Ijtimoiy tarmoqlarda Prezidentga yo‘llangan “Farg‘ona chegara postida otib o‘ldirilgan marhum askar otasining murojaati” videolavhasi tarqaldi. Unda Farg‘ona viloyati, Quvasoy shahridagi Qirg‘iziston chegarasida tungi qorovullikda bo‘lgan buxorolik oddiy askar Bobur Mirzayevning halok bo‘lgani xususida so‘z borgan.

Boburning otasi Sobir Mirzayev “Daryo”ga Farg‘ona harbiy prokuraturasi tomonidan o‘g‘lining o‘limi “o‘z joniga suiqasd” deb rasmiylashtirilayotganidan noroziligi va bunga ishonmasligini ma’lum qildi.

Marhum haqida ma’lumot: Bobur Mirzayev 1999-yilda Buxoro shahrida tug‘ilgan. 2018-yilda Buxoro shahridagi 1-sonli akademik litseyni tugatgach, Milliy gvardiya institutiga hujjat topshirgan va yetarli ball to‘play olmagan. Shundan so‘ng harbiy xizmatni o‘tashni ma’qul ko‘rgan. 6-mart kuni Buxoro shahar mudofaa bo‘limi tomonidan harbiy xizmatga chaqirilgan. Harbiy xizmat qasamyodini qabul qilgunga qadar Farg‘ona viloyati, Vodil tumanida joylashgan DXX chegara qo‘shinlarining 9229-harbiy qismida o‘tagan. So‘ng Quvasoy shahridagi 9229-harbiy qismning 9-sonli chegara postiga ko‘chirilgan.

Foto: Mirzayevlar oilasi arxivi

9-iyul kuni Buxoro shahar Mudofaa bo‘limidan Sobir Mirzayevga o‘g‘lining o‘z avtomatini o‘qlab turgan vaqtida otilib ketgani va halok bo‘lgani haqidagi noxush xabar yetkazilgan.

10-iyul kuni soat 10:00 da askarning jasadi tobutda keltirilgan. Buxoro shahar Mudofaa ishlari bo‘limi vakillari Bobur Mirzayev o‘zini otib qo‘yganini va uning o‘limi bilan bog‘liq boshqa sabablardan xabardor emasliklarini bildirishgan. Shu kuni soat 13:00 da jasad tuproqqa qo‘yilgan.

Foto: Mirzayevlar oilasi arxivi

“Daryo”ga murojaat qilgan Sobir Mirzayev o‘g‘lining sirli o‘limi yuzasidan o‘tkazilgan surishtiruv-tergov ishlari yakunlangani, tekshiruv natijalari va xulosa hujjatlaridan mutlaqo qanoatlanmaganini bildirdi.

— O‘zim ekspert-vrachman. “O‘z avtomatini o‘qlab turganda bexosdan otilib ketgan” degan iddaoga ishonmayman. Agar o‘q yaqindan otilgan bo‘lsa, qorin atrofini jarohatlab, kuyishni vujudga keltiradi. O‘g‘limning jasadini ko‘rdim. U yaqindan emas, uzoqdan otilgan. Qoringa kirishda kichik iz qoldirgan va bel sohasidan chiqib ketgan. Avtomatdan 1 dona emas, 5 dona, shundan 1 dona paxtavon, 4 dona jangovar o‘q uzilgan. Ko‘p qon yo‘qotgan va o‘lim yuz bergan. Sud-tibbiy ekspertizada ko‘rsatilganidek, birinchi o‘q tirab otilgan bo‘lsa, keyingisini o‘qlashda o‘zida kuch topa oladimi? Ikkinchi o‘q biroz uzoq masofadan otilgan. Xo‘sh, qolgan o‘qlar qanday otilgan? Ballistika to‘liq o‘tkazilmagan.

Holat harbiy qism yonidagi sement zavodi kamerasiga tushib qolgan. Texnika asri davrida sodir bo‘lgan holatni kattalashtirib ko‘rsatishning iloji yo‘q, deya vaj ko‘rsatishdi. Tergovchi yelka qisib, “bu jumboq” deyishdan nariga o‘tmaydi. O‘zbekiston harbiy prokuraturasi o‘z joniga suiqasd qilingan, degan xulosa berib turibdi. Bu noto‘g‘ri, men ishonmayman. Jasadini ko‘rganimda ikki bilagida kuch ishlatilgan dog‘ izlari bor edi. Ekspertizada esa buyam ko‘rsatilmagan, — dedi Sobir Mirzayev.

8-avgust kuni Harbiy prokuratura podpolkovnigi Bahrom Jalolxo‘jayev Sobir Mirzayevga o‘g‘lining o‘limi yuzasidan tergov ishlari tugatilganini ma’lum qilgan.

9-avgust kuni Respublika harbiy prokraturasi tomonidan Sobir Mirzayevga xat kelgan. Unda: “O‘g‘lingiz, 9229-harbiy qism oddiy askari Bobur Mirzayev, 2019- yil 9-iyul kuni chegara naryadini o‘tash vaqtida soat 12:10 larda o‘ziga biriktirilgan “AKM” rusumli o‘qotar quroldan o‘zining qorin sohasiga 1 dona 7,62 mm.li paxtavon va 4 dona 7,62 mm.li jangovar o‘q uzib, o‘z joniga qasd qilgan. O‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida Bobur Mirzayevga nisbatan harbiy xizmatchilar tomonidan o‘zini-o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish bilan bog‘liq, ya’ni unga rahmsiz muomala qilish yoki harakatlar sodir etilmaganligi, uning hayotiga biror-bir shaxs tomonidan tajovuz qilinmaganligini inobatga olib, uning o‘z joniga qasd qilib, vafot etganligi holatida biror-bir shaxs harakatida O‘zRJKning 103-moddasi va boshqa moddalarida ko‘rsatilgan jinoyatlar tarkibi bo‘lmaganligi sababli, 2019-yil 7-avgust kuni holat yuzasidan O‘zRJPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi”, — deya bayon qilingan.

Farg‘ona viloyati harbiy prokurori, podpolkovnik Sherzod Saidov tomonidan esa Sobir Mirzayevga sodir etilgan holat yuzasidan Farg‘onaga kelishi foydasizligi bildirilgan.

— O‘g‘lim 9-sonli chegara postida turgan vaqtida soat 12:10 larda otishma bo‘lgan. Hayal o‘tmay, uning qo‘lidagi ratsiyasiga chiqishgan. Javob bermagach, o‘g‘limni 20 daqiqalarcha qidirishgan. Avvaliga qirg‘izlar otib, o‘zi bilan olib ketgan, degan o‘yga ham borishganini yashirishmadi. Keyin Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegarasi yaqinidagi chuqurlikdan, ya’ni okopdan o‘g‘limning jasadi topilgan. Okop yuqorisidan qon izlari, atrofdan esa gilzalar topilgan. Adolat qaror topib, aybdor javobgarlikka tortilishi kerak. Yo‘qsa, odamlar farzandlarini harbiy xizmatga bermay qo‘yishadi, — deydi Sobir Mirzayev.

Foto: Mirzayevlar oilasi arxivi

“Haqiqat maskani” advokatlik byurosi advokati Amrillo Ahmedov ish hujjatlari bilan tanishgandan so‘ng Bobur Mirzayevning aynan o‘z joniga qasd qilmagani, balki otib o‘ldirilgani haqidagi xulosaga kelganini aytadi. Uning bildirishicha, Respublika harbiy prokuraturasi 15-bo‘lim boshlig‘i Qobil Annaboyev “Harbiy sir, material Farg‘onaga jo‘natiladi, o‘sha yerga qatnab o‘rganasizlar, ular nima desa shu!” degan po‘pisa bilan ishga oid hech qanday hujjat taqdim etmagan. Iltimosnomalar qabul qilinmagan.

— Boburning o‘limida “O‘z joniga suiqasd” degan vaj ko‘rsatilyapti. Noto‘g‘ri. Bir o‘q qorindan kirib, narigi tomondan chiqib ketgan. Yonida 4 dona gilza turibdi, ular qayerdan paydo bo‘layapti? Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, 4 ta gilza ham bitta avtomatdan otilgan. Bu mutlaqo mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Voqea joyini ko‘zdan kechirish holati, shuningdek, bayonnoma sifatsiz tuzilgan, tergov ham yuzaki o‘tkazilgan. Xulosada qon izlari aynan qayerdan topilgani ko‘rsatilmagan. Jasad okopdan topilgan ekan, voqea joyi chizmalanib, eksperiment qilinishi shart edi. Afsuski, bu ham bajarilmagan.

Achinarlisi, avtomatda hech qanday barmoq izlari yo‘q, bu esa o‘z-o‘zidan barmoq izlari o‘chirib yuborilganini anglatadi. Quyosh izlarni yo‘qotgan, degan ko‘rsatma berilgan. Quyosh nurida izlar yo‘qolishi mumkin emas, tog‘ orti quyosh nurlari esa deyarli ta’sir o‘tkazmaydi. Soat 12:10 da holat sodir bo‘lgan bo‘lsa, bir soat ichida izlar yo‘qolmaydi. Askar o‘zini o‘zi otgan bo‘lsa, qani barmoq izlari? Holatni qaytadan o‘rganish va qo‘shimcha tergov o‘tkazish uchun xat va iltimosnomalar kiritdik. Nihoyat, og‘ir urinishlardan so‘ng 20-avgustda jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish bo‘yicha Farg‘ona viloyat prokuraturasi tergovchisining qarori bekor qilindi,— deydi A. Ahmedov.

Sobir Mirzayev va uning advokatiga marhum o‘g‘li bilan bir safda xizmat qilgan askarlar bilan suhbatlashish imkoni berilgan. Ular bilan suhbatda askarlar “Bizga Bobur Mirzayev o‘zini otgan, deb aytildi, ammo biz bunga umuman ishonmaymiz” deyishgan. Manbaga ko‘ra, shu kuni navbatda turgan askarlardan biri bitta, ikkinchisi ikkita avtomat o‘qining ovozini eshitganini aytgan. Aslida askar tanasidan beshta o‘q topilgan.

— Respublika harbiy prokuraturasiga Bobur Mirzayevning otasi va uning himoyachisi bir necha marotaba kelgan hamda ular rahbariyat tomonidan qabul qilingan. Qabul jarayonida barcha vajlari tekshirib ko‘rilishi aytilgan. Hozirgi vaqtda Farg‘ona harbiy prokuraturasi tomonidan qo‘shimcha tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergovga qadar tekshiruv hujjatlari bo‘yicha menda hozir aniq ma’lumotlar yo‘q. Bu bo‘yicha Farg‘ona harbiy prokuraturasi tomonidan ish olib borilyapti, — dedi “Daryo” muxbiriga Respublika Harbiy prokuraturasi matbuot xizmati vakili Shohruh Muhammadjonov.