“Daryo” saytida  haftaning eng muhim va muhokamali xabarlari sharhini boshlaymiz.

Qatorasida ikki haftadan beri ko‘tarilayotgan dollarning yo‘li to‘silib pasayishga majburlandi. 9450 so‘mlik marrani bosib o‘tgan dollar janoblari O‘zbekiston banklari naqd dollarni sotishni boshlagach sekin sur’atlarda qulay boshladi. 23-avgust kuni dollar 9366 so‘m bo‘ldi. Banklar naqd valyuta sota boshlagach, fuqarolar ko‘rpaning qatiga bosgan pullarini sumkalarga solib bankdan dollar xarid qilishga tutindi. O‘zbekistonliklar bir kunning o‘zida 15 million dollar sotib oldi.

Milliy valyutamiz qadrsizlanishi manzarasida ijtimoiy tarmoqlarda so‘m denominatsiya qilinishi, ya’ni 10 ming so‘mni bir so‘mga tenglash orqali qiymati o‘zgartirilishi haqida yolg‘on xabar tarqaldi. O‘zbekiston hayotida katta o‘zgarish yasashi mumkin bo‘lgan bu soxta xabarga ishonuvchilar paydo bo‘lgach, Markaziy Bank raisi Mamarizo Nurmurodov so‘m qiymati o‘zgartirilmasligini ma’lum qildi.

* * *

Har yilgidan boshqacha o‘tgan test sinovlari bu hafta tugadi va yakuniy natijalar e’lon qilindi. Natijani bilish ancha osonlashgan. Uni abituriyentning shaxsiy kabineti, SMS xabarnoma xizmati (5100 qisqa raqamiga abituriyent ID raqamini yuborish) va test natijalari qaydnomasi (oliy ta’lim muassasalariga borgan holda) orqali bilish mumkin. 21-avgustdan esa test sinovlari yuzasidan apellyatsiya berish boshlangan edi.

* * *

21-avgust kuni o‘quvchilarimiz sog‘liqni saqlash xodimlariga nisbatan xunuk munosabatning guvohi bo‘ldi. Andijondagi shifoxonada davolanayotgan bemor ayolning o‘g‘li bo‘lim shifokori bilan tortishib qolib, uni bo‘g‘a boshlagan va, hushini yo‘qotgach, xonada qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, ustiga benzin sepgan. Jabrdiyda uning maqsadini sezib, odamlarni yordamga chaqirgan. Bemorlar va tibbiy xodimlar qulf eshikni sindirib kirgach, zo‘ravon benzinni odamlarga ham sepishga ulgurgan. Ammo u ko‘plashib zararsizlantirilgan va o‘t yoqishiga imkon bermasdan olib chiqib ketilgan. Ko‘p o‘tmay unga qarshi jinoiy ish ochildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Andijonda shifokorga qilingan suiqasdga tibbiyotchilarning haq-huquqlarini saqlash uchun qat’iy huquqiy choralar ko‘rilishi orqali javob berilishini ma’lum qildi.

* * *

Foto: Uz24

O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining “Mahalla” telekanali binosi yonib ketdi. Yong‘in telekanal binosiga kiraverishdagi oshxonadan boshlanib, binoning oxirigacha davom etgan. Yong‘in elektr simlarining qisqa tutashuvi oqibatida sodir bo‘lgan, deb taxmin qilindi. Tan jarohati olganlar yo‘q. Yozishlaricha, telekanal binosi o‘zining o‘t o‘chirish va qo‘riqlash xizmatlariga egadir.

* * *

23-avgust kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining XXI yalpi majlisi ish boshladi va unda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi; “Xotin-qizlarni tazyiqlar va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi; “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida”gi va boshqa dolzarb qonun loyihalari ko‘rib chiqildi. E’tiborlisi shundaki, Senat tarixida ilk marta yalpi majlis ochilishi ijtimoiy tarmoqda jonli efirda uzatildi.

Foto: “Xushnudbek.uz”

Bundan avvalroq Senat raisi Tanzila Norboyeva bir guruh jurnalist va blogerlarni Senat binosiga chaqirib, ular bilan uchrashuv tashkil qilgan hamda ularning takliflarini eshitgan edi.

* * *

Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev mamlakatimizda 25 yil amal qilib kelgan taraqqiyotning o‘zbekcha modelini shubhaga oldi. Parlament yuqori palatasining XXI yalpi majlisida hududlarga investitsiyalarni jalb etish mavzusida ma’ruza qilgan janob Safoyevning nutqidagi asosiy fikrlarni keltiramiz:

...O‘zbekiston kishi boshiga tushadigan yalpi mahsulot ulushi bo‘yicha dunyoning ikkinchi yuztaligidagi davlatlar orasidan o‘rin topdi... O‘zbekiston! Buyuk tarixga, dunyodagi eng mehnatkash aholiga ega O‘zbekiston bir yuz... yigirma nechanchi ham o‘rinda. Hech tushunib bo‘lmaydi!

Sodiq Safoyev.
Foto: “Gazeta.uz”

Buning sababi bitta – vaqtida islohotlar o‘tkazilmagan. Shuning natijasida bizda ishchi kuchimizning uchdan biri – qishloq xo‘jaligida. Bu – qoloqlikning birinchi ko‘rsatkichlaridan biri.

Millionlab hamyurtlarimiz chetda ish qidirib yurishga majbur bo‘ldi...”

“...Ochig‘ini aytaylik, buni hammamiz tushunishimiz kerak, uch yil oldin prezidentimiz jasorat bilan mamlakat rivojida burilish yasamaganida, bizning jamiyatimiz, iqtisodiyotimiz halokat yoqasiga borib qolgan edi.

Bugun iqtisodiy siyosatimizga chuqur va puxta o‘ylangan dovyuraklik... Ko‘p yillar biz asta-sekin, o‘zbek modeli... deb yurdik. Bu – noto‘g‘ri bo‘lgan siyosat. Mana bugun bu to‘g‘rilanmoqda...”

Sodiq Safoyev, shuningdek, hozirgidek investorlarni jalb qilish siyosatini ham tilga olib: “...Sarmoyadorlarga birinchi navbatda qonuniy kafolat kerak. Biz ularga bergan oshimiz, kiydirgan to‘nlarimiz zoye. Ularga bu narsa kerak emas. Ularga aniq qonun va imkoniyatlar kerak. Shuni tushunishimiz kerak..., deb aytdi.

* * *

Aslida sanoqli nashrlar yoritgan bu voqeani dayjestimizga qo‘shishga bir oz o‘ylandik. Axiyri ijtimoiy tarmoqning ko‘p sonli foydalanuvchilari tomonidan qayta-qayta muhokama qilingan voqeani haftanomaga qo‘shishga qaror qildik. 23-avgust kuni Jamoliddin Muhammadjon ismli blogerni maxsus xodimlar mahkamaga olib borib soqolini qirishga majburlagani haqida xabarlar tarqaldi. Blogerning o‘zi Ichki ishlar Bosh boshqarmasiga murojaat qilganini bildirdi. Aslida soqol qo‘yish barchaning shaxsiy ishi bo‘lib, “Daryo” ko‘p bora soqol o‘stirish bo‘yicha tavsiyalar berganini aytib o‘tamiz. Fuqaroning soqol qo‘yishiga organ xodimlari aralashishi (xizmat talabi bilan soqol taqiqlangan holatlar mustasno) xuddi teleserialni davlat mansabdorining xohish-irodasi bilan to‘xtatilishiga o‘xshab, huquqiy davlatga mos kelmaydigan holatdir.

“Daryo” yangiliklarini kuzatib boring. O‘zbekiston va dunyo xabarlaridan eng birinchi xabardor bo‘ling.