Google korporatsiyasi o‘zining Android mobil operatsion tizimi uchun yangi — o‘ninchi versiyani taqdim etdi. Bu haqda Google o‘z blogida xabar qoldirgan.

Foto: Hi-Tech.Mail.Ru

Ma’lum qilinishicha, yangi operatsion tizimda har qanday audio va videoyozuvlarga subtitr joylashtirish imkoni bor. Bundan tashqari Android’ning o‘ninchi versiyasida “qorong‘u rejim”ga o‘tish va mobil dasturlarga kirmasdan turib, ulardan keluvchi xabarlarni o‘chirib qo‘yish mumkin.

Android 10 egiluvchan ekranli qurilmaga moslashtirilgan va 5G’ni qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, unda xavfsizlik va foydalanuvchilarning shaxsiy maxfiyligiga bog‘liq 50 ga yaqin yangilik mavjud.

Hozirda yangi operatsion tizim Google Pixel telefonlariga o‘rnatib bo‘lindi, yil oxirigacha esa boshqa qurilmaga ham o‘rnatish imkoni paydo bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, Google 2009-yildan buyon Android’ning yangi versiyalarini alifbo tartibida desert va shirinliklar nomi bilan atab keladi. 2018-yilda chiqarilgan to‘qqizinchi versiya Pig (“Pirog”) nomini olgan edi. 2019-yilning avgustida Google bu kabi tizim boshqa davtlardagi foydalanuvchilar uchun tushunarsiz bo‘layotgani uchun, so‘nggi operatsion tizimini shunchaki Android 10 deb atadi.

Avvalroq, O‘zbekistonda jismoniy shaxslarga elektron shaklda xizmat ko‘rsatuvchi xorijiy tashkilotlar, xususan, Google, Yandex, Alibaba, Netflix kabi kompaniyalar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini joriy etishni rejalashtirilayotgani haqida xabar bergandik.