Rossiyaning Sverdlovsk viloyati Filkino posyolkasida Kakva daryosi ustidan yotqizilgan ponton ko‘prik foydalanishga topshirilganidan ikki kun o‘tib qisman buzilib ketdi, deya xabar bermoqda Meduza.

Foto: “VKontakte” / Anastasiya Pristav

Filkinolik Anastasiya Pristavning ijtimoiy tarmoqda qoldirgan xabariga ko‘ra, posyolka aholisiga 31-avgust kuni ko‘prikdan foydalanishga ruxsat berilgan, 2-sentabr kuni esa inshoot buzilib ketgan. “11:30 da maktabga ketayotganimizda hammasi joyida edi. Soat 12:00 larda maktabdan qaytayotsak, mana bunday ‘mo‘jiza’!.. Bolam maktabdan qayiqda qaytdi”, — dedi Pristav “Globus” nashriga bergan intervyusida.

Foto: “VKontakte” / Anastasiya Pristav

Filkinoning ham o‘z ichiga oladigan Serov shahar okrugi rahbari Vasiliy Sizikovning ma’lum qilishicha, ko‘prik unga xoda kelib urilishi oqibatida buzilib ketgan. U ko‘prik bir kecha-kunduzda ta’mirlab bo‘linishini, ayni vaqtda inshoot rasman foydalanishga topshirilmaganini ma’lum qildi.

Foto: “VKontakte” / Anastasiya Pristav

Filkinodagi avvalgi ko‘prik 2017-yili, “Kamaz” yuk mashinasining og‘irligini ko‘tara olmay qulagan edi. Oqibatda Kakvaning o‘ng qirg‘og‘ida yashovchi besh oila tashqi dunyodan uzilib qolgan. Ularga daryoni kechib o‘tish uchun qayiq ajratilgan. Mahalliy ma’muriyat Filkinoda yangi ko‘prik qurish maqsadga muvofiq emasligini ta’kidlagan edi.

2019-yil may oyida sud amaldorlarga Kakvaning o‘ng qirg‘og‘idagi aholi bilan posyolkaning qolgan qismi o‘rtasidagi aloqani ta’minlash majburiyatini yukladi. Filkinoda kechuv yo‘qligi munosabati bilan Tergov qo‘mitasi sovuqqonlik moddasi bo‘yicha jinoyat ishi ochdi. Keyinroq shaxsan Sverdlovsk gubernatori Yevgeniy Kuyvashevning o‘zi ko‘prik qurib berishni va’da qilgan edi.

Filkino aholisining o‘zi iyul oyida taxtalardan ko‘prik yasagan edi. Qurilgan inshoot ikki haftadan so‘ng qulab, suvga g‘arq bo‘lgan.