23-avgust kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov Hindistonning elchisi Santosh Ja bilan uchrashdi, deb xabar beradi TIV matbuot xizmati.

Foto: “Kun.uz”

Uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan yilda Hindistonga rasmiy tashrifi va Bosh vazir Narendra Modining taklifiga binoan joriy yil yanvar oyida “Jo‘shqin Gujarat-2019” IX xalqaro investitsiya sammitidagi ishtiroki chog‘ida erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish nuqtayi nazaridan ikki tomonlama munosabatlar batafsil ko‘rib chiqildi.

Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi O‘zbekiston – Hindiston hamkorligini kengaytirishdan tomonlar manfaatdorligi tasdiqlandi.

Suhbat chog‘ida turli darajadagi bo‘lajak ikki tomonlama uchrashuvlarning jadvali va kun tartibi ham ko‘rib chiqildi.