Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-sentabr kuni Toshkentdagi Prezident maktabiga tashrif buyurdi, deya xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari matbuot xizmatining qayd etishicha, “Prezident maktablari yangi avlod kadrlarini tarbiyalashda muhim asos bo‘lishi shubhasiz”. “Chunki bu o‘quv maskanlari iqtidorli bolalarni aniqlash, ilg‘or texnologiyalarni qo‘llagan holda ularga saboq berish va tarbiyalash bo‘yicha yaxlit tizim bo‘ladi. Ta’lim jarayoni rivojlangan davlatlar tajribasi asosida ishlab chiqilgan o‘quv rejalari va dasturlari bo‘yicha ingliz tilida olib boriladi”, — deyiladi rasmiy axborotida.

Toshkentda 168 o‘ringa mo‘ljallangan maktab binosi va yotoqxona, 15 o‘rinli o‘qituvchilar mehmonxonasi qurilgan. 2019-yilda maktabning 5—10-sinflari uchun hujjat topshirgan 7 mingga yaqin o‘quvchidan 144 nafari o‘qishga qabul qilingan. Kanadaning Teachaway va Buyuk Britaniyaning TIC Recruitment rekruting kompaniyalari bilan hamkorlikda maktabga 30 nafar chet ellik mutaxassis tanlab olingan. Shuningdek, 72 nafar tajribali va malakali mahalliy o‘qituvchi ham jalb qilingan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Tashrif davomida Shavkat Mirziyoyev maktabda yaratilgan sharoitlar bilan tanishgan, o‘quvchilar bilan suhbatlashgan.

Bu hayotingizdagi birinchi sinov bo‘ldi. Mehnat, bilim, adolat nima ekanini ko‘rdingiz. Sizlarni shunday nufuzli maktabga munosib bo‘lganingiz bilan chin yuragimdan tabriklayman. Siz endi O‘zbekistonning “oltin fondi”sizlar.

Xalqning, mamlakatning buyukligini tarannum etadigan narsalar ko‘p. Lekin eng afzali bilim bilan namoyon etish. Yoshlarimiz orasidan Xorazmiylar, Ibn Sinolar, Ulug‘beklar chiqishiga barcha asoslarimiz bor. Bugun tarixiy kun.

Ilgari yurtimizda bunday sharoit bo‘lmagan. Endi chet eldan nufuzli mehmonlar kelsa, katta-katta zavodlarni emas, Prezident maktablarini ko‘rsatamiz. Sizlar bilimingiz, yurish-turishingiz, vatanparvarligingiz bilan hamma yoshlarga namuna bo‘lishingiz kerak. Kelgusida O‘zbekiston taraqqiyotiga ta’sir ko‘rsatadigan kuch bo‘lasizlar.

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Prezidenti

Maktab o‘quvchilari zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirish bilan birga milliy o‘zlikni chuqur anglashi, mamlakat tarixi va ona tilini mukammal bilishi shartligi ta’kidlangan. O‘quvchilarning ota-onalari va ilm-fan namoyandalari bilan uchrashuvda O‘zbekistonda uchinchi Renessans davri boshlanayotgani ta’kidlangan.

Shavkat Mirziyoyev Prezident maktabining faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozib qoldirgan, maktabning ilk o‘quvchi va o‘qituvchilari bilan suratga tushgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ma’lumot uchun, Prezident maktablari 2019-yilda Nukus, Xiva va Namangan shaharlarida ham ochiladi. 2020-yilda Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida, 2021-yilda Andijon, Navoiy, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida qurilishi rejalashtirilgan.