14−15-avgust kunlari Surxondaryo viloyatidagi “Sharg‘unko‘mir” korxonasining qariyb 200 nafar konchisi ish tashlagani haqida xabarlar tarqaldi. Norozilik aksiyasiga og‘ir mehnat sharoitlari va korxona rahbariyatining noqonuniy hatti-harakatlari sabab bo‘lgani bildirilgan. Mazkur holat yuzasidan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy bayonot berdi.

Foto: YouTube

Mutasaddilarga ko‘ra, ushbu xolat bo‘yicha maxsus ishchi gurux tashkil etildi. “O‘zbekko‘mir” AJ bosh direktori o‘rinbosari rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan “Sharg‘unko‘mir” AJ korxonasida ishlab chiqarish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi. Tushunmovchiliklar yuzasidan barcha ishchi-xizmatchilarga to‘liq ma’lumot berilgan, jumladan, xodimlarga oylik maoshlarini belgilanish tartibi, mukofot pullari haqida ham tushuntirish ishlari olib borildi. Shundan so‘ng xodimlar yana o‘z joylarida ishlarini davom ettirgan.

Maxsus komissiya norozilik holatlarini atroflicha o‘rganib chiqdi. Natijada 9 nafar mansabdor shaxs o‘z lavozimidan ozod etildi. Mazkur korxonada ishchi-xizmatchilar uchun yaratilgan sharoitlar, iqtisodiy-ijtimoiy holatni to‘liq o‘rganish maqsadida ishchi guruh mutaxassislari “Sharg‘unko‘mir” AJda o‘z ishini davom ettirmoqda.

Ma’lumot uchun, korxonada o‘rtacha ish haqi miqdori 2 343 ming so‘mni tashkil etadi. Jumladan, asosiy faoliyat bilan shug‘ullanadigan kasb egalari bo‘yicha:

Ko‘mir qazib olish kon ishchisi — 3 800 ming so‘m;

Yer osti elektr chilangari — 2 100 ming so‘m;

Yer osti mustahkamlovchisi — 2 490 ming so‘m.

Korxona ishchilarini ishlab chiqarish ko‘rsatkichlariga bog‘langan holda mukofotlash nizomlari ishlab chiqilib, tasdiqlangan. Bajaradigan ishlari bo‘yicha xronometraj kuzatuvlar asosida tannarxlar belgilangan.

2019-yil 1-avgust holatiga jamiyatda tasdiqlangan shtat jadvali bo‘yicha ish o‘rni 596 ta bo‘lib, amalda xodimlar soni 542 kishini tashkil etmoqda. Bugungi kunda 54 ta (jumladan, direksiya 21 ta, “Sharg‘unkumir” AJ bo‘yicha 33 ta) vakant ish o‘rni mavjud.