7-sentabr kuni Rossiya va Ukraina o‘zaro mahbuslarni almashdi. Shu kuni soat 09:30 da Moskvadagi “Lefotovo” qamoqxonasidan ukrainalik mahbuslar tushgan ikki yo‘lovchi avtobusi Vnukovo aeroportiga yo‘l oldi.

Foto: RIA

Shu daqiqalarning o‘zida aeroportda Ukraina prezidenti aviaotryadiga mansubligi taxmin qilingan An-148 samolyoti qo‘ndi. Havo kemasi Kiyevdagi Borispol aeroportidan rossiyalik mahbuslar bilan parvoz qilgandi.

Soat 10:30 atrofida Borispol aeroportiga “Rossiya” maxsus otryadining Tu-204 samolyoti kelib qo‘ndi. Laynerlar mahbuslarni olib, vataniga uchib ketdi.

Almashuv “35 ga 35” sxemasi asosida kechgani aytilmoqda. Rossiya tomoni Kerch bo‘g‘ozida qo‘lga olingan 24 nafar ukrainalik dengizchi, shuningdek, terrorizmda ayblanib, 20 yil qamoq jazosiga hukm qilingan Oleg Sensovni ozod qiladi.

Ukraina tomoni ozod qiladiganlar orasida jurnalist Kirill Vishinskiy va Malayziyaning Boeing samolyoti halokatga uchrashi ishi bo‘yicha asosiy guvoh sanalgan Vladimir Semax bor.