Pentagon rahbari Mark Esper Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning Rossiyani Yevropadan uzoqlashtirmaslik haqidagi so‘zlariga izoh berar ekan, Moskvaga jahon sahnasida o‘z xatti-harakatlarini o‘zgartirishni tavsiya qildi, deb yozadi “Kommersant.ru”.

Foto: “RIA Novosti”

“Rossiya o‘zini AQSh, Fransiya va bizning NATO bo‘yicha boshqa ittifoqdoshlarimiz baham ko‘radigan g‘arb qadriyatlariga sherik bo‘ladigan normal mamlakat kabi tutsa yaxshi bo‘lardi”, — deydi Mark Esper Parijda o‘tgan matbuot anjumanida.

Esperning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya AQSh o‘rnatgan tartiblarga rioya qilishi kerak.

“Bu oldinga qarab harakatlanishning eng yaxshi usuli”, — deydi Pentagon rahbari.

19-avgust kuni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Vladimir Putin bilan uchrashgan edi. Muzokaralar chog‘ida Makron Rossiyaning “haqiqiy Yevropa mamlakatidir” ekanligiga hamda “Lissabondan Vladivostokkacha” Yevropaga ishonishini aytgan edi.