirchi tumanida qiz bolaga pichoq tiraganlar” nomi bilan tarqalgan video IIV huzuridagi Tergov departamenti tomonidan o‘rganildi.

Foto: Videodan lavha

IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabariga ko‘ra, voqea Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida emas, balki Samarqand viloyatining Narpay tumanida 2019-yilning 10-iyun kuni sodir bo‘lgan.

Shu kuni soat 23:00 larda T.S., A.Q. va Q.A.lar o‘zaro oldindan jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib, Narpay tumanining Oqtosh shahri hududida U.K.ga tegishli bo‘lgan Tiko mashinasida G.R. bilan o‘zaro suhbatlashib o‘tirgan O.Q., U.K. va D.S.larning tanasini turli joylariga urib-tepib, ularning hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatgan.

So‘ng U.K.ga tegishli Samsung telefoni va mashinaning bir juft Sony rusumli radiokarnayi, D.S.ga tegishli Samsung telefon va 750 ming so‘m pul, O.Q.ga tegishli Samsung telefoni va erkaklar kumush zanjirini qo‘lga kiritgan.

Bularning barchasini O.Q.ga tegishli bo‘lgan Samsung telefoniga tasvirga olib, keyinchalik ushbu tasvirlarni internet tarmog‘iga joylashtirgan.

Mazkur holat yuzasidan Narpay tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 164-moddasi (Bosqinchilik) 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, A.Q. va uning ukasi Q.A.lar jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, ularga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Bundan tashqari, G.R. ta’kidlab o‘tgan bo‘yniga O.Q., U.K. va D.S. pichoq tirab qo‘rqitganligi holati dastlabki tergov davrida o‘rganiladi.