O‘zbekiston IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi tomonidan to‘y kortejlari va boshqa transport vositalarining guruh bo‘lib harakatlanishiga nisbatan qanday jazo choralari nazarda tutilganini eslatib o‘tdi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 129-moddasiga asosan mototsikllar va boshqa transport vositalari haydovchilarining yo‘llarda yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soluvchi yoki avariya holatini keltirib chiqaruvchi guruh bo‘lib harakat qilishda qatnashishi bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. Hozirgi kunda bu miqdor 669 ming so‘mni tashkil qiladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari (1 115 000 so‘m) miqdorida jarima solishga yoki transport vositasini boshqarish huquqidan olti oydan bir yilgacha muddatga mahrum etishga sabab bo‘ladi.

Transport vositasi harakatlanayotgan vaqtda yo‘lovchi tana qismlarini (qo‘ldan tashqari) salondan chiqarishi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 138-moddasi 4-qismiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari (223 000 so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Transport vositasi harakatlanayotgan vaqtda yo‘lovchi tana qismlarini (qo‘ldan tashqari) salondan chiqarishi, mazkur transport vositasi haydovchisiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-moddasiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari (2 230 000 so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari (4 460 000 so‘m) miqdorida jarima solishga yoki transport vositasini boshqarish huquqidan bir yil muddatga mahrum etishga sabab bo‘ladi.

“Ortiqcha dabdabavozlik bilan farzandingizga baxt qasrini qurib berolmaysiz. Ko‘chalarni to‘ldirib, harakatga xalal berayotgan yoshlarni tartibga chaqiring. Chunki bu illatlarni faqatgina jazolash bilan yo‘qotib bo‘lmaydi. Kattalar tartibli bo‘lsa, kichiklar ibrat oladi. Sizning ibratingiz — nasihat, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish, yoshlarni nazorat qilish”, — deyiladi IIV YHXBB bayonotida.