Repost nashri Samarqandda hayvonlar bir guruh shaxslar tomonidan maqsadli ravishda ommaviy zaharlanganini tasdiqlovchi videoni e’lon qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, 29-avgust kuni noma’lum shaxslar “Istiqbol” mahallasidagi it boqiladigan uylarning eshiklari tagida kalamush dori bilan zaharlangan sosiskalarni tashlab ketgan. Mahalladagi 25 xonadon joylashgan bitta ko‘chaning o‘zida 10 ta it zaharlab o‘ldirilgani aytilmoqda.

Shahar aholisining ma’lum qilishicha, itlarni ommaviy zaharlash tadbirlari shaharda ayni “Sharq taronalari” xalqaro festivali o‘tkazilayotgan vaqtda yuz bergan. Kalamush dori surtilgan sosiskalarni yegan itlar keyinchalik qiynalib o‘lgani aytilmoqda.

Avvalroq, 28-avgust kuni Samarqandda mashinalar bir itni urib ketishga urinayotgani, so‘ng ichki ishlar organi xodimi itga tosh va g‘isht otayotgani aks etgan videolar tarqalgan edi. Samarqand rasmiylari ushbu it 15 kishiga tashlangani, u quturganlikda gumon qilingani, shuning uchun uni yo‘q qilishga qaror qilingani haqida xabar bergandi.

“Biroq voqeaning uch nafar guvohi va shahar aholisining so‘zlariga ko‘ra, aslida it zaharlangan bo‘lgan va talvasada shahar bo‘ylab daydib yurgan”, — deb xabar bermoqda Repost. Internet-nashrning qo‘shimcha qilishicha, Samarqandda o‘tgan bir hafta davomida bir necha yuzlab it va mushuklar o‘ldirilgan.