Samarqanddagi itlar muammosi — so‘nggi haftaning asosiy muhokama mavzularidan biri bo‘lib turibdi. Avvaliga bir necha mashina bir itni bosib ketishga urinayotgani aks etgan videoyozuvlar tarqalgan edi. 2-sentabr kuni esa Repost nashri bir guruh shaxslar Samarqand shahri mahallalarida itlarni kalamush dori surtilgan sosiska bilan zaharlab o‘ldirish bilan shug‘ullanayotgani haqida videoxabar e’lon qildi.

Vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida “Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayev videoyozuvda ko‘ringan “Istiqbol” mahallasida bo‘ldi, shuningdek, Samarqand shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi, Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasi va Samarqand viloyati IIB vakillari bilan suhbatlashdi.

“Mahallada daydi itlar ko‘payib ketgan edi”

“Istiqlol” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi O‘ktam Hojiyevning ma’lum qilishicha, so‘nggi vaqtlarda mahalla hududida olib borilgan “snos”lar tufayli daydi itlar soni keskin oshib ketgan.

Foto: Farhod Norbo‘tayev / “Daryo”

— Mahallada ko‘plab uylar “snos”ga tushgani bois, daydi itlar ko‘payib ketdi. Bolalar ko‘chada o‘ynay olmay qoldi, odamlarning tinchligi buzildi. Fuqarolarning murojaatlari asosida daydi itlarni tutib olish uchun bir oy avval Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasiga murojaat qildik. Biroq boshqarma tomonidan hech qanday chora ko‘rilmadi, — deydi O‘ktam Hojiyev.

Repost tomonidan e’lon qilingan videoda noma’lum shaxs darvozani taqillatayotgani, so‘ng darvoza ostidan bir narsani ichkariga kiritib yuborayotgani aks etgan. Nashrning aniqlik kiritishicha, shaxs darvozani taqillatib, uyda it bor-yo‘qligini tekshirgan, it yugurib kelsa, unga kalamush dori surtilgan sosiskani tashlab bergan. Darvozasi videoga tushgan fuqaroning iti haqiqatan ham o‘lgan.

Foto: Farhod Norbo‘tayev / “Daryo”

Biroq fuqaro mahalla vakillari bilan ham, jurnalistlar ham muloqot qilishni xohlamay, ularni asosan haqorat qilish bilan vaqt o‘tkazgan. Lekin bir narsa aniq — uni iti haqiqatan ham zaharlanib o‘lgan.

“10 ta it o‘lmagan. Faqat bitta o‘lgan”

Repost e’lon qilgan videoda Samarqand shahrida o‘tgan bir hafta davomida yuzlab mushuk va itlar zaharlab o‘ldirilgani, birgina “Istiqbol” mahallasining 25 xonadon joylashgan bir ko‘chasida 10 ta it zaharlangani ta’kidlangan edi. Samarqand shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi rahbari Oybek Allamurodovning so‘zlariga ko‘ra, 10 ta emas, faqat bitta o‘lgan.

Foto: Farhod Norbo‘tayev / “Daryo”

— 29-avgust kuni mutaxassislar “Istiqbol” mahallasidagi itlarni emlash uchun kelgan. Aksariyat itlar emlangan. Internetda yozilganidek 10 ta it zaharlab o‘ldirilmagan. Bitta it o‘lgan. Aslida bizning tashkilot itlarni o‘ldirmaydi. Bunga haqqimiz yo‘q. Biz uyma-uy yurib, itlarni emlash bilan shug‘ullanamiz. Bizga hech kim “itlarni o‘ldir”, deb buyruq bermagan, — dedi Oybek Allamurodov.

E’tiborga molik tomoni, videoga tushgan xonadondagi itga kalamush dori surtilgan sosiskani tashlagan shaxs kimligi ham ma’lum bo‘ldi — u Samarqand shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limida ishlaydi. U “Daryo” muxbiri bilan suhbatda videodagi odam o‘zi ekani, itga zaharlangan sosiska tashlaganini tan oldi. Biroq nega bunday qilganini tushuntirib bera olmadi.

“Agar itni tuta olmasak, zaharlab o‘ldiramiz”

Samarqand shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi o‘nlab itlar o‘ldirilganini rad etgan bo‘lsa, Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasining it ovlash brigadasi xodimi Jahongir Pirmatov o‘ndan ortiq it zaharlab o‘ldirilganini tan oldi. Ayni vaqtda mahallalarda o‘ldirilgan itlarga boshqarmaning aloqasi yo‘qligini ta’kidladi.

— Itlarni zaharlab o‘ldirish qabriston, dalaga o‘xshash keng joylarda amalga oshiriladi. Bunday joylarda itlarni tutib olish qiyin. Shunda ularni zaharlangan oziqa bilan yo‘q qilamiz. Boshqa ilojimiz yo‘q. Agar hayvon oziqani yemasa, uni qaytarib olib qo‘yamiz. Ko‘cha va xiyobonlardagi itlarni esa ushlab, saqlagan holda asta-sekin yo‘q qilamiz, — dedi Jahongir Pirmatov.

Uning ta’kidlashicha, “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali oldidan Registon maydoni atrofi, Shohi Zinda va Xo‘ja Doniyor maqbaralari atrofidagi 10—15 ta daydi it zaharlab o‘ldirilgan. Xonadonlarda yashaydigan, egasi bor itlarga tegilmagan.

Qayd etish joiz, Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 8-iyuldagi 202-sonli qaroriga ko‘ra, veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limlarining taqdimnomasi bo‘yicha qarovsiz qolgan, shu jumladan egasiz va kasal hayvonlarni quturish joylarida, quturish kasalligi ko‘p uchrashi xavfi bo‘lgan epizootik hududlarda otib tashlashni tashkil etish IIV zimmasiga yuklatilgan. Ammo hayvonlarni zaharlab yoki urib-qiynab o‘ldirish mumkinligi haqida hech narsa deyilmagan.

Itni zaharlab o‘ldirgan shaxsga qonuniy chora ko‘riladi

Samarqand viloyati IIBdan “Daryo”ga ma’lum qilishlaricha, Repost tomonidan e’lon qilingan videoda iti bor xonadonga zaharlangan sosiskani tashlagan shaxsga qonuniy chora ko‘riladi. Yuqorida ta’kidlanganidek, uning kimligi ma’lum — shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi xodimi.

Shu o‘rinda qayd etish joiz, Samarqand shahrida haqiqatan ham daydi va qarovsiz itlar ko‘payib ketgan va bu muammoga viloyat hokimi darajasida e’tibor qaratilgan. 2022-yili Samarqandda o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitiga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga bag‘ishlangan 1-iyul kungi yig‘ilishda hokim Erkinjon Turdimov daydi itlarni ushlab, ularni nazoratga olish bo‘yicha topshiriq bergan (zaharlab o‘ldir demagani tabiiy).

Biroq, “Daryo” muxbirining aniqlashicha, Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan daydi itlarga qarshi kurash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmagan. Ko‘ra olmasdi ham — Obodonlashtirish boshqarmasida it ovlashga mo‘ljallangan faqat bitta maxsus Damas bo‘lgan, u ham qarzdorlik sabab sud qaroriga asosan jarima maydonchasida bo‘lgan. Faqat 25-avgustga kelibgina Samarqand viloyatini obodonlashtirish va aholi farovonligini oshirish jamg‘armasining 183 million so‘m mablag‘i evaziga boshqarmaga it ovlash uchun uchta maxsus Damas olib berilgan...