Kiberxavfsizlik bo‘yicha tadqiqotchilar Joker nomli yangi xavfli troyanni aniqladi, deb xabar beradi BleepingComputer.

Foto: BleepingComputer

Joker troyani Google Play do‘konidagi 24 ta dasturda aniqlangan bo‘lib, foydalanuvchilar tomonidan 472 ming marotaba ko‘chirib olingan.

Troyan gadjetlarga zararlangan dasturiy ta’minotni yuklash uchun mo‘ljallangan. U o‘z qurbonining qurilmasidagi ma’lumotlarni yig‘adi, telefon raqamlari va matnli xabarlardan nusxa ko‘chiradi. Olingan ma’lumotlar shifrlangan holda jinoyatchilarning serveriga yuboriladi.

Shuningdek, mexanizm kliker funksiyasini (foydalanuvchiga reklama saytlari bilan ishlayotgandek tasavvur uyg‘otadi) hosil qiladi va yuzerning SMS kodlaridan foydalanib premium-servislarga “obuna” qilib qo‘yadi.

Zararli dastur faqatgina ayrim davlatlarning foydalanuvchilariga mo‘ljallangan bo‘lib, hujum bo‘yicha AQSh, Avstraliya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya va Hindistondan bo‘lgan foydalanuvchilar shikoyat qilgan.

Google hozirda zararlangan barcha dasturlarni o‘zining rasmiy do‘konidan o‘chirib tashlagan.