26-avgust kuni xalq deputatlari Andijon shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Dilmurod Rahmatullayev lavozimidan ozod etilgani ma’lum qilindi. Bu haqda “Qo‘shni mahalla” kanali xabar berdi.

Foto: “Kun.uz”

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov ishtirokida o‘tkazilayotgan mazkur yig‘ilishda Bahromjon Haydarov vaqtinchalik hokim vazifasini bajaruvchi sifatida tanishtirildi.

Ma’lumot uchun, Dilmurod Rahmatullayev ta’lim tizimida turli lavozimlarda ishlagan. Bir muddat viloyat xalq ta’limi boshqarmasini boshqargan. 2016-yildan buyon Andijon shahriga hokimlik qilib kelayotgandi.

U 2017-yilning kuzida Andijon shahridagi qator ta’lim muassasalarining rahbarlarini nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilgani tasvirlangan audioyozuvlar tarqalib ketganidan so‘ng internetda mashhur bo‘lgandi va o‘sha yilning dekabr oyida sud hukmi bilan eng kam ish haqining 30 barobari miqdorida jarimaga tortilgandi.

Shundan so‘ng u 2018-yilning aprelida o‘tkazilgan videoselektorda shahar ko‘chalarini obodonlashtirish uchun budjet tashkiloti xodimlari, jumladan, maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarini tadbirkorlardan gul va daraxt ko‘chatlarini ancha qimmat narxga sotib olishga majburlagani uchun bosh vazir tomonidan hayfsan olgan hamda oxirgi marotaba ogohlantirilgan edi.