Telegram messenjeri yaqin kunlarda foydalanuvchilarga o‘z telefon raqamlarini hatto kontaktlar ro‘yxatida bor suhbatdoshlardan ham yashirish imkonini beruvchi yangilanishni chiqaradi. Bu haqda Reuters agentligi o‘z manbasiga asoslanib xabar berdi.

Telegram amalga oshiradigan ushbu yangilanish Gonkongdagi norozilik namoyishi ishtirokchilariga o‘z shaxsiy ma’lumotlarini rasmiylardan yashirish imkonini beradi. Xabar berishlaricha, Gonkongdagi namoyishchilar Telegram’dagi katta guruhli chatlar orqali uyushib, muvofiqlashgan holda harakat qilmoqda.

Hozircha Gonkong va Xitoy rasmiylari namoyishchilarning shaxsini Telegram vositasida aniqlashga uringan-urinmaganligi yuzasidan biror izoh berganicha yo‘q, deb yozmoqda Meduza.

Hozircha Telegram foydalanuvchilari o‘z telefon raqamini hammadan ham yashira olmaydi. “O‘z telefoni kitobiga raqamingizni saqlab qo‘ygan foydalanuvchilar siz ularni kontaktlaringiz ro‘yxatiga qo‘shsangizgina raqamingizni Telegram’da ko‘rishi mumkin”, — deb yozilgan messenjerning saytida.