Shahardagi tashkilotlarning biznes-ma’lumotnomasi va 3D-xaritasini o‘z ichiga olgan dasturni ishlab chiqish bilan shug‘ullanuvchi 2GIS xalqaro IT-kompaniyasi O‘zbekistonda ish boshladi. Kompaniya Toshkentdagi binolar haqida batafsil ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan dasturni taqdim etdi. Bu haqda kompaniyaning Instagram’dagi sahifasida ma’lumot berilgan.

Foto: 2GIS

“Bugun Toshkentda 2GIS ma’lumotnomasi va xaritasi paydo bo‘ldi. Bu bepul dastur bo‘lib, kerakli manzillarni topish, avtobuslar yo‘nalishini kuzatish, avtomobil uchun navigatorni yoqish, kompaniyalar haqida biror bir fikr qoldirish, ularning telefon raqamlari, ish vaqtlarini bilish va boshqa ko‘plab ma’lumotlarni topishga yordam beradi”, — deyiladi xabarda.

Spot’ning yozishicha, 2GIS kompaniyasi O‘zbekistonda ish boshlash niyatida ekanligi haqida 2019-yilning boshlarida ma’lum bo‘lgandi. O‘shanda kompaniya koll-markaz uchun operatorlarni qidirishni boshlagan edi. U vaqt servisda Toshkent shahrining xaritasi deyarli mavjud emasdi:

Foto: Spot

Endi esa nafaqat shahar xaritasining batafsil ko‘rinishini, balki shahardagi u yoki bu binodagi qanday kompaniyalar joylashganini ham ko‘rish mumkin. Masalan, “O‘zbekiston” mehmonxonasi binosida:

Foto: Spot

O‘zbekiston mazkur servis ishlaydagi jahondagi o‘ninchi davlatga aylandi. Hozircha servisda O‘zbekiston bo‘yicha faqat Toshkent haqida ma’lumot olish mumkin.

Kompaniyaning ma’lum qilishicha, xaritada 217 mingdan ortiq bino, ma’lumotnomada esa 35 mingdan ortiq tashkilot haqida batafsil ma’lumot bor.

“2GIS mutaxassislari 37 mingdan ortiq turar joy binolaridagi podyezdlarning kvartiralar diapazoni bilan ma’lumotlarini to‘pladi. Bu kvartira raqamiga qarab, qaysi podyezdga kirish lozimligini bilib olish imkonini beradi”, — deyiladi kompaniya xabarida.

Xaritada “Suzuk ota” majmuasi, “Minor” masjidi, Temuriylar tarixi muzeyi, “Chorsu” bozori va Next savdo markazining 3D-modellari bor.