“Taksi” filmi yulduzi, fransuz aktyori Sami Naseri Abay she’rini o‘qib qozog‘istonliklar boshlagan estafetani davom ettirdi, deb xabar bermoqda Tengrinews.

Aktyorning she’r aytayotgani aks etgan video Instagram’da paydo bo‘lgan. Naserining aytishicha, estafetani unga Qozog‘istonning Fransiyadagi elchixonasi maslahatchisi Murager Sauranbayev topshirgan.

“Salom, mening ismim Sami Naseri. Men fransuz aktyoriman. Do‘stim Muragerdan estafetani qabul qildim va uni mashhur bokschi Gennadiy Golovkinga topshiraman. GGG”, — degan Sami Naseri.

Aktyor Abay she’rini fransuz tilida o‘qigan.

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Lyaylim Shirak ismli qizdan estafetani qabul qilib, o‘zining Instagram’dagi sahifasida video joylagan edi. Prezidentdan so‘ng estafetada Qozog‘iston Fan va ta’lim vaziri Asxat Aymagametov, shuningdek, madaniyat va sport vaziri Aktoti Rayimkulova ishtirok etgan.

Keyinchalik chellenjga qozog‘istonlik qo‘shiqchi Dimash Kudaybergen qo‘shilib, uni Ukraina va Rossiya bastakori Igor Krutoyga bergan va u estafetani qabul qilgan.