“Daryo” kolumnisti an’anaviy ruknda o‘tgan haftada muhokama qilingan asosiy ijtimoiy masalalarga to‘xtalib o‘tadi.

Bu kunlar yaqinlashayotganda mardikorlar yashirinishga intiladi. Yashirinmaganlarini posbonlar tutib mahkamaga topshiradi va jarima soladi. Uysizlar biror teshik topib bekinib o‘tirishga harakat qiladi, aks holda o‘zini boshqa joyda ko‘radi. Militsiya, Milliy gvardiya va boshqa organ xodimlari uyiga kech va asabiy qaytadi. Xotini keltirgan ovqatni ishtahasizlik bilan tatib, uxlab qoladi. Aloq-chaloq tushlar uzra barvaqt uyg‘onishi va so‘fi azon aytmasdanoq ishga otlanish kerak axir. Jinoyatchi tong ekan, tadbir ekan, deb kutib turmaydi.

Shubha tug‘dirgan o‘tkinchilar to‘xtatilib bemalol tintib ko‘riladi. Sumkasini, cho‘ntaklarini... Soqoli borlarga uydan chiqmay o‘tirish tavsiya etiladi. Bo‘lmasa, mahkamada soqolini olib qo‘yishadi.

Foto: Google Photos

Haydovchilar... har doim balogardon va uddaburon haydovchilar yo‘lovchilarning hujjatini so‘rab mashinasiga oladi. Avtomobiliga iloji boricha ko‘p yuk olmaslikka harakat qiladi – surishtirib qolishlari mumkin. Iltimos qilishsa, “uch-to‘rt kun o‘tvolsin, oka” deyishadi. Ammo yo‘lovchi tashuvchilar o‘zlarini aslo ranjitishmaydi. Narxni ikki baravarga ko‘tarishadi. O‘z shahriga qaytayotgan yo‘lovchilarni eng avvalo yo‘lkira bahosi tashvishlantiradi. Aslida-ku, uch-to‘rt kunda hammasi iziga tushadi, ammo shu kunda uyga bormasa bo‘lmaydi-da, cho‘ntakni chuqurroq kavlamasa qiyin. Pulingiz yo‘lkiraga yetmasa, salomat bo‘ling.

Qurilish inshootlarida ish qizigandan qiziydi. Fasadni yop, devorni bo‘ya, romni o‘rnat, plitkani ter, ha, bo‘l. Axir inshoot shu kunga atab topshiriladi. Buning uchun tungi smenada ham ishlashadi. Tungi ish kunduzgidek bo‘larmidi? Jindek shoshmay, keyinroq topshirsang, shu imorating pishiq bo‘ladi-ku. Yo‘q, shu kunda topshirmasa bo‘lmaydi. Apil-tapil qo‘l uchida bitirib topshiriladi ham. Devori sho‘rlagan, tunukasi shamolda uchgan, plitasi qulagan, bo‘yog‘i ko‘chgan, yerto‘lasida suv chiqqan imoratlar qayerdan paydo bo‘ladi? Albatta, bular shu kunga atalgan shoshmashosharliklar mevasidir.

Ko‘p gapirvordim. Qaysi kun haqida gapirayotganimni tushungan bo‘lsangiz kerak. Endi ko‘p gaplashmay bu yerdan ketaylik. Bizdan ham shubhalanishlari mumkin.

Andijon hokimi, “foydali chaqimchilik” va Navoiyning nasihati

Hafta ijtimoiy muammolari uchun mavzu qidirish shart emas, o‘zi oyoq ostidan chiqadi, Telegram’dan keladi va hokazo.

Foto: “Kun.uz”

Birinchi holat. Mansabdorlarimiz omon bo‘lsa, sira muammo qidirib yurmaymiz. Navbatdagi qovunning eng shirinini Andijon shahri hokimi tushirdi. Garchi saytlar sirli bir ma’lumotni berkitganday “intim fotosuratlar saytda mavjud biroq ko‘rsatilmaydi” deya gerdayib xabar bergan bo‘lsa-da, ko‘rmagan qolmadi. Hokimbuva ishdan ham ketdi.

Bu voqeaning boshqa jihatiga to‘xtalmoqchiman. Hokimning intim fotosi tarqalishi ishdan ozod qilinishiga olib keldi. Ammo uning xodimlarni so‘kishida mashhur “shakal”, degan iborasini bilmagan yo‘q edi. “Budjetnik”larni qimmat ko‘chat olishga majburlagani uchun Bosh vazirdan ogohlantirish ham olgandi. Ammo uning amalidagi xatosi emas, shaxsiy xatosi ayb deb qaraldi. Qorishma normalarimiz qiziq – xodimlarni haqoratlasa bo‘ladi, budjetni talon-toroj qilish mumkin, ammo bir ayol bilan kiyimsiz rasming tarqalsa, urdi Xudo. Kechirasiz, ammo intim rasmi tarqagani shaxsiy masala. Juftlik kelishib “bir oilamiz” deb da’vo qilsa, hech narsa deya olmaysiz. Hatto sud isbotlashi juda qiyin. Qanchadan-qancha amaldorning 2-,3-,4-xotini bor. Yotoqdagi surati tarqalishi albatta yaxshi emas, biroq shaxsiy masala orqasidan amaldorning ishdan bo‘shatilishi g‘alati. Biz o‘rganayotgan G‘arbda bunday rasmlarga jiddiy qaralmaydi, hatto internetda oilaviy... ha, bo‘pti, suyulmaylik, ammo davlat mulkini talon-toroj qilganni qattiq jazo kutadi.

Skrin: “Daryo”

Ikkinchi holat. Hurmatli ulamolarimizning bir savolga javobi bizni yana yozishga undadi. “Yo‘l harakati qoidalarini buzgan haydovchini videoga olib jarimadan besh foizini o‘zlashtirish yaxshimi-yomonmi?” degan savolga diniy nashr hay’ati “Inson xatodan xoli emas. Siz kimnidir aybini berkitsangiz Alloh sizni ham aybingizni berkitadi”, deb javob beribdi. Bizning nazarimizda shaxsga oid ayblarni yashirish olqishlanadi. Sizga jabr qilganning aybini yashirmoqchimisiz? Marhamat, mard insonligingiz tahsinga loyiq. Lekin kishining aybi jamiyatga zarar keltirsa, xususan, katta fojiaga olib kelishi muqarrar bo‘lsa, uning aybini yashirish emas, fosh etish va jazolanishiga erishish lozim. Bolalar o‘ynaydigan ko‘changizda tezlik 10 kilometr/soat etib cheklangan bo‘lsayu, bir o‘pka oltmish tezlikda yursa, nasihatingizni olmasa, aybini yashirasizmi? Hech qachon. Bundaylarni fosh etish va javobgarlikka tortish kerak. Chunki uning aybi tufayli jamiyat zararga uchrashi mumkin.

Bu ikki holat o‘rtasidagi parallelga diqqat qiling. Biz shaxsiy masala bilan ijtimoiy masalani chalkashtirib hukm yasashga haqqimiz yo‘q. Blogpostimizni falsafiy ko‘tarinki ruhda tugallash uchun Navoiy bobomizdan bir baytni tirkab qo‘yamiz:

Yuz jafo qilsa manga bir qatla faryod aylamon,

Elga qilsa bir jafo, yuz qatla faryod aylaram.

Sarvar usta

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.

Avvalgi hafta ijtimoiy muammolari: