Kecha, 26-avgust kuni Surxondaryoda katta arxeologik kashfiyot amalga oshirilgani e’lon qilindi. OAVda chiqqan xabarlarga ko‘ra, tarixiy manbalarda tilga olingan, Aleksandr Makedonskiy tomonidan asos solingan Oks Aleksandriyasi shahrining xarobalari aniqlangan.

Xabar atrofida har xil tushunmovchiliklar kelib chiqdi. Ushbu maqolada barcha tushunmovchiliklarga oydinlik kiritamiz, shuningdek, ba’zi savollarga javob beramiz, jumladan: Oks Aleksandriyasi yangi ochildimi, yoki bu eski topilmami? xarobalar aynan shu shaharga tegishliligi qanday aniqlandi? umuman, bu yangilikka ishonsa bo‘ladimi?

Foto: Sputnik

Yangi tarixiy yodgorlik ochildimi?

Yo‘q. Surxondaryoda joylashgan Kampirtepa yodgorligi ko‘pdan beri ma’lum – u 1972-yili ochilgan. Bu yodgorlik 6-sinf O‘zbekiston tarixida, Kushon davlati haqidagi bo‘limda tilga olingan ham. Darvoqe, Kampirtepani ochgan arxeolog Edvard Vasilyevich Rtveladzening o‘zi bo‘ladi.

1979-yilda O‘zbekiston san’atshunoslik ekspeditsiyasi boshlagan arxeologik qazishma ishlari 1992-yilgacha davom etib, yodgorlikning asosan Kushon podshosi Kanishka I davriga oid (taxminan milodiy 100–123 yillar) qismini o‘rgandi.

Shu bilan birga, Yunon-Baqtriya davriga oid tangalar topilishi shahar aslida eskiroq ekanligini ko‘rsatdi. 1999-yili tashkil etilgan Toxariston arxeologik ekspeditsiyasi 2000-yildan boshlab yodgorlikning ellinistik davrga oid qismini o‘rganib kelmoqda. Bu tadqiqotlar davomida Kampirtepa miloddan avvalgi IV asr ikkinchi yarmida qurilgan frurion – mudofaa qal’asi ekanligi aniqlandi. Keyinchalik qal’a me’morchiligi va funksiyalari bir necha bor o‘zgartirilib, Kushon davrida karvonlarga xizmat ko‘rsatuvchi bojxona va savdo shaharchasiga aylangan.

O‘rta Osiyoda yunon shaharlari qanday paydo bo‘lgan?

Ellinistik davr deganda jahon tarixida Aleksandr Makedonskiy (miloddan avvalgi 356–323-yillar) istilosidan so‘ng boshlangan davr tushuniladi. Makedonskiyning yurishlari natijasida birlashtirilgan, Yevropa janubi-sharqidan Hindistongacha cho‘zilgan hududda yagona madaniy va siyosiy muhit yuzaga keldi: bu yerda yunonlar hukm surar, ular o‘z madaniyatini boshqa xalqlarga yoyar, ayni paytda Sharqdan ham ko‘p narsa olar edi. Tarixchilikda bu globallashuvning dastlabki misoli sifatida ko‘riladi.

Aleksandr Makedonskiyning Doro III bilan jangi aks ettirilgan ellinistik devor surati, Misr

Ana shunday sharoitda butun Sharqda yunonlar tomonidan yunoncha an’analar asosida ko‘plab shaharlar, qal’alar va istehkomlar qurilgan. Bu ishni Aleksandrning o‘zi boshlab bergan – u egallagan yerlarni qo‘riqlash, bu yerga yunonlarni joylashtirish uchun qal’alar va shaharlar qura boshlagan. Jumladan, Sirdaryo bo‘yida fors podshosi Kir II (miloddan avvalgi 559–530-yillarda hukm surgan) tomonidan qurilgan Kiresxata qal’asini qayta tiklab, Aleksandriya Esxata deb nomlagani aytiladi (bu qal’a hozirgi Xo‘jand shahri o‘rnida bo‘lgani taxmin qilinadi). Shuningdek, Makedonskiydan so‘ng hokimiyatga kelgan ko‘plab yunon sulolalaridan biri – Selevkidlar vakili Antiox I (miloddan avvalgi 324–261-yillar) Amudaryo bo‘yida Antioxiya Tarmita shahrini qurgan – uning xarobalari Eski Termiz deb nomlanadi.

Manbalarda, shuningdek, Aleksandr Makedonskiy Amudaryo bo‘yida Oks Aleksandriyasi nomli shahar (yoki qal’a) qurdirgani aytiladi.

Oks Aleksandriyasi qayerda joylashgan?

Jahon tarixchiligida Oks Aleksandriyasi lokalizatsiyasi bo‘yicha ikki asosiy taxmin mavjud:

1) Oks Aleksandriyasi keyinchalik Antiox I tomonidan qayta qurilib, Antioxiya Tarmita deb nomlangan, ya’ni bu ikkisi bir shahardir. Agar bu taxmin rost bo‘lsa, uning xarobalari Eski Termiz yodgorligida joylashgan (Termiz shahri yaqinida);

Eski Termiz.
Foto: “Qirqqiz”

2) Afg‘onistonning Tahor viloyatida, Amudaryoning janubiy sohilida Oyxonim yodgorligi aniqlangan. 1965–1978-yillar orasida Fransuz arxeologik ekspeditsiyasi olib borgan qazishma ishlari davomida u yerda yirik ellinistik shahar ochilgan. Hozir ko‘pchilik tarixchilar Oyxonimni Oks Aleksandriyasi xarobalari deb biladi.

Oyxonimdan topilgan yunoncha kapitel – ustunning yuqori qismi.
Foto: Ekspeditsiya materiallari

2000-yildan keyin olib borilgan qazishma ishlaridan so‘ng Kampirtepaning ellinistik davrga oid qismi ochilgach, o‘zbek arxeologi Rtveladze uchinchi versiyani taklif qildi. Unga ko‘ra, Oks Aleksandriyasi xarobalari Kampirtepada joylashgan.

Endi asosiy savolga keldik: olim qanday isbot-dalillar asosida bunday xulosaga kelgan?

Kampirtepaning qadimgi ko‘rinishi qanday bo‘lgan? Animatsiyaga ishonsa bo‘ladimi?

Yozma yodgorliklardagi ma’lumot yetarli bo‘lmaganida u yoki bu tarixiy shaharning o‘rnini aniqlashda olimlar odatda shaharning joylashuviga, me’morchiligiga e’tibor qaratadi. Rtveladzening ham asosiy argumentlari Kampirtepaning joylashuvi va qurilishi bilan bog‘liq.

Hozircha na yodgorlikni ko‘rish, na qazishmalar hisobotlari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lmaganim uchun faqat Rtveladze muallifligidagi “Kampirtepa – Oks Aleksandriyasi: Oks bo‘yidagi shahar-qo‘rg‘on” broshyurasida keltirilgan ma’lumotga tayanishga majburman.

Shahar me’morchiligi tahliliga o‘tishdan oldin bir kirish qilib olaylik. Har bir tarixiy davrning o‘ziga xos me’morchilik an’analari bo‘ladi: turli davrlarda odamlar turli inshootlarni turli qiyofada qurgan. Ularning shakliga qarab ham davrni taxminan aniqlash mumkin.

Yuqoridagi broshyurada arxeologik yodgorlikning strukturasi tavsiflangan va, keltirilgan ma’lumotlarga ishonsak, unda ellinistik hayot elementlari bo‘lgan, xususan, temenos – mehroblar va ibodatxonalar joylashgan diniy hudud aniqlangan, donli ekinlar va uzum saqlanadigan katta ko‘zalar – pifoslar topilgan. Shu bilan birga, umumiy tavsif menda shahar butunlay ellinistik qiyofaga ega degan tasavvur uyg‘otmadi. Nazarimda, unda mahalliy shaharsozlik an’analari ham aks etgan.

Yodgorlik haqidagi tasavvurimiz aniqroq bo‘lishi uchun Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan tayyorlangan videoga murojaat etamiz. Unda Kampirtepaning o‘tmishdagi qiyofasi juda chiroyli qilib tasvirlab berilgan.

Qo‘mita vakillariga ko‘ra, rolik Toxariston arxeologik ekspeditsiyasi tadqiqotlari materiallariga hamda San’at instituti ma’lumotlariga asoslanadi. Ishga shaharni o‘rgangan tarixchi va arxeologlar jalb etilgan. Shahar me’moriy qiyofasi aniq tiklangan. Bu ishda Shokir Pidayev, Abdumannob Ziyayev, Edvard Rtveladze singari ko‘zga ko‘ringan olimlar ishtirok etgan. Animatsiyani Sherzod Nosirov boshchiligidagi professional videoanimatorlar va me’morlar yaratgan.

Videoni ko‘rgach, menda bir qator savollar tug‘ildi:

1) Rtveladzening broshyurasida ta’kidlanishicha, qazishma ishlari yodgorlikning faqat shimoli-g‘arbiy qismida olib borilgan, ya’ni shaharning to‘rtdan bir qismi ochilgan, qolgan qismlarni animatsiyada ko‘rsatish uchun arxeologik ma’lumot bo‘lmagan. Qo‘mita vakillarining javobiga binoan, qolgan qismlarni tiklashda hudud relyefi hamda dunyoning boshqa qismlaridagi shaharlar me’morchiligi inobatga olingan;

2) Animatsiyada biz ellinistik davrga emas, Kushon davriga oid me’moriy yechimlarni ko‘ramiz.

Quyidagi skrinshotda Kushon davriga xos tipik ayvonli uyni ko‘rishingiz mumkin. Kushon davrida ko‘pgina yirik uylar, saroylar, ibodatxonalar shu shaklda qurilgan.

Videodan kadr

Uni Oyxonimdan topilgan ustunlar bilan qiyoslab ko‘ring. Umuman, Oyxonim suratlaridan yuqoridagi singari inshootlarni topa olmadim.

Oyxonimdan topilgan ustunlar. Ular mahalliy choyxonaga olib ketilgan.
Foto: Ekspeditsiya materiallari

Nazarimda, yodgorlikning umumiy planirovkasi va me’morchiligi antik shaharlarnikiga o‘xshamaydi.

Kampirtepa rekonstruksiyasi.
Videodan kadr

Kampirtepaning 3D maketini yirik antik shahar – Pergamning maketiga qiyoslab ko‘ring.

Pergam shahri maketi.
Foto: Wikipedia

Animatsiya mualliflari bilan, ayniqsa professional tarixchi va arxeologlar bilan talashish niyatim yo‘q – bunga bilimim yetmaydi. Lekin mana shu detalga faqat men emas, yana bir qancha blogerlar, jurnalistlar hamda mavzuga qiziquvchi boshqa kasbdagi insonlar e’tibor qaratdi (kanalimda masalani ko‘tarib chiqqanimdan so‘ng shu haqda ko‘plab fikrlar va ma’lumotlar kelib tushdi). Yodgorlikning taqdimot marosimida ishtirok etgan hamkasblarimdan birining e’tiborini bunga tortganimda, u “animatsiya – shunchaki multfilm ekanligini tan oldi. Uning bu so‘zlari Turizmni rivojlantirish qo‘mitasidan olgan ma’lumotimga mos kelmayapti. Qo‘mita vakillari bu masalaga oydinlik kiritsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Shunday qilib, Kampirtepa rostdan ham Oks Aleksandriyasi ekanligini isbotlaydigan muhim jihatlardan biri – shahar me’morchiligida anglashilmovchilik kelib chiqyapti. Endi boshqa argumentlarga o‘tamiz.

Rtveladzening dalillari

Rtveladze broshyurasining ikkinchi qismida Oks Aleksandriyasi haqidagi versiyalarni (yuqorida ko‘rib chiqdik) ko‘rib chiqib, ularga baho beradi. Oyxonim va Eski Termiz versiyalariga qarshi u quyidagi argumentlarni keltiradi:

1) Yunon geografi Klavdiy Ptolemeyning xaritalarida Oks Aleksandriyasi Amudaryoning o‘ng qirg‘og‘ida joylashgan, Oyxonim esa daryoning chap qirg‘og‘ida;

2) Oyxonimdagi inshootlar kvadrat shaklidagi xom g‘ishtdan qurilgan, bunday g‘ishtlar esa mintaqada miloddan avvalgi III asr o‘rtalaridan, ya’ni Aleksandr Makedonskiydan 80 yil keyin urfga kirgan;

3) Ikki yodgorlikdan ham Aleksandr Makedonskiy davriga oid arxeologik qatlamlar aniqlanmagan.

Rtveladze o‘z nazariyasini himoya qilib, quyidagi dalillarni keltiradi:

1) Oyxonim va Eski Termizdan farqli ravishda, Kampirtepa Aleksandr Makedonskiy davrida qurilganini u yoki bu darajada ko‘rsatuvchi dalillar bor. Harqalay, qal’aga miloddan avvalgi IV asr ikkinchi yarmida asos solingan;

2) Makedonskiy tomonidan Amudaryo bo‘yida qurilgan bitta frurion-qal’a haqida ma’lumot bor – Oks Aleksandriyasi. Kampirtepa o‘sha qal’a bo‘lsa kerak.

Foto: Sputnik

Bu argumentlarni rad etadigan detallar bor. Avvalo, gap yuqorida ko‘rib chiqilgan me’morchilik haqida gap ketmoqda. Aleksandr davrida yunonlar bunday qal’a qurganiga ishonish qiyinroq. Boz ustiga, bu aynan Oks Aleksandriyasi emas, o‘sha davrda, hatto yunonlardan himoyalanish maqsadida qurilgan qo‘rg‘on bo‘lishi mumkin.

Eng muhimi mana shunda: Rtveladzening o‘zi ham komil ishonch bilan Kampirtepa aniq o‘sha qal’a deb yozmaydi. “Aftidan, shu bo‘lsa kerak”, deydi. Tarixchilikda, ayniqsa yozma manbalar kamligida, 100 foizlik ishonch bilan bunday xulosa qilish deyarli imkonsiz.

Shunday ekan, yana savol tug‘iladi: unda nega Kampirtepa allaqachon Oks Aleksandriyasi deb e’lon qilinib, taqdimoti o‘tkazib yuborildi?

Tarixchilik va PR

Hozircha bir narsani aniq aytishim mumkin: “Surxondaryodan Oks Aleksandriyasi topildi” shaklidagi sarlavhalar aldamchidir. Avvalo, topilma eski, shunchaki uning tarixi bo‘yicha yangi gipoteza ilgari surildi. Ikkinchidan, hali ilmiy hamjamiyat bu gipotezani qabul qilgani yo‘q. Shunday ekan, “olamshumul kashfiyot” haqida gapirishga hali erta. Bu masalada shoshqaloqlik qilinmoqda.

Nazarimda, gipotezadan xabar topgan turizm amaldorlari undan PR maqsadida foydalanishga qaror qilgan. Bu harakatni butunlay salbiy deb baholamayman: yirik arxeologik yodgorlik reklama qilinib, turizm obyektiga aylanishi shubhasiz ijobiy holat. Ustoz Rtveladze ulkan tadqiqotni amalga oshirgani ham shubhasiz, uning mehnati e’tirof etilayotgani esa ajoyib tendensiya. Asosiy muammo hali tasdiqlanmagan gipotezaning sarlavhalarga olib chiqilgani hamda mavzuni yoritishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilganidir, zotan, tadbirga yirik nashrlar jurnalistlarini taklif qilinganini ham ko‘rmadim, soha ekspertlarining fikrlari, maqolalari berilganini ham kuzatmadim – hammayoqda umumiy gaplar takrorlandi xolos.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.