Vladimir Putin Rossiya va Qozog‘iston Boyqo‘ng‘irda hamkorlikda qurayotgan “Boyterak” kosmik raketa kompleksiga mazkur mamlakatning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev nomini berishni taklif qildi.

Foto: “RIA Novosti”

Rossiya prezidenti Moskvadagi VDNX ko‘rgazmasida qayta ta’mirlangan “Qozog‘iston” pavilyonini ko‘zdan kechirish chog‘ida Nazarboyevdan nega kompleks bunday atalishini so‘ragan. Nazarboyev “Boyterak” hayot daraxti ma’nosini anglatishini tushuntirdi va bu bilan bog‘liq qozoq afsonasini aytib bergan.

“Keling, ‘Nursulton’ deb ataymiz. Axir bu loyiha tashabbuskori siz bo‘lgansiz”, — deya taklif kiritdi Rossiya prezidenti.

Nazarboyev o‘z variantini taklif qildi: “Nursulton” bo‘lmaydi, boshqacharoq nomlash kerak. ‘Nazarboyev’ atay qolinglar”, — dedi Qozog‘istonning sobiq prezidenti.

“Yaxshi, kelishdik”, — deya kulib javob bergan Putin.