“Dorian” to‘foni sabab Bagam orollarida besh kishi halok bo‘ldi, deb xabar beradi “Kommersant”.

Foto: “RG.ru”

Bagam orollari bosh vaziri Xyubert Minnisning so‘zlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar soni ortishi mumkin, chunki elektr energiyasidagi nosozliklar va vayronalar jabrlangan va halok bo‘lganlarni qidirish ishlarini qiyinlashtirmoqda.

Asosan Katta Bagam va Abako orollariga zarar yetgan bo‘lib, 13 mingga yaqin uy to‘liq vayron bo‘lgan.

AQSh to‘fonlarni kuzatish milliy markazi “Dorian” to‘fonini Saffir-Simpson shkalasi bo‘yicha to‘rtinchi darajaga — “katta talafot”ga kirgizdi.

Virjiniya shtati gubernatori Ralf Nortem o‘zining Twitter’dagi sahifasida ma’lum qilishicha, shtatda favqulodda holat e’lon qilingan.

Shveysariyaning UBS Group moliyaviy xoldingining hisob-kitoblariga ko‘ra, “Dorian” to‘foni sabab sug‘urta kompaniyalari 5 milliard dollardan 40 milliard dollargacha zarar ko‘radi. Florida qirg‘oqlariga yopirilgan to‘fon sug‘urtachilar uchun 25 milliard dollarga tushishi mumkin.

“Dorian” tropik to‘foni 26-avgust kuni Atlantika okeanidagi Barbados orolida paydo bo‘lib, uch kundan so‘ng bo‘ronga aylanib, Bagam orollariga qadar yetib kelgan.