Prezident Donald Tramp boshchiligidagi AQSh administratsiyasining tashqi savdo siyosatidagi noaniqlik Xitoy bilan sodir bo‘layotgan savdo urushida ko‘zga tashlanib, jahon iqtisodiyotida katta yo‘qotishlarga olib kelmoqda, deb xabar beradi Reuters.

Foto: Reuters

2020-yilning boshida yetkaziladigan zarar jahon YIMning bir foizini tashkil etishi mumkin.

Hozirgi kunda jahon YIM 85 trillion dollarni tashkil etadi va uning 20 trillioni AQSh hisobiga to‘g‘ri keladi. Shu sabab Trampning harakatlari oqibatida AQSh 200 milliard dollar yo‘qotishi, butun dunyo esa 850 milliard dollardan ayrilishi mumkin.

AQSh Federal rezerv tizimi ekspertlari OAVda e’lon qilingan so‘nggi xabarlarni tahlil qilib, so‘nggi marta bu kabi noaniqlik 1970-yillarda sodir bo‘lganini aniqladi. Kelajakka bo‘lgan ishonchning yo‘qligi ishlab chiqaruvchilarning ish sur’atini pasayishiga, sarmoyadorlarning esa o‘z mablag‘larini tavakkal qilmasligiga olib keladi.

Tahlilchilarning fikricha, vaziyatning bu kabi tus olishiga, asosan, Trampning kutilmagan harakatlari sabab bo‘lgan. U o‘z qarorlarini hech kim bilan maslahatlashmasdan, hissiyotlarga berilib qabul qiladi. Masalan, Xitoy import mahsulotlariga nisbatan 300 milliard dollar miqdorida boj joriy etilganida sodir bo‘ldi. Pekin Amerika importiga nisbatan o‘zining 75 milliard dollarlik cheklov choralarini e’lon qildi. AQSh esa kelajakda boj solig‘ini o‘ndan 15 foizga ko‘tarishini bildirdi. Manbalarning ta’kidlashicha, Trampni bojlarni oshirmaslikka arang ko‘ndirishgan.