Germaniyaning iqtisodiy tadqiqotlar bo‘yicha yetakchi instituti – DIW Berlin yaqinda atom energetikasi istiqbollariga oid muhim bir hisobotini e’lon qildi. U “Juda qimmat va xatarli: atom energetikasi iqlimga do‘st energota’minot emas” deb nomlanadi.

Foto: Google Photos

Iqlimni muhofaza qilishi borasidagi tobora faollashayotgan munozaralar asnosida turli taraflardan shunday fikrlar o‘rtaga tashlanmoqdaki, go‘yoki, atom energiyasi “sof energiya” emish. Germaniyaning o‘zida ham ayrim ekspertlar tomonidan, aynan iqlimni muhofaza qilish vaji yuzasidan, mamlakatda ishlab turgan atom elektr stansiyalarning faoliyat muddati uzaytirishi lozim degan fikrlar yangramoqda. Eslatib o‘tamiz, Germaniyada so‘nggi atom reaktorini 2022-yildan kechiktirmasdan ishdan to‘xtatish haqida qonun qabul qilingan. Biroq nemis energetiklari atom energetikasidan butunlay voz kechilishi tufayli yoqilg‘i yoqishga asoslangan energiya ishlab chiqarishga qaytilsa, unda atmosferaga tashlanadigan is gazi miqdori keskin oshishini va bu narsa iqlimni muhofaza qilish konsepsiyasiga zid kelishini ham ta’kidlagan.

Umuman olganda, Yevropa ittifoqi miqyosida “sof energiya” loyihasi mavjud bo‘lib, u aynan iqlim muhofazasi muddaolariga asosan qit’a bo‘ylab atom energetikasini yanada rivojlantirish istiqbollarini ilgari suradi. Unga ko‘ra, nafaqat mavjud AESlarning xizmat muddatini uzaytirish, balki yangi AESlarni qurib, ishga tushirish orqali “sof energiya” konsepsiyasini to‘laqonli amalga oshirish maqsadlari ko‘zda tutilgan. Xalqaro energetika agentligi (IEA) ham atom energetikasi sohasini yanada taraqqiy ettirish tarafdori hisoblanadi va bu orqali mavjud iqlim muammolarini hal qilish mumkin degan g‘oyani ilgari suradi. IEA hattoki turli mamlakat hukumatlaridan yadro energetikasi tarmog‘iga subsidiyalar ajratish orqali ko‘mak ko‘rsatishni ham taklif qiladi.

Aslida iqlim muammolarini bartaraf qilish yo‘lida yadro energetikasini rivojlantirish mavzusi yangi paydo bo‘lgan mavzu ham emas. Qazilma yonilg‘ining yonishi natijasidan elektr energiyasi ishlab chiqarish tufayli yuzaga keladigan salbiy global iqlim o‘zgarishlari haqida 1970-yillar boshidayoq atom fizikasi mutaxassislari bong ura boshlashgan. Xususan, atom fizikasi mutaxassisi Elvin Vaynberg ushbu masalani Germaniyada jamoatchilik orasida ko‘tarib chiqqan ilk faollardan biri edi. O‘shandayoq mutaxassislar iqlimga salbiy ta’sir qilmaydigan “sof energiya” manbai sifatida atom energetikasini rivojlantirish kerakligini ta’kidlashni boshlagan. 2000-yillarda Britaniya bosh vaziri bo‘lgan Toni Bler ham rasmiy minbarlardan turib bir necha bora atom energetikasida jadalroq o‘tish orqali iqlim masalalarini ham qilishda ilgari siljish mumkin deb bayonot bergan edi.

Biroq “sof energiya” va iqlim muhofazasi singari global masalalar yuzasidan atom energetikasi foydasi uchun aytilgan shuncha ta’kid va da’volarga qaramasdan, DIW Berlin’ning yuqorida aytilgan hisobotida bu masalaga birmuncha shubha uyg‘otadigan xulosalar berilgani qiziq. Hisobotda yadro energetikasining aynan ekologik musaffolikni saqlash masalasi yuzasidan hamda iqtisodiy nuqtai nazardan o‘zini oqlash-oqlamasligi masalasi ko‘rib chiqilgan. Unda yetakchi iqtisodiy tahlil mutaxassislari bir tarafdan butun dunyo bo‘yicha atom elektr stansiyalari allaqachon bir necha o‘nlab sonda qurib, ishlatilayotgani va yana bir nechtasi qurilishi jarayonida ekani singari inkor qilib bo‘lmas iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy omillarni inobatga olgan. Boshqa tarafdan esa atom energetikasi obyektlarini keyingi yillar mobaynida ekspluatatsiya qilish yuzasidan sarflanadigan xarajatlar va sohaga kiritiladigan investitsiyalarning taxminiy qiymati asosida matematik  modellashtirilgan tannarx va sof foyda ko‘rsatkichlari inobatga olingan. Xullas, hujjatda keltirilishicha, DIW Berlin’ning iqtisodiy tahlilchilari barcha omillarni inobatga olgan holda bajargan hisob-kitoblariga ko‘ra, quyidagi ikkita muhim xulosaga kelgan:

1) yadro energetikasi avvallari sof va arzon energiya manbai bo‘lmagan;

2) u kelajakda ham bunday bo‘lmaydi.

Bu borada tahlilchilar yana ayrim mulohazalar bilan ham o‘rtoqlashgan. Xususan, ularning aytishicha, atom energetikasini tijorat maqsadlari uchun yo‘naltirishi aslida 1940-yillardagi harbiy sanoatni rivojlantirish konsepsiyasi yuzasidan kelib chiqqan nojo‘ya oqibatdir. Garchi o‘sha yillari atom energetikasining o‘ta arzon energiya manbai sifatida ko‘rilgan istiqbollari olimlarda juda katta optimizm uyg‘otgan bo‘lsa-da, biroq ko‘p o‘tmay, 50-yillar boshidayoq atom energetikasi obyektlarining qurilish va ekspluatatsiya masalalaridagi mislsiz xarajatlar tufayli bu soha an’anaviy energetika sohalari bilan iqtisodiy raqobat qila olmasligi ma’lum bo‘lgan. Shu sababli atom energetikasining rivojlanishi hech bir istisnosiz ravishda dunyoning barcha davlatlarida va hattoki iqtisodiy qudratli mamlakat bo‘lmish AQShda ham hukumatning muttasil ko‘magiga va yirik subsidiyalarga muhtoj bo‘lgan. Boz ustiga, atom elektr stansiyalari qurilishi hajmining ortishi ham umumiy ko‘lamdagi tejamkorlikni taqdim qila olmadi. Aksincha, atom elektr stansiyalari soni oshgani bilan ular ishlab chiqargan har bir kilovatt elektr energiyasining narxi ham oshib boraverdi (buning mantig‘i juda oddiy: yangi AES qurilgach, unga sarflangan xarajatlarni qoplashga kirishiladi). Vaholanki, odatda, u yoki bu texnologiya mukammal bir nuqtaga yetgach, uning mahsulotlari yoki xizmatlari narxi pasaya boshlaydi. Biroq atom energetikasi bilan bu qoida ish bermagan. AES ishlab chiqargan elektr energiyasi narxi muttasil ravishda, faqat oshgan. Bu fenomen hatto muayyan ilmiy adabiyotlarda ham alohida ko‘rib chiqiladi.

DIW Berlin butun dunyo bo‘yicha 1951-yildan bu yog‘iga qurilgan va foydalanilgan hamda hozirda foydalanilayotgan barcha AESlarning faoliyatini tahlil qilib chiqqan. Tahlilda 674 ta yadro reaktorlarining faoliyati ko‘rib chiqiladi. Ularning hammasi tijorat maqsadlari uchun qurilgan va ishlab chiqargan elektr energiyasi iste’molchiga sotiladigan reaktorlardir. Ya’ni DWI Berlin tajriba-sinov reaktorlari hamda o‘quv-amaliyot reaktorlarini inobatga olmagan. Mualliflar atom energetikasi sohasidagi hozirgi investitsion muhit hamda u yoki bu mamlakatda AES qurilishi uchun omil bo‘lgan siyosiy hamda, iqtisodiy sabablarni ham tahlil qilib chiqqan. Ma’lum bo‘lishicha, shu choqqacha qurilgan va qurilayotgan AESlarning aqalli birortasida xususiy sektor va yoki investor ishtiroki kuzatilmagan ekan. Shunga ko‘ra, hisobot mualliflaridan biri Kristian fon Xirshgauzenning fikricha, “yadro energetikasi hech qachon va hech qayerda tijorat maqsadida, arzon elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun mo‘ljallab qurilmagan, aslida uning maqsadi yadro quroli tayyorlash bo‘lgan” ekan.

Hisobot mualliflari, shuningdek, zamonaviy AES qurilishi loyihalarida ham biror bir tijorat loyihasini topa olmaganliklarini ajablanish bilan qayd etadi. Boz ustiga, matematik modellashtirishga asoslanib olingan natijalar shuni ko‘rsatmoqdaki, aslida bizga “arzon va sof energiya” deb aytiladigan yadro energetikasi, iqtisodiy zararga ishlashi ehtimoli ko‘proq bo‘lib, butun dunyo bo‘yicha AESlar yiliga o‘rtacha 4,8 milliard yevro zarar bilan ishlar ekan. Albatta, hisob-kitoblarni mutlaq haq deyish ham qiyin va mualliflar unda solishtirma kapital xarajatlar, chakana iste’mol bozoridagi mavjud narxlar va boshqa parametrlar borasida, muayyan taxmin va qo‘pol yaxlitlashlarga ham yo‘l qo‘ygan; biroq tendensiya baribir ijobiy emasligi yaqqol ko‘rinib turibdi. Boz ustiga, Lazard moliyaviy institutining ma’lumotiga ko‘ra, masalan, o‘sha AQShning o‘zida ham AES ishlab chiqargan har kVt/soat elektr energiyasining narxi, boshqa istalgan usulda olingan shuncha miqdordagi elektr energiyasi narxidan qimmatga tushar ekan.

Hisobot yakunida mualliflar AES qurilishi borasidagi loyihalarning yana boshqa subyektiv jihatlariga ham to‘xtalib, ulardagi chiqimlarni ham inobatga olinsa, iqtisodiy tahlil yanada salbiy xulosalar taqdim qilishiga urg‘u bergan. Xususan, yadro reaktorlari uchun muttasil uran yetkazib berib turish bilan bog‘liq xarajatlar, uranni qazib olish va tashishdagi radiatsiya chiqishi, faoliyati to‘xtatilgan AESlardan qutulish borasidagi hali hech kim aniq bilmaydigan xarajatlar, radioaktiv chiqindilarni ko‘mish va yo‘q qilish bilan bog‘liq chiqimlar singari go‘yoki “ikkilamchi” chiqimlar ham borki, bular ham inobatga olinsa, yadro energetikasi aslida naqadar g‘alvali va serchiqim soha ekani yaqqol ko‘rinib qoladi. Atom energetikasi rivojlangan ko‘plab mamlakatlarda sohaning ushbu “ikkilamchi” xarajatlari jamiyat tomonidan (soliq evaziga albatta) qoplanadi. Atom energetikasi bilan bog‘liq loyihalarning xatarini esa jahondagi hech bir sug‘urta kompaniyasi bo‘yniga olmaydi.

Shu va shu kabi obyektiv va subyektiv jihatlarni inobatga olgan holda, DWI Berlin atom energetikasining taraqqiyoti borasida, ayniqsa uni iqlim muhofazasi uchun ahamiyati borasidagi balandparvoz shiorlarga uchmaslikka chaqiradi. Sarlavhada o‘qiganingizdek, xulosa qisqa va lo‘nda: “juda qimmat va xatarli”.

P.S.

Bugungi kunda atom energetikasi sohasida jahonning yetakchi davlati AQSh bo‘lib, u yerda 97 ta AES ishlab turibdi. Biroq atom energetikasining jadal rivoji borasida hozirda Xitoy yetakchi bo‘lib, mamlakatdagi yadroviy loyihalarning umumiy quvvati 2026-yilga borib 100 GVtga yetishi ko‘zda tutilgan. Bu vaqtga kelib Xitoy atom energetikasi ko‘lami bo‘yicha AQShdan o‘zib ketishi aniq. Bundan tashqari, XXR “Bir makon – bir yo‘l” dasturi doirasida hamkor mamlakatlar hududida 30 ta reaktor qurishni ham rejalashtirgan.

Muzaffar Qosimov