Deyarli 20 yillik loyihalash va yig‘ish ishlaridan keyin XXI asrning eng kutilgan teleskopi – Jeyms Uebb nihoyat to‘liq yasab bo‘lindi. NASA’ning eng asosiy teleskopi maqomida “Xabbl” teleskopining o‘rnini egallashi uchun qurilgan “Jeyms Uebb” yaqin orada o‘zining asosiy vazifasini bajarishga – koinotni tadqiq qilish va ulkan masofalar tufayli kishi ko‘zidan pinhon bo‘lgan narsalarni topishga kirishishi kutilmoqda.

“Jeyms Uebb” teleskopi qanday ishlaydi?

“Jeyms Uebb” kosmik teleskopi shu paytgacha koinotga chiqarilgan teleskoplar ichida eng katta, kuchli va murakkab orbital rasadxona bo‘ladi. U “Xabbl”dan ko‘ra yetti karra yaxshiroq nur to‘plash xususiyatiga ega, shuningdek, infraqizil to‘lqinlarni vizualizatsiya qilish borasida ham boshqalardan ustun bo‘ladi. Olimlar bizdan eng-eng olisdagi obyektlarni ham ko‘rish mumkin bo‘lishiga umid qilmoqda.

Foto: “Hi-Tech.ru”

Infraqizil nurlar diapazonida ishlaydigan maxsus teleskopni orbitaga chiqarish g‘oyasi dastavval 1990-yillar o‘rtalarida maydonga chiqqan bo‘lib, o‘shandan buyon “Jeyms Uebb” teleskopi loyihasi bir necha marta muvaffaqiyatsizlikka yo‘liqdi. Teleskopni avvaliga 2007-yildayoq uchirishni reja qilingan edi. Biroq yig‘ish davomida duch kelingan ko‘plab texnik muammolar sababli loyiha kechikavergan.

Gap shundaki, yangi avlod teleskopi bo‘lmish “Jeyms Uebb” Yer–Quyosh tizimining L2 Lagranj nuqtasi deb nomlanadigan joyida, sayyoramizdan taxminan 1,5 million kilometr olislikdagi ochiq koinotga chiqarilishi rejalashtirilgan. Bu esa hatto Oydan ham bir necha barobar olis masofadir. Bunday olis masofa esa teleskopning texnik yechimlari uchun muayyan qat’iy shartlarni joriy qiladi. Chunki texnik obyekt qanchalik olisga jo‘natilsa, texnik xato tufayli undan mosuvo bo‘lish xatari shunchalik katta bo‘ladi (inson qo‘li bilan qimmat pulga yasalgan matoh shunchalik olisda joylashar ekan, arzimagan texnik xatolik sababli undan ayrilib qolish juda alamli bo‘ladi albatta). Boshqacha aytganda, agar biror istalgan sabab bilan teleskopning texnik jihozlari ishdan chiqsa, borib uni ta’mirlab kelishning iloji bo‘lmaydi.

“Jeyms Uebb” teleskopi nimaga kerak o‘zi?

Dohiyona muhandislik yechimiga ko‘ra, ushbu infraqizil nurlar teleskopi bir vaqtning o‘zida bir necha vazifani bajarishi mumkin. Teleskopga o‘rnatilgan zamonaviy apparatura odamzotga juda qadimgi strukturalarni, hattoki Katta portlashdan keyinoq darhol paydo bo‘lgan narsalarni ko‘rishga ham imkon beradi. Bundan tashqari, biz hayot mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan ekzosayyoralar haqida yangi ma’lumotlar olishimiz va hattoki ularda hayot mavjudligini aniqlashimiz mumkin bo‘ladi.

“Jeyms Uebb” teleskopi qachon uchiriladi?

Yuqorida aytilganidek, “Jeyms Uebb” tarixdagi eng katta, kuchli va murakkab orbital rasadxonaga aylanadi. Garchi hozirda teleskop to‘liq yig‘ib bo‘lingan bo‘lsa-da, mutaxassislar oldida ushbu favqulodda murakkab uskunani sinab ko‘rish va tekshirish bilan bog‘liq bo‘lgan hali yana katta hajmdagi tajriba-sinov ishlari turibdi. Masalan, mutaxassislar teleskopning besh qavatli issiqlik ekranining to‘g‘ri yoyilishini va kerakli shaklga kirishini tekshirib, sinab ko‘rishi kerak. Bir million kilometr olis koinotga chiqarib bo‘lgandan keyin sinab ko‘rish esa sog‘lom aqlga sig‘adigan narsa emas. Shunga ko‘ra, professional va havaskor astronomlar intiqib kutayotgan jarayon – “Jeyms Uebb” teleskopining koinotga chiqarilishi 2021-yildan erta muddatda sodir bo‘lmaydi. Dohiyona muhandislik shedevri bo‘lgan ushbu kosmik rasadxonani nasib qilsa 2021-yilda L2 Lagranj nuqtasiga uchirilishiga guvoh bo‘lamiz.