Tarixda birinchi bor qora tuynukning soyasini suratga tushirib, ommaga e’lon qilgan Event Horizon Telescope loyihasi olimlari ilm-fan sohasidagi eng nufuzli Breakthrough Prize mukofotini fundamental fizika yo‘nalishida qo‘lga kiritdi, deb xabar beradi “RIA Novosti”.

Foto: Max planck institute for radio astronomy

Event Horizon Telescope loyihasi 2017-yilning aprelidan buyon M87 galaktikasi markazini kuzatib kelayotgan radioteleskoplar tarmog‘i orqali olingan massiv qora tuynukning soyasi tasvirlangan birinchi suratni e’lon qilgandi.

“Doulman Garvard-Smitson astrofizika markazi qoshidagi mazkur loyiha rahbari Shep Doulman butun jamoa nomidan mukofotni qabul qilib oldi”, — deyiladi xabarda.

Qiymati 3 million dollar bo‘lgan pul mukofoti loyihaning 347 nafar ishtirokchisi o‘rtasida teng taqsimlanadi.

Event Horizon Telescope loyihasi dunyoning turli nuqtalaridagi bir nechta radioteleskoplarni o‘zida birlashtiradi. 2017-yilda tarmoq sakkizta apparatdan iborat edi va sekin-asta ularning soni ko‘payib bormoqda.

Breakthrough Prize mukofoti 2013-yili Google kompaniyasi asoschisi Sergey Brin, Facebook asoschisi va direktori Mark Sukerberg, Alibaba direktorlar kengashi raisi Jek Ma hamda Digital Sky Technologies va Mail.ru egasi Yuriy Milner tomonidan joriy etilgan.