Mashhur rossiyalik madaniyatshunos va san’atshunos olim, akademik Dmitriy Lixachyov 1985-yilda chop etilgan va bestsellerga aylangan, dunyoning koplab tillariga tarjima qilingan “Yaxshi va gozal narsalar haqida xatlar” kitobida umrboqiy qadriyatlar ustida bosh qotiradi va yosh avlodga maslahatlar berib otadi. “Daryo” ushbu asardan nima uchun karyeraga mukkasidan ketish insonni baxtsiz qilib qoyishi va unga toqat qilib bolmaydigan insonga aylantirishi, qanday qilib ziyolilik uzoq umr korishga yordam berishi va nima uchun insonga kitoblarni “begaraz” oqish kerakligi haqidagi bir nechta xatni e’tiboringizga havola qilamiz.

Dmitriy Lixachyov.
Foto: “RIA Novosti”

On birinchi xat

Karyeraga mukkasidan ketish рaqida

Odam tug‘ilgan kunidan boshlab rivojlanadi. U kelajakka intiladi. U o‘qiydi, hatto o‘zi tushunmasa-da, oldiga yangi vazifalarni qo‘yishni o‘rganadi. Hayotda o‘z o‘rnini qanchalik tez egallab olsa, shunchalik tez qoshiqni ham ushlashni o‘rganadi va birinchi so‘zlarini aytishni boshlaydi. Keyin o‘spirinlikka va yigitlikka ham o‘rganadi. Nihoyat doim intilgani bilimlarini amalda qo‘llaydigan vaqt yetib keladi. Balog‘at yoshi. Hozirgi kun bilan yashash kerak... Lekin shijoat saqlanib qoladi va ko‘pchilik uchun hayotda o‘z o‘rnini topish vaqti keladi. Harakat inersiya bo‘yicha ketaveradi. Inson har doim kelajakka initilaveradi, kelajak esa real bilimlarda, mahoratga ega bo‘lishda emas. Aksincha, o‘zini foydali joyga o‘rnashtirishda. Aynan hozirgi vaqt kelmaydi, qoladigan narsa esa bekordan bekorga kelajakka intilishdir. Mana shu karyeraga mukkasidan ketish bo‘ladi. Insonni ich-ichidan baxtsiz va boshqalarni unga nisbatan toqatsiz qilib qo‘yadigan ichki notinchlikdir.

On ikkinchi xat

Inson ziyoli bolishi shart

Inson ziyoli bo‘lishi shart! Uning kasbi ziyolilikni talab qilmasachi? U ta‘lim ololmasachi: sharoit shunday bo‘lib qoldi? Atrof muhit yo‘l qo‘ymasachi? Ziyolilik uni hamkasblari, do‘stlari, qarindoshlari ichida “oq qarg‘a”ga aylantirib qo‘ysa va boshqalar bilan yaqinlashishiga xalaqit bersachi?

Yo‘q, yo‘q va yana yo‘q! Ziyoli bo‘lish har qanday holatda kerak. U ham atrofdagilarga, ham insonning o‘zi uchun kerak.

Hammasidan ham baxtli va uzoq umr ko‘rish uchun judayam, judayam muhim. Ha, uzoq yashash uchun! Chunki ziyolilik ma‘naviy salomatlikka teng, salomatlik esa uzoq umr ko‘rish uchun zarur, nafaqat jismoniy salomatlik, balki aqliy salomatlik ham. Eski bir kitobda yozilgan: “Otangni va onaningni hurmat bilan yodga olib tur, uzoq yashaysan”. Bu butun xalqqa va alohida insonga ham tegishli. Bu donolikdir.

Lekin keling avval ziyolilik nima ekanini aniqlashtirib olaylik, keyin esa u uzoq umr bilan qanday bog‘liqligi haqida.

Ko‘pchilikning fikricha, ziyoli inson – ko‘p o‘qigan, yaxshi ta‘lim olgan (hatto gumanitar bo‘lsa ham), ko‘p sayohat qilgan, bir nechta tilni biladi. Holbuki bularning barchasiga ega bo‘la turib ziyoli bo‘lmaslik ham mumkin va, aksincha, yuqoridagilarning ma‘lum qismiga ega bo‘lmasdan turib ham ich-ichidan ziyoli bo‘lish mumkin.

O‘qimishlini ziyoli bilan adashtirmaslik zarur. O‘qimishlilik eski ma‘no-mazmun bilan yashaydi, ziyolilik – yangilik yaratish va eskini yangicha anglash bilan.

Bundan tashqari... Haqiqiy ziyoli insonni hamma bilimlaridan judo qiling, xotirasidan ayiring. Dunyodagi barcha narsa esidan chiqsin, adabiyotdagi klassiklarni tanimasin, buyuk san‘at asarlaridan xabari bo‘lmasin, muhim tarixiy voqealarni yodidan chiqarsin, lekin shunda ham intellektual boyliklarni qabul qila olsa, tarixga qiziqsa, estetik didga ega bo‘lsa, hayratlantirish uchun yaratilgan haqiqiy san‘at asarini qo‘pol “axlatdan” farqlay olsa, tabiatning go‘zalligidan ilhomlana olsa, boshqa insonning xarakteri va individualligini tushuna olsa, uning o‘rniga o‘zini qo‘yib, uni tushina olsa, unga yordam bersa, qo‘pollik qilmasa, befarqlik, ichiqoralik, hasad qilmasa, boshqalarni qadrlay olsa, qadim madaniyatlarga hurmat bilan qarasa, tarbiyali inson ko‘nikmalarini ko‘rsata olsa, axloqiy savollarda qabul qilgan qarorlariga ma‘suliyatni his qilsa, o‘z tilining boyligi va aniqligidan foydalana olsa – yozma va og‘zaki – mana bu ziyoli inson bo‘ladi.

Intelligentlik faqat bilimlarda emas, balki boshqalarni tushunishda. U minglab mayda narsalarda namoyon bo‘ladi: hurmat bilan bahslasha olishda, dasturxon oldida o‘zini kamtar tutishda, atrofdagilarga sezdirmasdan (aynan sezdirmasdan) boshqalarga yordam berishda,  tabiatni asrashda, atrof-muhitni ifloslantirmasligida – sigaret qoldiqlari yoki so‘kinish, ahmoqona g‘oyalari bilan (bu ham chiqindi, yana qanaqa!).

Men Rus Shimolidagi haqiqatan ham intelligent bo‘lgan dehqonlarni bilardim. Ular uylaridagi tozalikni hayron qolarli darajada saqlardi, yaxshi qo‘shiqlarni baholay olardi, boshlaridan o‘tgan voqealarni hikoya qilib bera oladi, tartibli ro‘zg‘or bilan yashardi, boshqalarning g‘amiga va xursandchiligiga sherik bo‘la olardi.

Intelligentlik – bu tushuna olish, idrok qilish, olam va odamlarga sabrli munosabatga bo‘la olish. Ziyolilikni o‘zida shakllantirish kerak, mehnat qilish kerak – ruhiy quvvat ustida xuddi jismoniy quvvat ustida ishlagandek ishlash kerak. Buning esa har qanday holatda imkoni va zaruriyati bor. Jismoniy jihatni sog‘lomlashtirish va shug‘ullantirish uzoq umr ko‘rishga olib kelishi – bu tushunarli. Uzoq umr ko‘rish uchun ruhiyatni ham rivojlantishi kerakligini ozchilik tushinadi.

Gap shundaki, atrofdagilarga qahrli reaksiya, qo‘pollik va boshqalarni tushunmaslik – bu ma‘naviy va ruhiy zaiflik, odamning yashash qobiliyati yo‘qligi belgisi... To‘lgan avtobusga zaif va asabiy, tinkasi qurigan, hamma narsaga xato reaksiya bildiradigan inson tiqiladi. Qo‘shnilari bilan ham – yashashni bilmaydigan, ruhan kar odam janjallashadi. Estetik zehni past odam ham – baxtsiz inson. Boshqalarni tushuna olmaydigan, ularga yovuz maqsadlarni ilib qo‘yadigan, hamma vaqt boshqalardan xafa bo‘lib yuradigan ham o‘z hayotini yeb bitiradigan va boshqalarning yashashiga xalaqit beradigan odamdir. Ruhiy zaiflik jismoniy zaiflikka olib keladi. Men vrach emasman, lekin bunga ishonchim komil. Uzoq yillik malakam tufayli bunga ishonaman.

Xushmuomalalik, ochiq yuzlilik va yaxshilik insonni nafaqat jismoniy sog‘lom qiladi, balki chiroyli ham. Ha, aynan chiroyli.

Aftidan, qahr yog‘ilib turadigan odamning yuzi obrazsiz, harakatlari esa nafislikdan mosuvo bo‘ladi – atayin o‘rgatilgan nafislik emas, undan qimmatroq turadigan tabiiy bejirimlikdan.

Insonning jamiyat oldidagi qarzi – ziyoli bo‘lish. Bu o‘z oldidagi qarzi ham. Bu shaxsiy baxtining va unga “yaxshilik tilovchi auraning” kafolati (ya‘ni unga yordam qo‘lini cho‘zadiganlar).

Bu kitobda yosh o‘quvchilarim bilan gaplashadigan barcha gaplarim – ziyoli bo‘lishga, ruhan va jismonan sog‘lomlikka, go‘zal bo‘lishga chaqirish. Ham odam ham xalq sifatida uzoq umrli bo‘lamiz! Ota-onani yodga olishni esa keng ma‘noda tushunish zarur – buyuk baxtga ega bo‘lgan bugungi kunimizning ota-onalari bo‘lgan  tariximizdagi eng yaxshi narsalarimizni yodga olmoq darkor.

Yigirma ikkinchi xat

Kitob oqishni seving

Har bir inson o‘zining intellektual rivojlanishi haqida qayg‘urishga majbur (ta‘kidlab o‘taman – majbur). Bu u o‘zi yashab turgan jamiyat va shaxsan o‘zi oldidagi majburiyati. Sizning intellektal rivojlanishingizning asosiy (albatta, yagona emas) yo‘li – kitob o‘qish.

To‘g‘ri kelgan narsani o‘qimaslik kerak. Bu vaqtni bekorga ishlatish, vaqt esa – behudaga sarflab bo‘lmaydigan qimmatbaho boylik. Ma‘lum dastur asosida o‘qish kerak, albatta, vaqti-vaqti bilan undan chetga chiqib qiziqishlarga mos qo‘shimcha adabiyotni ham unutmaslik darkor. Biroq birlamchi dasturni har kim o‘zi uchun yangi qiziqishlarni paydo qiluvchi adabiyotlardan tuzish zarur.

O‘qish samarador bo‘lishi uchun u o‘quvchini qiziqtirishi kerak. Kitob o‘qishga yoki madaniyatning ma‘lum bo‘limlariga qiziqishni shakllantirish zarur. Qiziqish esa qaysidir ma‘noda o‘z-o‘zini tarbiyalashning maxsuli bo‘lishi mumkin.

O‘qish uchun dastur tuzish oson ish emas, shuning uchun ham buni bilimli va turli sohalarda maslahat bera oladigan insonlar yordamida tuzish maqsadga muvofiq. O‘qishning xavfli tomoni – matnni “diagonal” ko‘rishga moyillikninng yoki tez o‘qishning rivojlanishiga olib kelishi. Tez o‘qish bilimlarni sirtdan ko‘rsatadi. Uni faqat ma‘lum kasb egalari, tez o‘qish odati paydo bo‘lib qolishidan ehtiyot bo‘lgan holda, qo‘llashi mumkin, chunki bu diqqat buzilishi kasalligiga olib kelishi mumkin.

Xotirjam, shoshilmasdan, behalovat bo‘lmasdan, misol uchun, dam olishda yoki diqqatni buzmaydigan, og‘ir bo‘lmagan kasallik vaqtida o‘qilgan asarlar katta taassurot qoldirishini sezganmisiz?

Adabiyot bizga ulkan, keng va chuqur hayotiy malaka beradi. U odamni intelligent qilib tarbiyalaydi, nafaqat go‘zallikni xos qilishni, balki hayot va uning murakkabliklari haqida tushuntirish beradi, boshqa davr, xalqlar va sizning o‘rtaningizda ko‘prik bo‘ladi, sizga odamlar yuragini ochib beradi. Bir so‘z bilan aytganda, sizni dono qiladi. Ammo bularning hammasi mayda detallargacha e‘tibor bilan o‘qisangizgina yuzaga chiqadi. Chunki eng asosiy bilimlar kichik narsalarda mujassamlashgan. Bu esa siz kitobni qanaqadir boshqacha asarni o‘qish zarurligi (maktab dasturi bo‘yicha yoki modaga va shuhratparastlikka ergashib) uchun emas, huzurlanib o‘qish zarur, ana shunda u sizga yoqadi – muallif nima demoqchiligini, siz bilan bo‘lisha oladigan narsasi borligini va uning qo‘lidan his qilasiz. Agar birinchi marta diqqat bilan o‘qimagan bo‘lsangiz – yana o‘qing, uchinchi marta o‘qing. Odamda unga bir necha marta murojaat etadigan, detallarigacha biladigan, mos fursat kelganda u haqida eslay oladigan va atrofdagilarining kayfiyatini ko‘tara yoki vaziyatni yumshata oladigan (bir – biriga qarshi jizzakilik to‘planib qolganda) yoki kuldira oladigan va yoki o‘zi yoki boshqalar bilan yuz berayotgan voqeaga munosabatini bildirish uchun  sevimli asari bo‘lishi shart. Meni kitoblarni “beg‘araz” o‘qishga maktabdagi adabiyot o‘qituvchim o‘rgatgan. Men o‘qigan yillarda o‘qituvchilar tez-tez darslarni qoldirishga majbur bo‘lardi – yoki Leningrad ostonasiga okop qazishardi, yoki qaysidir fabrikada yordam berishlari kerak edi, yoki shunchaki betob bo‘lib qolardi. Leonid Vladimirovich (adabiyot o‘qituvchimning ism-familiyasi shunday edi) boshqa o‘qituvchi yo‘q bo‘lganda sinfimga tez-tez kelardi, o‘qituvchi stoliga kelib o‘tirardi va portfelidan kitoblarni chiqarib, bizga nimadir o‘qib berishni taklif qilardi. Biz bilardik: u mohirlik bilan o‘qir, o‘qilgan narsani tushuntirib bera olar, biz bilan birgalikda kular, nimadandir biz bilan birga zavqlanar, yozuvchining san‘ati bilan bizni hayron qoldira olardi va kelgusi uchun quvona bilardi. Shunday qilib, biz “Urush va tinchlik”ning ko‘p joylarini, “Kapitan qizi”, Mopassanning bir nechta hikoyalari, Solovyov Budimirovich haqidagi dostonlarni, Dobrinya Nikitich haqidagi boshqa dostonlarni, Krilovning masallarini, Derjavin qasidasi va boshqa ko‘plar asarlarni eshitdik. Hozirgacha bolaligimda eshitgan o‘sha asarlarni yaxshi ko‘raman. Uyda esa dadam va onam kechalari o‘qishni yoqtirishardi. O‘zlari uchun o‘qishardi, ba‘zi yoqqan joylarini esa bizga ham o‘qib berishardi. Leskovni, “Ona Sibir”ni, tarixiy romanlarni o‘qishardi – ularga nimaiki yoqqan bo‘lsa, asta-sekin bizga ham yoqa boshladi.

“Qiziqtirilmagan”, lekin o‘qish qiziq bo‘lgan adabiyot – mana nima adabiyotni sevishga majburlaydi va insonning dunyoqarashini kengaytiradi. Faqat maktabdagi savollarga javob olish yoki hammaga ergashib modaligi uchun o‘qimang. Shoshilmasdan, qiziqish bilan o‘qishni o‘rganing.

Nima uchun kitob televizorning soyasida qolib ketadi? Ha, chunki  televizor ko‘rsatuvlarni shoshilmasdan ko‘rishga majbur qiladi, hech narsa xalaqit bermasligi uchun qulayroq o‘tirib olishni talab qiladi, g‘amlariningizni bir chetga surib, u sizga qanday tomosha qilish va nimani tomosha qilishni aytib turadi. Didingizga mos kitobni tanlang, qulayroq joylashib oling va dunyodagi barcha narsani esingizdan chiqarining. Ishoning, ko‘rsatuvlardan ko‘ra qiziqroq, muhimroq va ularsiz yashab bo‘lmaydigan kitoblar borligini anglab yetasiz. Televizor ko‘rishni to‘xtating demoqchi emasman. Lekin tanlab tomosha qiling deyapman. Vaqtingizni sarflashga arziydigan narsaga sarflang. Tanlovingizni o‘zingiz aniqlashtiring, siz tanlagan kitob klassikaga aylanishi uchun inson madaniyati tarixida qanday rol o‘ynagan. Bu esa unda arzirli nimadir borligini anglatadi. Balki, bu inson madaniyati uchun arzirli narsa bergan kitob siz uchun ham nimadir bera olar?

Klassik asarlar vaqt sinoviga bardosh bergan. Ular bilan vaqtingizni yo‘qotmaysiz. Biroq klassika hozirgi kun savollariga javob bera olmaydi. Shuning uchun zamonaviy adabiyotni ham o‘qish maqsadga muvofiq. Faqat har bir urfdagi kitobga tashlanmang. Bir shoxdan ikkinchisiga sakrayvermang. Bu odamni eng qimmat kapitali bo‘lgan vaqtni o‘ylamasdan behudaga sarflashga majbur qiladi.

Yigirma oltinchi xat

Bilim olishni organing

Biz ta’lim, bilim, kasbiy mahorat inson taqdirida hal qiluvchi rol o‘ynaydigan asrga kirmoqdamiz. Bilimlarsiz, aytish kerakki, hammasi qiyinlashib boradi, shunchaki ishlashning va boshqalarga foyda keltirishning imkoni bo‘lmay qoladi. Chunki jismoniy mehnatni mashina va robotlar zimmasiga oladi. Hattoki hisob-kitoblar va chizmalar, hisobotlar, rejalashtirish ham kompyuterlar tomonidan amalga oshiriladi. Inson esa yangi g‘oyalarni kiritadi, mashina fikrlay olmaydigan narsalar ustida bosh qotiradi. Buning uchun esa insonning ziyoliligi, yangilik yarata olishi va albatta, mashina o‘rnini bosa olmaydigan ma‘naviy ma‘suliyati  kerak bo‘ladi. Hozirgi asrda oddiy narsa bo‘lgan etika ilm-fan asrida qiyinchiliklar tug‘ilgan sohaga aylanadi. Bu tushunarli holat. Demak, inson oldida qiyin va og‘ir vazifa – shunchaki odam emas, ilm-fan odami bo‘lish turadi, mashinalar va robotlar asrida ro‘y berayotgan voqealarga ma‘naviy jihatdan javob beradigan inson. Umumiy ta‘lim kelajak odamini, ijodkor, yangilik yaratuvchi va barcha yangi yaratilgan narsalar uchun ma‘naviy ma‘suliyatni o‘z bo‘yniga oladigan insonni tarbiya qilishi mumkin.

Bilim olish – mana nima kerak yoshlarga. Har doim bilim olish darkor. Katta-katta olimlar umrining oxirigacha nafaqat o‘qitgan, balki o‘qigan ham. Bilim olishdan to‘xtading – o‘qita olmaysan ham. Chunki bilimlar o‘sib va qiyinlashib boradi. Aynan yoshlikda, bolalikda, o‘smirlik davrlarida inson zehni o‘tkir bo‘ladi. Aynan shu paytda tillarni o‘rganishga (judayam zarur bo‘lgan narsa), matematikaga, yangi bilimlarni o‘zlashtirishga va ma‘naviy jihatdan rivojlantiradigan va uni stimullaydigan estetik rivojlanishga moyillik yuqori bo‘ladi.

Vaqtni behudaga, ba‘zan eng og‘ir ishdan ham ko‘proq charchatadigan “dam olishlarga” sarflamaslikka odatlaning, ongingizni tumanli, ahmoqona, maqsadsiz “ma‘lumot” bilan to‘ldirmang. Faqat yoshligingizda orttirishingiz mumkin bo‘lgan bilim va ko‘nikmalar uchun o‘zingizni asrang.

Shu yerda yosh o‘quvchimning og‘ir xo‘rsinishini eshityapman: biz yoshlar uchun qanaqa zerikarli hayotni taklif qilyapsiz?! Faqat o‘qish. Dam olish, o‘yin-kulguchi? Endi biz xursandchilik ham qilmaylikmi?

Yo‘g‘-a. Bilim va ko‘nikmalarni orttirish – bu ham sport. Agar u bizga quvonch bermasa, bilim olish, o‘qish juda ham qiyin mashg‘ulot. Dam olish va o‘yin-kulguning, ermakning bizni nimagadir o‘rgatadigan shakllarini topish kerak. Bilim olish yoqmasachi? Bo‘lishi mumkin emas. Demak siz bolakayga, qizaloqqa quvonch keltiradigan bilimlar eshigini hali ochmagansiz.

Yosh bolakayga qarang – qanday xursandchilik bilan yurishni, gapirishni, turli mexanizmlarni chuqalashni (bolalar), qo‘g‘irchoqqa enagalik qilishni (qizlar) boshlaydi. Mana shu quvonchni yangi bilimlarni egallashda davom ettiring. Bu ko‘p jihatdan o‘zingizga bog‘liq. Bilim olishni yoqtirmayman deb ont ichmang! Maktabda o‘qitiladigan hamma fanlarni seving. Agar boshqalarga yoqqan bo‘lsa, nega sizga yoqmasin? Qimmatbaho kitoblarni o‘qing, xom asarlarni emas. Tarixni va adabiyotni o‘rganing. Bularni ziyoli odam bilishi shart. Aynan ular insonga ma‘naviy va estetik dunyoqarash beradi, dunyoni qiziqarli qiladi, malaka va quvonch hadya qiladi. Qaysidir fandan nimadir yoqmasa – unda quvonch manbaini topishga harakat qiling – yangi narsani o‘zlashtirish quvonchini.

Bilim olishni sevishni o‘rganing!