11-sentabr, chorshanba kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mamlakatga amaliy tashrif bilan kelgan Gruziya tashqi ishlar vaziri David Zalkaliani bilan uchrashdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: TIV matbuot xizmati

Uchrashuv avvalida tashqi siyosat idoralari rahbarlari ikki mamlakat tarixidagi muhim sana — O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan bir-birlarini tabrikladi.

Muloqot chog‘ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport-kommunikatsiya, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlash va rivojlantirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanligi ta’kidlandi.

Vazirlar ikki tomonlama hamkorlik institutlari faoliyatini va turli shakllardagi aloqalarni faollashtirish zarurligini qayd etdi. Ta’kidlanganidek, qabul qilingan kompleks chora-tadbirlar va ishbilarmon doiralarning tashabbuslari bilan joriy yilning 7 oyida tashqi savdo aylanmasi 2018-yilning shu davriga nisbatan 80 foizdan ko‘proq o‘sishga erishildi.

16-iyulda boshlangan Tashkent va Tbilisi o‘rtasidagi aviaqatnovlar ikki mamlakat tadbirkorlari uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish va turizm sohasida hamkorlikni kengaytirishga yangi imkoniyatlar ochadi hamda ilmiy-texnik va madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirishga imkon beradi.

Uchrashuvda dolzarb xalqaro masalalar, jumladan, BMT va boshqa tashkilotlar doirasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashildi.

Muzokaralarda Gruziya elchisi Zurab Abdushelishvili ham ishtirok etdi.