O‘zbekistonliklar juda ham ko‘p elektr energiyasi iste’mol qilmoqda. Bu fikr 11-sentabr kuni jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda Energetika vazirligi tizimidagi jamiyat bosh boshqarmasi boshlig‘i Abdurashid Mirzayev tomonidan bildirilgan, deya xabar bermoqda “Kun.uz”.

Abdurashid Mirzayev.
Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

“Men bir qo‘shimcha qilmoqchiman. Odamlarda tejash degan narsa yo‘q. Iste’molchi o‘zi bilishi kerak qancha ishlatishini. Xohlagan narsasini ulab olaversa, kabel ko‘tarmay kuyib ketsa. Buning zarari bozorgayam tushadi, yangi transformator o‘rnatishi kerak bo‘lgan tashkilotga ham... Butun dunyodagi eng rivojlangan davlatlardan ham ko‘proq elektr energiyasi iste’mol qilarkanmiz. Juda ko‘p iste’mol qilamiz. Nafaqat aholi, tashkilotlar ham. Shu tufayli tejamkorlik madaniyatini shakllantirishimiz kerak”, — deb aytgan Mirzayev.

Mutasaddidan aynan qaysi davlatlar bilan solishtirilgani va buning aniq raqamlardagi ifodasi haqida so‘ralganida aniq raqamlar keltirilmagan. “Hududiy elektr tarmoqlari” kompaniyasi mutaxassisi Dilshod Yusufaliyev esa bu masalada shunday qo‘shimcha qilgan: “Boshqa davlatlar bilan solishtiriluvchi aniq raqamlarga kelsak, bunday ma’lumotlarni ayni paytda keltira olmaymiz. Ammo shunisi aniqki, elektr energiyasi bizda qo‘shni davlatlarga nisbatan arzon. Bu boradagi Prezident qarorida mazkur masala alohida va batafsil ko‘rsatib o‘tilgan”.

Eslatib o‘tamiz, jurnalistlar bilan 10-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda Fermerlar kengashi raisi Aktam Hayitov o‘zbekistonliklar juda ko‘p go‘sht iste’mol qilayotganini, bu esa o‘z navbatida go‘sht narxining oshishiga sabablardan biri ekanini ta’kidlagan edi.