Google kompaniyasi iOS operatsion tizimida boshqariluvchi qurilmalarga so‘nggi ikki yil ichida juda ko‘p hujumlar bo‘lgani va bu 2019-yilning fevralidagina to‘xtatilganini ma’lum qildi, deb xabar beradi Meduza.

Foto: EPA

Hujum operatsion tizimdagi nuqson sabab amalga oshirilgan va bunda asosan iOS’ning 10—12-versiyalarida ishlovchi qurilmalar zarar ko‘rgan. iPhone foydalanuvchilari shunchaki zararlangan saytga kirishi kerak bo‘lgan xolos, natijada hakerlar uning geolokatsiyasi, xabarlari va fayllariga kirib olgan.

Shuningdek, hakerlar telefonga iPhone’da saqlanuvchi har qanday sertifikatdan foydalanish imkonini beradigan maxsus implantni joylashtirish imkoniga ega bo‘lgan — bu esa WhatsApp va Telegram messenjerlaridagi yozishmalarni o‘qish imkonini bergan. Qurilma bir marta o‘chirib yoqilgach, josus-dastur avtomatik ravishda ishlashdan to‘xtagan, biroq hakerlarda parollar haqida ma’lumot qolavergan.

Google’ning ma’lumotlariga ko‘ra, hujumlar oqibatida har haftada minglab iPhone’lar zararlangan. Motherboard’ning qayd etishicha, mazkur holat Apple telefonlari tarixidagi eng yirik hujum hisoblanadi.

Google iOS’dagi kamchilikni 2019-yil 1-fevral kuni Apple’ga ma’lum qilgan. Oradan bir necha kun o‘tgach, Apple ushbu nuqsonni bartaraf etib, iOS’ning yangi versiyasini chiqargan.