9-sentabr kuni KXDR vakillari AQSh bilan yadroviy qurolsizlanish bo‘yicha muzokaralarni qayta tiklashga tayyor ekanligini ma’lum qildi, deb xabar beradi “Kommersant”.

Foto: AP

KXDR tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Chxve Son Xi o‘z mamlakati AQShning muzokaralar borasidagi doimiy taklifiga shu orqali e’tibor qaratganini ta’kidladi.

“AQSh muzokaralarga AQSh va KXDR manfaatlari uchun xizmat qiladigan muqobil takliflar bilan kelishiga ishongimiz keladi”, — deydi diplomat.

Avvalroq, AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo Koreya yarimorolini denuklearizatsiyasiga oid muzokaralarni qayta tiklanishiga umid bildirgan edi.

“Biz Kim Chen In denuklearizatsiya jarayonini amalga oshirishga sodiq qolishda davom etayotganini bilamiz. Yaqin kunlar yoki haftalar ichida muzokaralar stoliga qayta o‘tirishimizga umid qilaman”, — deydi Pompeo.

AQSh prezidenti shu vaqtgacha KXDR yetakchisi Kim Chen In bilan ikki marotaba uchrashdi. Ularning ikkinchi sammiti iyul oyida, Janubiy va Shimoliy Koreya chegarasidagi qurolsizlangan hududda bo‘lib o‘tgandi.