Bagama orolida yashovchi Adrian Farrington “Dorian” to‘foni vaqtida 5 yoshli o‘g‘lini yo‘qotdi, deb yozmoqda Tengrinews.

Foto: Twitter

Ma’lum bo‘lishicha, o‘sha vaqtda suvda qolgan ota-bola bor kuchini ishga solib, halokatdan qutulish yo‘lini qidirgan. Bir payt Adrian suvda akulalar yurganini ko‘rgan. Yirtqichlar kuchli toshqin orqali kelib qolgandi. U o‘g‘lini qutqarish maqsadida yaqin atrofdagi tomga o‘tqazgan va tinchlantirishga uringan.

Adrianning o‘zi tomga chiqib olguncha kuchli shamol oqibatida baland to‘lqin ko‘tarilib, ularning vaqtinchalik boshpanasini yuvib ketgan. Tomda turgan bola ham otasining dahshatdan qotgan ko‘z o‘ngida suvga g‘arq bo‘lgan. “Uning menga talpinib “dadajon” deb qichqirgani haliyam esimda”, — deya ko‘zda yosh bilan eslaydi Farrington.

U o‘g‘lini topish ilinjida bir necha marta suvga sho‘ng‘igan, lekin topa olmagan. Uylar vayronalari orasida bola ham, uning kiyimlari parchasi ham topilmagan. “Uning yordam so‘rab qichqirgani hamon quloqlarim ostida, oqim uni tomdan oqizib ketgani ko‘z oldimdan ketmayapti”, deydi u.

Adrian o‘g‘liga yordam berayotganida oyog‘ini sindirib olgan. Bundan imkoniyat kamligini tan olsa-da, o‘g‘lining topilishidan umid uzmayapti. Uning aytishicha, loyqa suvda akulalar ko‘p edi, oqim ham kuchli bo‘lgan. Shu sababli bola faqat mo‘jiza tufayligina omon qolgan bo‘lishi mumkin.

Erkakning so‘zlariga ko‘ra, yarim soatdan kam vaqt ichida uning ko‘z o‘ngida 10—15 nafar odam halok bo‘lgan. U faqat devorlari-yu tomi qolgan cherkovga yetib borgan. Cherkov ichidagi odamlar har gal kuchli shamol turganda binodagi konstruksiyani mahkam ushlab olishga harakat qilgan. Keyin esa ko‘z ochib yumguncha cherkovning tomi va devorlari ular ustiga qulagan.

Farrington, shuningdek, erkakning huddi tuzoqqa tushgandek uyida qamalib qolgan oilasini qutqarish uchun uy eshigini ochishga uringani, uy ichidagi bolalar yig‘isini eshitgan. So‘ng urinishlari samara bermagan ota ham yig‘laganini ko‘rgan.

Erkak o‘ziga boshpana qidirmagan, qutulishga harakat ham qilmagan. Shunchaki tabiiy ofatga qo‘l siltab, taslim bo‘lgan. U to‘fondan keyin tirik qolgan qarindoshlarini izlayotgan mahalliy aholi tomonidan qutqarilgan.

Eslatib o‘tamiz, “Dorian” tropik to‘foni 26-avgust kuni Atlantika okeanidagi Barbados orolida paydo bo‘lib, uch kundan so‘ng Bagam orollariga yopirilgan. To‘fon Katta Bagam va Abako orollaridagi jami 13 mingga yaqin uyni to‘liq vayron qilgan. Bo‘ron markazida shamol tezligi salkam 300 km/soatni tashkil etgan. Bagam orollarida “Dorian” to‘foni oqibatida halok bo‘lganlar soni 43 kishiga yetdi, yana bir necha yuzlab odamlar bedarak yo‘qolgan deb topilmoqda.