Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi tasarrufidagi “Rishton” chegara bojxona posti barcha fuqarolar hamda yengil avtomashinalar harakati uchun ochildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.

Foto: “Daryo”

Natijada So‘x tumanidan viloyat markazigacha bo‘lgan masofa qariyb 42 kilometrga qisqardi.

Ochilish marosimida Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev, Qirg‘iziston Respublikasi Botkent viloyati gubernatori Akram Madumarov va ikki mamlakatning bir qator rasmiy shaxslari ishtirok etdi.

Foto: “Daryo”

“Rishton” bojxona chegara posti shu kunga qadar faqatgina Rishton tumani hamda Qirg‘izistonning Qadamjoy tumani fuqarolarining piyoda harakatlanishlari uchun ochiq edi. So‘x tumani aholisi bir necha yillar davomida viloyat markaziga kelish uchun soatlab vaqt sarflab, “Vodil” bojxona chegara posti orqali qatnardi.

Foto: “Daryo”

2013-yil yanvar oyida sodir bo‘lgan voqealar oqibatida Farg‘ona viloyatining So‘x tumaniga olib boruvchi Rishton yo‘li yopilib, “Vodil” posti yagona qatnov yo‘li hisoblanardi.