Avgust oyining so‘nggi kunlarida, aynan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali o‘tkazilayotgan vaqtda Samarqand shahrida it va mushuklarga qarshi zaharlangan sosiskalar bilan kurash olib borilgani, aniqrog‘i, ular o‘ldirilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Repost nashrining yozishicha, so‘nggi bir hafta davomida Samarqandda yuzlab it va mushuklar o‘ldirilgan bo‘lishi mumkin.

Blogerlar va jamoatchilik faollari Samarqanddagi ushbu holatni “aqlga sig‘mas shafqatsizlik” deb atadi va bu mamlakat imidjiga keskin salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Telegram’dagi “Jurnalizd” kanali muallifi:

“Sof insoniy nuqtai nazardan buni izohlab bo‘lmaydi. Izohlashdan ma’no ham yo‘q. Aybdorlarni, shunday qilinglar deb buyruq berganlarni hech qanaqasiga tushunib ham bo‘lmaydi. Samarqandga mashshoqlarni yig‘ishdi, oliynasablarimiz bilan birga suratlarga tushishi uchun xorijdan blogerlarni olib kelishdi. Bu yaxshi, bu mamlakat imidjiga qo‘shimcha 10 ball va endi dollarlar daryo bo‘lib oqadi, degani.

Ayni vaqtda sal kengroq fikrlash qobiliyati mavjud emas. Instagram’dagi qadimiy gumbazlar fonida olingan video va fotolar salohiyatli bir xaridorni ko‘hna shaharga sayohatni sotib olishga ko‘ndirishi mumkin. Biroq ko‘chalarni hayvonlardan tozalash aks etgan bir daqiqalik video kishida bir umrga nafrat uyg‘otadi.

Ushbu zaharlashni uyushtirgan yaramas kimsalar hayvonlarga nisbatan bunday munosabat mamlakat obro‘siga qanchalar zarar yetkazishi, taraqqiy etgan mamlakatlardan keladigan turistlar oqimiga qanchalik salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini anglab yetishi amri mahol. Ikki kun avval ular uchun tayyorlangan yaltiroq ko‘rgazmalardan zavq-u shavqqa to‘lgan xorijiy jurnalist va inflyuenserlar kim bilan ishlayotganliklarini endi anglab yetganlariga ishonchim komil.

Bu — eng kuchli antireklama. Yaqqol ko‘rinib turibdi”

Telegram’dagi “Gorod govorit” kanali muallifi:

“Avgustning so‘nggi kunlarida Samarqandda go‘zal kuy-qo‘shiqlar sadosi ostida, jahon hamjamiyatiga ochiqlik, demokratik qadriyatlarning muhimligi haqidagi nutqlar jo‘rligida, salyutlar fonida shunday shavfqatsizliklar amalga oshirilganiga ishonish qiyin...

Shaharda uyushgan holda hayvonlarni — kuchuk va mushuklarni o‘ldirishgan. Uysiz, hoy deb chaqirsang va “go‘shtli” narsaning hidiga yugurib keladigan va, “Istiqlol” hamda “Bahor” mahallalarida bo‘lgani kabi, darvozani taqillatsang vovullab javob qaytaradigan hayvonlarni o‘ldirishgan — ushbu mahallalarda zaharlangan sosiskalarni darvoza ostidan yoki devor ustidan otib tashlashgan.

Hayvonlar talvasaga tushib, ayanchli angillab, 15 daqiqada o‘lavergan. Ayrimlarning fikricha, yo‘lda mashinalar urib o‘tishga obdon harakat qilgan huv o‘sha it ham aslida o‘limoldi talvasasida shahar bo‘ylab yugurib yurgan. Quturish — bu hokimiyat va uning joylardagi mas’ul ijrochilarining qo‘lidan keladigan noinsoniy shafqatsizlik yo‘lida bir bahona, bir oqlov, xolos.

Yuz bergan voqea dahshatli darajada qo‘rqinchli. Uning o‘tgan yillar davomida odatiy bir holga aylanib qolgani yanada dahshatliroq. Bolalarning daydi it yo uysiz mushukka tosh yo cho‘p otishi, kattalarning: “Qoch, tegma, u iflos/quturgan, tishlab olmasin tag‘in!”, deb baqirishi odatiy hol.

O‘zbekistondagi quturish — bu ko‘chaga uloqtirilgan sobiq uy hayvonlariga emas, balki o‘ldirish haqida qaror qabul qiladigan, o‘ylab o‘tirmay buyruqni bajaradigan va o‘zini chindan “yaxshi ish qilyapman” deb o‘ylaydigan odamlarga taalluqli gap.

Uyga kelganingizda, farzandlaringiz sizdan bugun ishda nima qildingiz, deb so‘rasa, qanday javob berasiz? Qanday uxlaysiz, ushbu qo‘rqinchli o‘ldirishlarning barini qanday oqlaysiz? Siz uchun ularning sariq chaqalik bo‘lsa-da ahamiyati bormi o‘zi?

Ushbu shafqatsiz va aqlsiz zaharlashlarda o‘z oila a’zolarini yo‘qotgan samarqandliklarga hamdardlik bildiraman, dardingizga sherikman”.

Kirill Altman (Jahongir Ortiqxo‘jayev va Komil Allamjonovdan videointervyu olgan bloger):

“Umid qilamanki, bu ishni qilganlar shunday qilinglar deb buyruq berganlar bilan birga do‘zahda yonadi”.

Xabar to‘lidirilmoqda