“O‘zbekiston 24” telekanali orqali 13-sentabr, juma kuni soat 20:20 da O‘zbekiston tarixida ilk bor amalga oshirilgan “Mehr” nomli tashqi insonparvarlik operatsiyasi tafsilotlariga bag‘ishlangan hujjatli film efirga uzatiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga binoan Ramazon oyida — 2019-yil 30-may kuni 156 nafar o‘zbekistonlik maxsus reys bilan Suriyadan Toshkentga olib kelingan edi; ularning 107 nafari bolalar, 48 nafari ayollar edi.

Keyinchalik 142 kishi, jumladan, 47 nafar onaga eng kam oylik ish haqining 10 barobari va 95 nafar bolaga 5 barobari miqdorida moddiy yordam ko‘rsatilgani, uch nafar yetim bola Mehribonlik uyiga, yana uch nafari esa “Kichkintoy” bolalar uyiga joylashtirilgani ma’lum bo‘ldi.

Suriyadan qaytganlar 12-iyun kuni yashash joylariga yuborilgan edi. Ularning tinch hayotga qaytib, jamiyatga moslashishlari, ta’lim va ijtimoiy dasturlarda ishtirok etishlari uchun zarur sharoit yaratilib, boshpana va ish bilan ta’minlanishi aytilgan edi.

“Mehr” operatsiyasiga bag‘ishlangan hujjatli filmda jarayon ortida kimlar turgani, Prezident ushbu operatsiyani ishlab chiqishga qachon buyruq bergani haqida hikoya qilinadi, televideniyeda ilk bor “Al-Hol” maskanida olingan tezkor tasvirlar ko‘rsatiladi, operatsiyani o‘tkazgan maxsus guruh rahbarining intervyusi havola qilinadi.