O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Hayitov 10-sentabr kuni jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda go‘sht narxi oshishiga sabab bo‘layotgan omillar haqida to‘xtalib o‘tgan edi. Uning fikrlari ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan asosan kinoya va kulgi bilan kutib olingan bo‘lsa-da, Hayitovning fikrlari asosli ekanini ta’kidlaganlar ham bor. Quyida — ulardan biri.

Go‘sht haqida

Kecha go‘sht narxi oshib borayotgani sabablari haqida to‘xtalib, taniqli chinovniklardan biri ikki asosiy omil borasida aytib o‘tibdi. Oziqa masalasi va ko‘p go‘sht yeyayotganimiz.

Oziqa masalasida chinovnik haq — chorva mollari soniga nisbatan oziqa infratuzilmasi ortda qolmoqda. Yaylovlar, yem-hashak yetishtirish uchun dala maydonlari yetarli emas. Sanoat darajasida oziqa yetishtirish esa 90-yillar darajasida qolib ketgan.

Afsuski, ikkinchi masalada ham chinovnik haq, biz rostand ham ko‘p go‘sht yeyapmiz, och-nahorlik yoqasidagi 90- yillar bilan solishtirganda, albatta. O‘zbekiston barcha o‘lchov va indekslar bo‘yicha juda kam go‘sht yeydigan mamlakatlar qatoridan chiqib, kam go‘sht yeydigan mamlakatlar qatoriga yaqindagina qo‘shildi. Menimcha, chinovnik shuni aytmoqchi bo‘lgan, lekin so‘z, tajriba va axborot boyligi yetmagan.

Kechagi matbuot anjumanida yana bir haqiqat aytilishini kutgandim. U ham bo‘lsa, go‘sht qimmatlashishda davom etayotgani sabablaridan biri — bu uning O‘zbekistonda ishlab chiqarish usulining o‘rta asrlar darajasida qolib ketayotganligidir. Rasmiy statistikaga ko‘ra, 90 foizdan ortiq go‘sht shaxsiy va yordamchi xo‘jaliklarda yetishtiriladi. Ya’ni, ibtidoiy natural xo‘jalik muhitida. Bu muhitda go‘sht tannarxi arzonlashmaydi, mehnat va vaqt sarfi o‘ta yuqoriligida bu imkonsiz, go‘sht faqat qimmatlashadi. Shu sababli go‘sht narxi muvozanatlashishi yo‘lidagi ilk qadam — natural ishlab chiqarishdan sanoat ishlab chiqarishga o‘tish bo‘lishi lozim.

Darvoqe, tovuq go‘shti borasida 1990-yillar va 2000-yillardagi ahvolni eslang. O‘shanda yechim har bir xo‘jalikda tovuq boqish bilan emas, yirik parrandachilik komplekslarini yaratish orqali ko‘rilgan va bu to‘g‘ri bo‘lganini bugun parranda go‘shti taklifidagi xilma-xillik va hamyonboplikdan ko‘rish mumkin.

Va albatta go‘sht narxi oshishi yaxshi signal, qilgan xatolarni o‘nglash va endi nima qilishimiz lozimligi borasidagi signal. Faqat bu signalni to‘g‘ri anglay olishimiz lozim.

Telegram’dagi @bakiroo kanali