Joriy yil may oyida Yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan AQSh kinoakademiyasi ro‘yxatidan o‘tkazilgan O‘zbekiston Oskar qo‘mitasi 16-sentabr kuni Oskar mukofotining “Eng yaxshi xalqaro badiiy film” nominatsiyasiga O‘zbekiston nomidan ilgari suriladigan film nomini e’lon qiladi. Bu haqda “Daryo”ga Yoshlar media markazi ma’lum qildi.

Foto: Yoshlar media markazi

O‘zbekiston Oskar qo‘mitasi ushbu nominatsiyaga mahalliy kinoijodkorlardan arizalar qabul qilishni boshladi. Arizalar joriy yil 27-avgustidan 12-sentabriga qo‘mitaning koordinatsion markazi hisoblangan O‘zbekiston milliy kinokomissiyasida qabul qilinadi.

Kelib tushgan murojaatlar 13—14-sentabr kunlari qo‘mita tomonidan ko‘rib chiqiladi. 16-sentyabr kuni AQSh kinoakademiyasi mukofoti uchun O‘zbekiston nomidan ilgari suriladigan film nomi rasman e’lon qilinadi.

Tanlovda davomiyligi 40 daqiqadan kam va asosiy tili ingliz tili bo‘lmagan badiiy to‘liq metrajli filmlar ishtirok etishi mumkin.

Film kinoteatrlarda prokatga chiqishidan oldin, uni televideniyada yoki internetda namoyish qilish va DVD formatlarida tarqatish taqiqlanadi, lekin kinofestivallarda qatnashishga ruxsat beriladi.

Bundan tashqari, nomzod film 2018-yilning 1-oktabridan 2019-yil 30-sentabriga qadar kamida 7 kun davomida  kinoteatrlarda namoyish qilingan bo‘lishi lozim.

Ma’lumot uchun, 92-Oskar mukofoti sovrindorlarini taqdirlash marosimi 2020-yil 9-fevralda Los-Anjelesdagi Dolbi teatrida bo‘lib o‘tadi.