28-avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda Samarqandda Spark va Nexia mashinalari haydovchilari itni bosib o‘tishga urinayotgani videosi tarqaldi.

Foto: YouTube

Oldin bunga Nexia haydovchisi urinib ko‘radi, shundan so‘ng Spark haydovchisi uch marta harakat qildi. Bularning bari miltillovchi ko‘k-qizil chiroqlarini yoqib olgan patrul-post xizmati avtomobili yonida ro‘y berdi. PPX xodimi esa itga tosh uloqtiradi.

Viloyat IIB matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 28-avgust kuni soat 1:30 da Samarqand shahar davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi tomonidan shaharda bir guruh fuqarolarni it tishlagani haqida shoshilinch xabarnoma kelib tushgan.

Shu xabarga asosan soat 3:00 da shahar IIB PPXB va JTSB karantin tadbirlarini ta’minlash guruhi xodimlari va it ovlash brigadasi voqea joyiga yetib borib, quturganlikda gumon qilingan itni ushlash choralarini ko‘rgan.

Ushbu jarayonda it tadbir ishtirokchisi bo‘lgan ichki ishlar xodimiga ham tashlangan. Shu sababli itni ushlashda zarur choralar ko‘rishga to‘g‘ri kelgan.

Odamlarga tashlangan it ushlangach, shahar veterinariya bo‘limi tomonidan viloyat veterinariya boshqarmasi virusologiya laboratoriyasiga yuborilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan videoda aks etgan it 15 nafar fuqaroga tashlanib, ularga jarohat yetkazgan. Bu fuqarolarning barchasi shifoxonaga yotqizilib, antirabik emlash kursi olib borilmoqda.

Quyida — shafqatsizlik aks etgan video; ko‘ngli bo‘shlarga quyidagi videoni ko‘rish tavsiya etilmaydi