Kimgadir yoqish-yoqmasligidan qat’iy nazar, biz baribir taqqoslayveramiz. Odamning tabiati shunday o’zi. “Choyxona suhbatlari” davri o‘tib, ochiq munozaralar payti kelgani ham rost. Jurnalist Rahimjon Mahkamov – yangi O‘zbekiston haqida.

Oldinva keyin”. Vaqt shu ikki turkumga ajralgan. Istaymizmi-yo‘qmi, so‘nggi yillarda ro‘y bergan voqealarga bo‘lgan ochiq munosabat shu nuqtai nazardan baholanadi va O‘zbekiston tarixini yozayotgan odam uchun davrlar chegarasini ifodalovchi sana mamlakatimizda Mustaqillik bayrami nishonlanadigan kun bilan deyarli mos tushadi. Lekin endi nafaqat 1991-yilga, balki 2016-yilga ham murojaat qilinaveradi. Chunki biz uch yildan buyon tamomila boshqa mamlakatda yashayotganimiz hammaga oydek ravshan. Boshqa deganda nomi emas, mohiyati nazarda tutilmoqda, albatta.

Foto: O‘zA

Uch yil. Tarixan olib qaraganda bu hatto lahzadan ham kichik muddat. Shu nuqtai nazardan xitoylik siyosatchi Chjou Enlayning 1789-yildagi farang inqilobining bashariyat taqdiriga ko‘rsatgan ta’siri borasidagi javobi yodga tushadi. O‘shanda u “bunday bahoni berish uchun hali juda kam vaqt o‘tdi”, degan edi. (O‘sha paytda mazkur inqilob sodir bo‘lganidan  buyon “qandaydir atigi” bir yarim asr o‘tgandi).

Bizning ham yaqin o‘tmishimizga baho berish uchun hali juda kam vaqt o‘tdi. Bu hali qayta-qayta mulohaza qilinadigan mavzu. Bahs va munozaralar orqali o‘zimiz va avlodlarimiz (katta narsa olisdan yaxshiroq ko‘rinadi) milliy tariximizning davlat rahbarining o‘zgarishiga olib kelgan zamonlariga ko‘p yillardan keyin ham qayta-qayta murojaat etaveramiz. Biroq “ungacha” bo‘lgan zamonning “undan keyingi” zamon bilan yer bilan osmoncha farqqa ega bo‘lishi hozirdanoq kundek ravshan bo‘lib qoldi. Hozirgi davlat rahbariga iqtisodiyot, ijtimoiy hayot, tashqi aloqalar va hokazolar bilan bog‘liq bo‘lgan keng ko‘lamli tuzilmaviy va institutsional muammolar guldastasi meros qolgani ham aniq ko‘rinmoqda. Vaziyat amalda shunday ediki, qayoqqa qarama – islohotga muhtojlik sezilmoqda edi.

Mamlakat jadal rivojlanayotgan bo‘lganida, uch yil avval hech kim shunchalik keskin o‘zgarishlar zaruriyati haqida gap ochmagan ham bo‘lardi. Hech kim bunga kirishmagan ham bo‘lardi. Hammasi o‘z maromida davom etaverardi, chunki keskin o‘zgarishlarga ehtiyojning o‘zi bo‘lmasdi. Yo‘nalishni o‘zgartirmaslik kerakligi haqidagi gap-so‘zlarni esa faqat De mortuis aut bene aut nihil, …aut bene aut nihil tarzida yangraydigan qadimiy hikmat nuqtai nazaridan qaralishi mumkin. Ya’ni bu ibora “yoki faqat yaxshisini, yoki hech narsani”, degan ma’noni anglatadi.

“Gacha” paytlarda erishilgan natijalar ichida, shubhasizki, eski sovet tuzumidan qutilganimiz, mamlakat “dekommunizatsiya” qilingani (va garchi bu narsa ba’zan bolsheviklarga xos usullar bilan amalga oshirilgan bo‘lsa-da, buni yashirishga hojat yo‘q, menimcha) kabilarni aytish kerak. Shunga qaramay... O‘zbekistonning birinchi prezidenti tarixning sovet davrini yodga soluvchi har qanday ramzlarga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lgan va ularga murojaatni SSSRni sog‘inish sifatida qabul qilib, muayyan darajada, bu hatto davlat suverenitetining asosiy tamoyillariga nisbatan g‘oyaviy tajovuz deb ham baholagan. Islom Karimov har qanday shakl va ko‘rinishdagi mustamlakachilik zamonasiga qaytmaslik shart, deb hisoblagan! Hattoki xayolda ham! O‘zbekistonni sovet rejimidan xalos qilingani uning eng asosiy tarixiy xizmatlaridan biridir. Faqat xalos bo‘lishga bo‘ldikku, lekin... yoki o‘ylagan narsamizni qura olmadik, yoki qurganimiz boshqa narsa bo‘lib chiqdi.

Fuqarolik jamiyati ham, demokratik institutlar ham, bozor iqtisodiyoti, ma’murchilikdagi shaffoflik masalasi ham uzoq vaqt mobaynida deklaratsiya va dekoratsiyalar darajasida qolib ketaverdi. Iqtisodiy turg‘unlik, ildiz otgan korrupsiya, biqiqlik, fuqarolarning haq-huquqlari va erkinligining ahvoli borasida bizni faqat eng erinchoq odamlargina tanqid qilmadi xolos. Mamlakatning rivojlanganlik darajasini tasniflovchi biror xalqaro reytingda biror marta O‘zbekistonga munosib o‘rin egallamaganmiz. Shunday emasmi?

Hozirgi davlat rahbari mamlakatni yig‘ilib qolgan muammolarga nisbatan tik qarata boshladi va o‘sha paytda jamiyat talab qilayotgan masalalarga mos keluvchi hamda O‘zbekiston uchun misli ko‘rilmagan darajadagi ochiqlik va oshkoralik bilan ajralib turuvchi tamomila yangicha kun tartibini taklif qilib chiqdi. Hukumat va aholi orasida muloqot o‘rnata boshladi. “Yuqoridagilar” eng “quyidan” chiqayotgan ovozlarni eshita boshladi. Xorijda ishlayotgan “dangasa va ishyoqmaslar” yana o‘zimiznikilarga aylandi, qo‘shni davlatlar esa yana qardosh va hamkor mamlakatlar deb e’tirof etildi. Bolalar mehnatiga barham berildi, budjet tashkilotlarini majburiy mehnatga jalb qilish taqiqlandi. Matbuot jonlanmoqda, tadbirkorlik rag‘batlantirilyapti, investitsiyalar jalb qilinmoqda, sayyohlik sohasi ham yangi darajaga ko‘tarilmoqda va unga milliy iqtisodiyotimizning o‘ziga xos lokomotivi bo‘lish vazifasi yuklatilmoqda. Hammasini ham sanab o‘tolmaysan. Besh yil avval biz xorijda o‘qish va/yoki davolanish uchun “qariyb” 500 dollar pulni valyutaga almashtiramiz deb banklarning darvozasi oldida kechalari tunab qolishga majbur edik va sharmandali jarayonlardan o‘tishimizga to‘g‘ri kelardi (yoddan chiqarmadingizmi?). Hozir biz bankka kirarkanmiz, bizni “Hurmatli mijoz!” degan so‘zlar bilan kutib olishyapti va biz o‘zimizni boshqa odam sifatida his qilmoqdamiz. Shuningdek, Davlat xizmatlari markazi, prokuratura va boshqa tashkilotlarga murojaatda ham. Hammasi boshqatdan shakllantirilmoqda. Axir bu boshqa mamlakat emasmi? (garchi jadallik hammaga ham yoqmayotgan bo‘lsa-da)

Uch yil oldin mamlakat bir savol qarshisida qolgandi: endi nima bo‘ladi? Mamlakat o‘zgarishlarni kutganicha yangi umidlarga cho‘mdi. Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari (tibbiyot va ta’limdagi islohotlar, chegaralarning ochilishi, xalq qabulxonalarining tashkil etilishi va h.k.) unga aholining yuksak ishonchi va jamiyatning katta qo‘llab-quvvatlashini taqdim etdi. Bu esa, o‘z navbatida, unga yangi motivatsiya, yangilanish va taraqqiyot sari motivatsiya berdi. Mamlakat ruhan ko‘tarildi! (“hukumat almashgach, mamlakat divandan turdi”, deyilgandi o‘shanda o’tkir iboralar bilan).

2017–2021-yillarga mo‘ljallangan rivojlanish strategiyasi O‘zbekistonning yangicha ichki va tashqi siyosati trendlarini o‘zida namoyon qildi va ularning amalga oshirilishi asnosida mamlakatimizning yanada jozibador bo‘lgan tamomila yangi qiyofasi shakllandi. Bizga butun dunyoni hayratga solayotganimiz yoqib qola boshladi va dunyo hamjamiyati ham O‘zbekistondagi innovatsiyalarga yuqori qiziqish bilan qaray boshladi. Bizga ko‘proq ishona boshlashdi, lekin tanqid ham kamaygani yo‘q. Chunki buning uchun hali sabablar bor.

Chunki ko‘rilayotgan choralar (ba’zan uncha ishonchli bo‘lmagan) doim va har safar kutilgan natijani beryapti, deb aytish katta mubolag‘a bo‘lgan bo‘lur edi. Ha, har safar ham kutilgan natija bo‘layotgani yo‘q. Ha, muammolar hali bor (biz ularni ochiq tan olyapmiz va muhokama qilyapmizku?!). Ha, xatolarsiz bo‘lmayapti, lekin siz qanday bo‘lishini kutgandingiz? Shu darajada katta miqyosli islohotlar sharoitida xatolarni chetlab o‘tishning imkoni yo‘q va ba’zi qarorlarni keyinchalik qayta ko‘rib chiqishga to‘g‘ri kelmoqda. Biroq, ma’lumki, faqat ishlamaydigan odamgina xato qilmaydi. Shu o‘rinda, tarmoqda aylanib yurgan yana bir gap yodga tushadi. Donishmanddan so‘rashibdi: “o‘zgarishlarni yana qancha kutish mumkin?”. Donishmand javob qilibdi: “agar kutiladigan bo‘lsa, juda uzoq kutish mumkin”.

Mana shunaqa, uch yil muqaddam bizda kutish uchun vaqt allaqachon qolmagandi. Mamlakat jar yoqasiga kelib qolgandi va bu haqida biz faqat pichirlab gapira olardik, xolos. Endi esa bu haqida baralla ayta olyapmiz. Bu oldinga tashlangan qadam emasmi?

Shu bilan birga, biz muammolarimizga ko‘z yumayotganimiz yo‘q. Xo‘sh, ayrim ijro hokimiyati vakillarining islohotlarga soya soluvchi va fuqarolarning konstitutsion haq-huquqlarini poymol qiluvchi xatti-harakatlariga nisbatan mavjud sud tizimi va javobgarlikka tortish masalasining qat’iy emasligi singari muammolarning yechimi bugun jamiyatni qanoatlantiryaptimi? Biz korrupsiyani uzil-kesil yo‘q qila oldikmi? Parlamentning layoqatini oshira oldikmi? Iqtisodiyotdagi idoraviy va/yoki urug‘-aymoqchilikka asoslangan lobbizmdan xalos bo‘lib, bozorning har bir segmentida ishtirokchilar uchun teng raqobat muhitini yarata oldikmi? Ishsizlik tugatildimi? Ta’lim sifati ko‘tarildimi? Bu muammolardan ko‘pining yechimi uchun uch yil yetarli emas, demakki, hali ko‘p ish qilish kerak. Mamlakat esa davlat rahbari tomonidan e’lon qilinayotgan, jamiyatga yanada  yangi ilg‘or qadamlar uchun turtki beradigan yangi impulslarni kutmoqda.

Eng asosiysi, xatolar, muammolar va tanqidlar bizning o‘zgarishlarga bo‘lgan umumiy kayfiyatimizni tushirib yubormasligi lozim. Islohotlarga to‘g‘anoq bo‘layotgan urug‘-aymoqchilik va korrupsiyaga qarshi kurashimizni ham susaytirib yubormasin. Amaldorlarning shaxs manfaatlari va konstitutsion huquqlarini pisand qilmasliklari bilan bog‘liq o‘zbilarmonliklariga qarshi kayfiyatimizni ham tushirmasin. Shuncha yillik biqiqlikdan keyingi, global ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiy etgan hamjamiyat bilan yaqinlashuvga bo‘lgan kayfiyatimizni ham tushirib yubormasligi kerak. Aynan shu narsa, ya’ni hech narsaga qaramay, qadamma-qadam ravishda bosh maqsadimiz sari ildamlashda davom etayotganimizni his qilish “undan keyingi” zamonning eng asosiy belgisi bo‘lib qolmoqda.

So‘nggisi: uch yil muqaddam Shavkat Mirziyoyev davlat boshqaruvida eski tamoyillarni saqlab qolishga asoslangan boshqa yo‘lni tanlashi ham mumkin edi. Bu qanday oqibatga olib kelishi mumkinligini esa o‘ylashni ham istamaydi odam. Ayniqsa, biz allaqachon, uch yildan buyon boshqa mamlakatda yashayotganimizdan keyin...

Kim nima desa desin va nima deb o‘ylasa o‘ylayversin-u, shu o‘tgan uch yil mobaynida mamlakatimiz oldinga juda katta qadam tashladi. Buni inkor etish uchun esa so‘qir bo‘lish kerak.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.