Xavfsizlik bo‘yicha ekspert Sanyam Jeyn Facebook foydalanuvchilarining telefon va ID raqamlari saqlanuvchi ma’lumotlar bazasi ochiq ekanini aniqladi, deb xabar beradi Meduza.

Foto: “Rambler”

Mazkur ma’lumotlar bazasida 419 million foydalanuvchi haqida ma’lumotlar saqlangan bo‘lib, ularning 133 millioni AQSh fuqarosi. Jeynning aytishicha, u ayrim mashhurlar haqida ham ma’lumotlarni topgan, biroq aynan kimlar ekanligiga oydinlik kiritmagan.

Baza serverga parolsiz joylashtirilgani sabab, istalgan odam undan foydalanishi mumkin. TechCrunch vakillari xosting-provayder bilan bog‘langanidan keyingina baza o‘chirib qo‘yilgan.

Facebook e’lon qilingan ma’lumotlar bazasini eski deb atadi — unda 2018-yildagi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarning telefon raqamlariga oid ma’lumotlarni yopib qo‘yganidan keyingi ma’lumotlar bo‘lishi mumkin.