Rossiyaning “Fedor” nomli odamsifat roboti birinchi marta “Soyuz MC-14” kemasida fazoga uchirildi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.

Foto: “RIA Novosti”

Raketa 22-avgust kuni Toshkent vaqti bilan soat 08:38 da Qozog‘istonning Baykonur kosmodromidan uchirilgan. Robot raketa uchirilayotgan vaqtda Yuriy Gagarinning mashhur “Poyexali! Poyexali!” (Ketdik! Ketdik!) jumlasini aytgan. Oradan 49 soniya o‘tgach, kema orbitaga chiqqan va Xalqaro kosmik stansiyaga yo‘l olgan.

“Shu vaqtdan boshlab “Fedor” roboti kosmonavt deb hisoblanishi mumkin, chunki u Yerdan 100 kilometr balandlikdagi shartli masofani bosib o‘tdi”, — deyiladi xabarda.

Robot Xalqaro kosmik stansiyada bo‘lgan vaqtda u bilan operatorning harakatlarini takrorlaydigan maxsus kostyum yordamida bir qator tajribalar o‘tkaziladi.

“Fedor” orbitada 17 sutka davomida bo‘ladi. Kema 6-sentabr kuni XKSdan ajralib orbitadan qaytib kelishni boshlaydi.